Qing‘ir ishning qiyig‘i chiqdi
Sirdaryo viloyati bojxona boshqarmasi xodimlari tomonidan umumiy qiymati 50 million so‘mlik sifati kafolatlanmagan tibbiyot vositalarining noqonuniy savdosiga chek qo‘yildi.
Cifati kafolatlanmagan tibbiyot vositalarini yurtimizga turli noqonuniy yo‘llar bilan olib kirishga bo‘lgan urinishlarga qarshi viloyat bojxona sohasi xodimlari tomonidan tizimli ravishda kurash olib borilmoqda.
Viloyati bojxona boshqarmasi “Sirdaryo” chegara bojxona postiga qo‘shni mamlakatdan kirib kelgan fuqaro Naxaobay Ayitbayev (ismi-sharifi o‘zgartirilgan) boshqaruvidagi “MAN” rusumli yuk avtotransport vositasi to‘xtatilib, xolislar ishtirokida belgilangan tartibda ko‘zdan kechirilganida, avtomashinada hujjatlarda ko‘rsatilmagan umumiy qiymati 50 million so‘mlik bo‘lgan sifati kafolatlanmagan tibbiyotda keng foydalaniladigan tibbiyot vositalari borligi aniqlandi.
Xalqimizda, qing‘ir ishning qiyig‘i 40 yildan keyin ham chiqadi, degan naql bor. Naxaobay Ayitbayevning noqonuniy yo‘l bilan yurtimizga olib kirib, noqonuniy savdosini tashkil etmoqchi bo‘lgan 50 million so‘mlik tibbiyot vositalari ashyoviy dalil sifatida olib qo‘yildi.
Ushbu holat yuzasidan viloyat bojxona boshqarmasi xodimlari tomonidan surishtiruv harakatlari olib borilmoqda.
A.QAYUMOV, O‘zA