Qishloq xo‘jaligi ishlari o‘rganildi
FOTOREPORTAJ
Namangan viloyati Kosonsoy tumanida qishloq xo‘jaligi sohasidagi ishlar izchil davom etmoqda.
Ayni kunlarda tumandagi paxtachilikka ixtisoslashgan fermer xo‘jaliklarida 2026-yil hosili uchun chigit ekishga yer tayyorlash, baranalash, o‘g‘it solish bilan birga pushta olish ishlari yakunlanib, ekishga shay holga keltirilgan maydonlarda “Shinjon” tajribasi asosida 76 sxemada qo‘shqator usulida chigit ekish ishlari olib borilmoqda.
Joriy yilda tumanda 3243 gektar maydonga chigit ekish rejalashtirilgan bo‘lib, shundan 1108 gektarda “Shinjon” usulida plyonka ostiga ekish amalga oshiriladi. Bu jarayonlarga 26 ta yer tayyorlash va ekish otryadi, 3 ta urug‘lik chigit tarqatish shoxobchasi, 100 ta texnika va agregat, shuningdek, 60 nafardan ziyod mutaxassis jalb etilgan.
Viloyat hokimi Shavkat Abdurazzoqov boshchiligidagi ishchi guruh tumanda qishloq xo‘jaligi ishlari bilan tanishdi.
[gallery-28595]
“Dehqonobod” hamda Sh. Rashidov nomidagi MMTPlar hududida joylashgan qator fermer xo‘jaliklarida ekish jarayonlari ko‘zdan kechirildi. Shuningdek, g‘allazorlarda agrotexnik tadbirlarni o‘z vaqtida va sifatli amalga oshirish, jumladan, begona o‘tlarga qarshi gerbitsid va fungitsidlar bilan ishlov berish, suspenziya sepish, o‘g‘itlash, dala madaniyatiga rioya etish, ariq-zovurlarni tartibga keltirish, dala chetlariga tut va tok ko‘chatlari ekish, pushta olish ishlarini jadal va sifatli yakunlash bo‘yicha tegishli ko‘rsatmalar berildi.
Hotam MAMADALIEV (surat), O‘zA