Qishloqda eksportchi korxona
Buxoro viloyati Jondor tumani Aleli qishlog‘ida faoliyat ko‘rsatayotgan “Shijoat tekstil mash” mas’uliyati cheklangan jamiyati ip-kalavadan ishlab chiqarayotgan sochiqlar yuqori sifati bilan xiridorlarga manzur bo‘lmoqda.
Buxoro viloyati Jondor tumani Aleli qishlog‘ida faoliyat ko‘rsatayotgan “Shijoat tekstil mash” mas’uliyati cheklangan jamiyati ip-kalavadan ishlab chiqarayotgan sochiqlar yuqori sifati bilan xiridorlarga manzur bo‘lmoqda.
– Mamlakatimizda kichik biznes va xususiy tadbirkorlik subyektlari har tomonlama qo‘llab-quvvatlanmoqda, – deydi korxona rahbari Mizrob Ixtiyorov. – Mahsulotimizga talab tobora oshayotganini inobatga olib, “O‘zsanoatqurilishbank”ning Buxoro shahar filialidan ajratilgan 700 million so‘mlik kredit mablag‘i evaziga xorijdan ish unumdorligi ikki barobar yuqori bo‘lgan 8 zamonaviy dastgoh keltirdik.
130 kishi mehnat qilayotgan korxonada 2013-yilda 273 ming kvadrat metr mahsulot ishlab chiqarilgan bo‘lsa, o‘tgan yil bu ko‘rsatkich 45 foizga oshdi. Boshqacha aytganda, iste’molchilarga 427,7 ming kvadrat metr 20 turdagi sochiq yetkazib berildi. Mahsulot sifatining yuqoriligi bois unga tashqi bozorda ham talab ortmoqda.
Korxona Rossiyada ham o‘z savdo uyiga ega. Mazkur shoxobcha xorijiy bozorni o‘rganish vazifasini ham o‘tayotir. O‘tgan yili savdo uyi orqali 600 ming AQSh dollarilik mahsulot eksport qilindi.
Xarajatni kamaytirish evaziga sifatni oshirish mahsulot raqobatbardoshligini ta’minlashning muhim omilidir. Korxona ana shu qoidaga amal qilgan holda, eksport hajmini ko‘paytirishga intilmoqda.