Qarzdorlik masalasida yangicha yondashuv
Jizzax viloyati sudining iqtisodiy ishlar bo‘yicha sudlov hay’ati tashabbusi bilan Raqobatni rivojlantirish va iste’molchilar huquqlarini himoya qilish qo‘mitasi Jizzax hududiy boshqarmasi hamkorligida sud tomonidan chiqarilgan taqdimnoma muhokamasi bo‘lib o‘tdi.
Sudyalar, prokuratura, soliq idoralari, Majburiy ijro byurosi, Davlat aktivlarini boshqarish agentligi va sudning tugatish boshqaruvchilari tadbirda ishtirok etishdi.

Yig‘ilishda asosiy e’tibor to‘lovga qobiliyatsiz deb topilgan qarzdorlik ishlarining muddatlarining cho‘zilishi, ularning kechikishi va bu jarayonda paydo bo‘layotgan to‘siqlarga qaratildi.
“To‘lovga qobiliyatsizlik to‘g‘risida”gi Qonunga muvofiq, bankrot deb topilgan shaxs yoki korxonaning tugatish jarayoni odatda 12 oy ichida tugashi lozim hamda zarur hollarda, sud yoki ishtirokchi taraflar iltimosiga ko‘ra, ushbu muddatni 3 oygacha uzaytirish mumkin.

Ammo ko‘p hollarda ushbu belgilangan muddatlarga amal qilinmaydi. Buning sabablari orasida sud boshqaruvchilarining tez almashishi, kadrlar malakasining yetarsizligi va idoralar o‘rtasida axborot almashinuvining to‘liq hamkorlikda yo‘lga qo‘yilmasligi kabi omillar bor. Bunday kechikishlar sud jarayonlarining samaradorligi va iste’molchilar hamda tadbirkorlarning manfaatlariga salbiy ta’sir ko‘rsatadi.

Yig‘ilishda bu muammolarni tizimli ravishda hal qilish, har bir ishga individual yondashuvni oshirish va axborot tizimlarini birlashtirish zarurligi ta’kidlandi.
Yangi g‘oya sifatida boshqaruvchilar va ishtirokchi idoralar uchun mentorlik hamda kouching dasturlarini joriy qilish taklif etildi. Bu chora-tadbirlar yordamida tajribasi kam kadrlarga yuridik va protsessual bilimlarni to‘g‘ridan-to‘g‘ri berish mumkin bo‘ladi. Shu yo‘l bilan sud qarorlarining shaffofligi va tugatish ishlarining o‘z vaqtida va to‘g‘ri amalga oshirilishi ta’minlanadi.

Tadbir yakunida majburiy ijro intizomini kuchaytirish, muddatdan ortgan ishlarni jadallashtirish va sub’ektlar o‘rtasida hamkorlikni mustahkamlash uchun aniq chora-tadbirlar qabul qilindi.
A.Qayumov, J.Yorbekov (surat), O‘zA