Qarshida institut filiali ochildi
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2019-yil 28-maydagi qaroriga asosan Qarshi shahri markazida institut filialining 900 oʻrinli zamonaviy binosi qisqa muddatda barpo etildi.
Davlatimiz rahbari 2018-yilning 13-14-dekabr kunlari Qashqadaryoga tashrifi chogʻida oʻlkamizning janubiy vohalarida xususan Qashqadaryo viloyatida qishloq va suv xoʻjaligi sohasida yuqori malakali muhandis-texnik kadrlarga ehtiyoj yuqoriligini inobatga olib, Toshkent irrigatsiya va qishloq xoʻjaligini mexanizatsiyalash muhandislari institutining Qarshi filialini ochish taklifini bergan edi.
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2019-yil 28-maydagi qaroriga asosan Qarshi shahri markazida institut filialining 900 oʻrinli zamonaviy binosi qisqa muddatda barpo etildi.
Oliy taʼlim muassasasining ochilishiga bagʻishlangan tantanali marosimda institut rahbariyati, professor oʻqituvchilari, talabalari, ularning ota-onalari, davlat va nodavlat tashkilotlari vakillari hamda ommaviy axborot vositalari xodimlari ishtirok etdi.
Mazkur oʻquv muassasasida talabalarning chuqur bilim egallashi uchun barcha qulayliklar yaratilgan. Xususan, zamonaviy oʻqitish vositalari bilan jihozlangan keng va yorugʻ auditoriyalar, oʻquv-laboratoriya xonalari, lingafon va kompyuter sinflari, barcha qulayliklarga ega axborot resurs markazi, sport zali, talabalar oshxonasi, talabalar turar-joylari – yoshlarning chuqur bilim olishiga, malakali mutaxassis, jismonan va maʼnan sogʻlom shaxslar sifatida shakllanishiga zamin yaratadi.
- Institutimizning Qarshi filialiga 2019-2020 oʻquv yilida 6 ta bakalavriat taʼlim yoʻnalishlariga jami 254 nafar yosh talabalikka qabul qilindi, - deydi Toshkent irrigatsiya va qishloq xoʻjaligini mexanizatsiyalash muhandislari instituti rektori, professor Oʻktam Umurzaqov. - Eng eʼtiborli tomoni shundaki, Qoraqalpogʻiston respublikasi va boshqa viloyatlardan ham filialga talabalikka qabul qilingan abituriyentlar koʻpchilikni tashkil qiladi. Aynan shu koʻrsatkichning oʻzi ham muhtaram Prezidentimizning ushbu qarorlarini oʻta dolzarbligidan dalolat berib turibdi. Joriy oʻquv yilida qishloq xoʻjaligini mexanizatsiyalashtirish, suv xoʻjaligi va melioratsiya, gidrotexnika inshootlari va nasos stansiyalaridan foydalanish, yer kadastri va yerdan foydalanish, texnologik jarayonlar va ishlab chiqarishni avtomatlashtirish va boshqarish, geodeziya va geoinformatika taʼlim yoʻnalishlari boʻyicha kadrlar tayyorlash yoʻlga qoʻyildi. Viloyatdagi kadrlarga boʻlgan ehtiyojni muntazam oʻrganib, bu yoʻnalishlar soni va turlarini yanada kengaytirib va koʻpaytirib boramiz.
Tadbirda Qashqadaryo viloyati hokimi Z.Roʻziyev ishtirok etdi.