Qarshida pavlovniya fasli
FOTOREPORTAJ
Bahor kelishi bilan Qarshi go‘zal libosga burkanadi. Ko‘chalar, xiyobonlaru istirohat bog‘larida gulga kiradigan binafsha rangdagi pavlovniya daraxti maftunkor manzara kasb etadi.
Pavloniya – sabrsiz, hayajonli daraxt. U hali barg yozmasidan avval o‘zining go‘zalligi bilan olamni quvontiradi. Uning nozik, qo‘ng‘iroqsimon shakldagi gullari mayin shabboda esganida yengil titrab, taralgan xushbo‘y is o‘tkinchilarni bir lahza o‘ziga rom etadi. Shoshmasdan yurganlar ham, shoshilayotganlar ham beixtiyor bosh ko‘tarib, bu go‘zallikka termuladi.
Qarshi aholisi bu betakror faslni yaxshi biladi va intiqlik bilan kutadi. Bolalar gul to‘la xiyobonlar bo‘ylab qushday uchib yuguradi, kattalar esa o‘rindiqlarda shirin suhbat qurib, go‘zallikdan bahra oladi. Yoshlar esa o‘sha damni, o‘sha ranglarni abadiylashtirish uchun eng chiroyli burchakni qidirib, qo‘llarida telefon bilan sayr qiladi. Pavlovniya hammani – kattayu kichikni go‘zallik qarshisida tenglashtirib, bir hisda jam etadi.
Bu daraxt faqat go‘zallik uchun yaratilmagan. U salqin soyasi bilan yozning jaziramasini yumshatadi, havoni nazokat bilan musaffo qiladi. Lekin eng muhimi – u shahar hayotining dovrug‘ini, tezligini bir zumga sekinlashtiradi. Binafsharang osmonu yerning o‘rtasida suzib, odamlarga eslatadi: hayotda ba’zan to‘xtab, nafas olib, zavq olish ham kerak.
[gallery-28486]
Pavlovniya fasli uzoq davom etmaydi. Bir necha hafta, xolos. Vaqt o‘tib, gullar to‘kilib, o‘rnini yashil yaproqlar egallaydi-yu, daraxt yana o‘zining oddiy qiyofasiga qaytadi. Balki shuning uchundirki, bu gullarni sog‘inch bilan kutgan odamlar ulardan ko‘z uzolmaydi. Zero, qisqa umr ko‘radigan go‘zallik har doim ham ardoqliroq, azizroq bo‘ladi.
Jamshid NORQOBILOV (surat), O‘zA