Qirg‘izistonlik turoperatorlar bilan uchrashuv
Andijonda viloyat turizm boshqarmasi hamda Andijon davlat chet tillar instituti hamkorligida Qirg‘iziston Respublikasida faoliyat olib boruvchi yirik turoperatorlar bilan uchrashuv o‘tkazildi.
Keyingi yillarda qo‘shni ikki davlat o‘rtasida iqtisodiyot, madaniyat, san’at, ta’lim, ilm-fan, shu jumladan, turizm sohasida ham hamkorlik ko‘lami kengayib bormoqda. Ayniqsa, joriy yilda O‘zbekiston va Qirg‘iziston o‘rtasida Xonobod shahridagi “Xonobod”, Marhamat tumanidagi “Mingtepa” chegara postlarining ochilganligi, endilikda birgina Andijon viloyatida to‘rtta chegara posti faoliyat ko‘rsatayotganligi turizm sohasidagi hamkorlikni yanada yuqori bosqichga ko‘tarish imkonini beradi.
–Ikki qo‘shni mamlakatning turizm yo‘nalishidagi hamkorlik imkoniyatlari juda keng, – deydi Andijon viloyati turizm boshqarmasi boshlig‘i Bekzodbek Yusupov. – Ana shu imkoniyatlarni ishga solish, ulardan unumli foydalanish har ikki davlat uchun faqat foyda keltiradi. Qolaversa, yurtdoshlarimizda Qirg‘izistondagi turistik ob’ektlarga borish, qo‘shnilarimizda esa yurtimizdagi qadimiy obidalarni ziyorat qilish ishtiyoqi yuqori. Ana shundan kelib chiqib aytish mumkinki, kelgusida O‘zbekiston va Qirg‘iziston o‘rtasida turizm borasidagi hamkorlik yanada yuqori bosqichga ko‘tariladi.
[gallery-14556]
“B2B” formatida tashkil etilgan uchrashuvda qo‘shni mamlakatdan taklif etilgan 30 dan ortiq yirik turopepator, shuningdek, Andijon viloyatida faoliyat olib borayotgan turoperatorlar hamda mehmonxona biznesi vakillari ishtirok etdi.
Uchrashuvda dastlab Andijon viloyatining turizm imkoniyatlari taqdimoti o‘tkazildi. Shundan so‘ng 2024-2025 yillarda mamlakatimizga, xususan, Andijon viloyatiga qirg‘izistonlik sayyohlar oqimini oshirish, yurtdoshlarimizning qo‘shni davlatga sayohatlarini tashkil etish ishlari muhokama etildi, taklif, fikr va mulohazalar bildirildi.
Shuningdek, uchrashuv davomida tranzit imkoniyatlaridan unumli foydalanib, xorijiy sayyohlarning qolish muddatlarini uzaytirish yuzasidan ikki tomonlama kelishuvga erishildi.
–Qirg‘izistonliklarda O‘zbekistonga, ayniqsa, Andijondagi qadim ziyoratgohlarni, shuningdek, Samarqand, Buxoro, Xiva singari tarixiy shaharlarni ko‘rishga, ziyorat qilishga qiziqish katta, – deydi O‘sh shahridagi “Oshtripstour” turistik firmasi rahbari Ilyas Ahmadov. – Shu bois ham uchrashuvda qatnashib, o‘zbekistonlik qator turoperatorlar bilan hamkorlik yuzasidan shartnomalar imzoladik.
Yakunda 2024-2025 yillarda viloyatga 200 ming nafar xorijiy, shu jumladan, qirg‘izistonlik sayyoh tashrifini tashkil etish bo‘yicha qator shartnomalar imzolandi.
F. Ubaydullayev,
Z. Umrzoqov (surat),
O‘zA muxbirlari