Qizg‘in taraddud ko‘rilmoqda
Toshkent viloyatining dehqon bozorlari va savdo majmualarida ham bayramoldi qishloq xo‘jalik va oziq-ovqat mahsulotlari yarmarkalari o‘tkazilmoqda.
Toshkent viloyatining dehqon bozorlari va savdo majmualarida ham bayramoldi qishloq xo‘jalik va oziq-ovqat mahsulotlari yarmarkalari o‘tkazilmoqda.Aholi dasturxoni to‘kinligini ta’minlash, bozorda narx barqarorligini saqlash maqsadida tashkil etilgan an’anaviy yarmarkaga viloyatdagi ta’minotchi korxonalar, agrofirma va fermer xo‘jaliklari, parrandachilik fabrikalari biriktirilgan. Ularga har bir savdo nuqtasida to‘lov terminali o‘rnatish, mahsulotni sifatli va arzon narxda yetkazib berish hamda sotish bo‘yicha vazifalar belgilab berilgan.
Bekobod, Chirchiq, Olmaliq shaharlari hamda Ohangaron, O‘rta Chirchiq, Parkent, Yangiyo‘l, Oqqo‘rg‘on, Chinoz tumanlaridagi dehqon bozorlarida ana shunday yarmarkalar faoliyat olib bormoqda.
“Chinoz dehqon bozori” hududida tashkil etilgan yarmarkada meva-sabzavot, poliz, chorvachilik, parrandachilik, baliqchilik mahsulotlari nisbatan arzon narxlarda sotilmoqda.
– Ro‘zg‘or uchun zarur bo‘ladigan mahsulotlarni shu yerdan olmoqdamiz, – deydi chinozlik Huriniso Ro‘zimuhamedova. – Bugun yarmarkadan go‘sht, tuxum, kartoshka va piyoz xarid qildim. Ularning sifati yuqori, narxi nisbatan arzon. Yangi yil bayrami arafasida davlatimiz tomonidan aholiga yaratilayotgan bunday qulayliklardan minnatdormiz.
Chinoz tumani hokimligidan ma’lum qilishlaricha, Yangi yil bayramini ko‘tarinki kayfiyatda, katta shodiyona bilan nishonlashga qizg‘in tayyorgarlik ko‘rilmoqda.
Tumanning diqqatga sazovor joylarida bunyod etilayotgan “Ertaklar shaharchasi”da Yangi yil bayrami tomoshalari 27-dekabr kuni boshlanadi. Tadbir doirasida turfa o‘yinchoqlar, sovg‘alar, kitoblar, o‘quv qurollarining ko‘rgazma-yarmarkasi tashkil etilishi ko‘zda tutilgan.
Bayramda bolajonlar e’tiboriga teatrlashtirilgan tomoshalar, sirk, yosh ijrochilar ishtirokidagi konsert va musiqiy dasturlar havola etiladi. O‘quvchilar uchun turli qiziqarli viktorinalar, intellektual bellashuvlar o‘tkazilishi ham rejalashtirilgan.
Ayni paytda savdo majmualari, korxona va tashkilotlar atrofi, ko‘cha va yo‘l chetlaridagi archalar bayramona yasatilmoqda. Daraxtlar va binolarga rang-barang chiroqlar o‘rnatilayotir.
Kirib kelayotgan yangi yilni munosib kutib olish, keng nishonlash, tinch-osoyishta o‘tkazish, jamoat tartibi va xavfsizligini ta’minlash maqsadida keng ko‘lamli profilaktik tadbirlar amalga oshirilayotir.
Tadbir davomida huquqni muhofaza qiluvchi idoralar, jamoat tashkilotlari va fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari bilan hamkorlikda ish olib borilayotgani yaxshi samara berayotir. Mahallalar va ta’lim muassasalarida “Ogohlik – davr talabi”, “O‘z uyingni o‘zing asra!” mavzularida davra suhbatlari, uchrashuvlar tashkil etilmoqda.
Yangi yil shodiyonalari Toshkent viloyatining boshqa tuman va shaharlarida, madaniyat va istirohat bog‘lari, maydon va xiyobonlarda ham tashkil etilmoqda. Mazkur jarayonda ehtiyojmand, ijtimoiy himoyaga muhtoj kishilar holidan xabar olish, ularga moddiy va ma’naviy yordam ko‘rsatishga alohida e’tibor qaratilmoqda.