Qanday insonning rizqi keng boʻladi? RAMAZON TUHFASI
Hadis va rivoyatlar insonni hayotlik chogʻida yaxshilik qilish, saodatli umrga chorlaydi.
Hadis va rivoyatlar insonni hayotlik chogʻida yaxshilik qilish, saodatli umrga chorlaydi. Quyida esa silai rahm qilgan inson erishajak fazilatlar haqidagi taʼlimotlarni oʻrganamiz.
عَنْ أَبِي هُرَيْرَةَ رَضِيَ اللَّهُ عَنْهُ قَالَ: سَمِعْتُ رَسُولَ اللَّهِ صَلَّى اللَّهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ: يَقُولُ مَنْ سَرَّهُ أَنْ يُبْسَطَ لَهُ فِي رِزْقِهِ، وَأَنْ يُنْسَأَ لَهُ فِي أَثَرِهِ فَلْيَصِلْ رَحِمَهُ.
Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: U: “Men Rasululloh sollallohu alayhi va sallamning “Kimniki rizqining keng va farovon boʻlishi va ajalining kechga surilishi (umri uzun boʻlishi) xursand qilsa, bas silai rahm qilsin (qarindoshlik rishtalarini bogʻlasin!)” – deganlarini eshitdim”, – dedi.
Abu Hurayra – sahoba. Uning toʻliq ismi Abdurohman ibn Soxr Davsiy Yamaniy. Abu Hurayra esa u kishining kunyasi boʻlib, oʻsha davrda arablarda kishilarni oʻz nomi bilan emas balki farzandining ismini yoki biror ismni aytib falonchining otasi (Abu Abdulloh, Abu Hurayra) deb chaqirish odati bor edi. Nima sababdan Abu Hurayra deb kunyalanganligi sababini Abdurohman ibn Soxrning oʻzi shunday hikoya qiladi: “Bir mushukcha topib olgandim va uni yengimda olib yurardim.
Shu sababdan meni Abu Hurayra (mushuk boquvchisi) deya chaqiradigan boʻlishdi”.Abu Hurayra roziyallohu anhu hijratdan 23 yil avval 599-yilda Yamanda tavallud topgan. Hijriy yettinchi yilda islomni qabul qilgan. Paygʻambarimiz sollallohu alayhi va sallam Abu Hurayrani ridolariga oʻtqazib, uni yaktak – ridolari bilan oʻrab: “Ey Abu Hurayra, ilm senga yuqsin!” – deb duo qilganlar.
Abu Hurayra: Oʻshandan keyin hech narsa esimdan chiqib ketmaydigan boʻlgan. Paygʻambarimiz sollallohu alayhi va sallam yonlarida yigirma yillab yurgan baʼzi sahobalar yuzta hadisni yod ololmagan. Ammo Abu Hurayra roziyallohu anhu uch yil ichida 600000 hadis yod olgan. U kishining islom dinida, xossatan hadis rivoyat qilish borasida alohida ilhom va maqomga ega ekanliklarini anglatadi.
Rasululloh sollallohu alayhi va sallamning duolarining barakoti sababidan u kishi sahobalar ichida eng koʻp 5374 ta hadis rivoyat qilgan. Abu Hurayra roziyallohu anhu hijriy qamariy yil hisobi bilan 79 yoshda 56/676-yili Madinada vafot etgan.
Hadisning umumiy maʼnosi:
Qarindoshlik rishtalarini mahkam tutish, uzilib ketgan qarindoshlar bilan bogʻlanishning inson uchun juda katta manfaatlari mavjud boʻlib, ulardan ayrimlarini Rasuli akram sallollohu alayhi vasallam aytib oʻtdilar.
“Kimniki rizqi keng va farovon boʻlishi va orqasidan asari koʻp qolishi (umri uzun boʻlishi) xursand qilsa, bas qarindoshlik rishtalarini bogʻlasin!” Goʻyoki silai rahm qilgan kishining molu dunyosi kamaygandek boʻladi. Biroq Alloh taolo uning molini koʻpaytirib, barakali qilib va umrini ziyoda qilib hamda uni ortidan yaxshi xotiralar qolishini taʼminlar ekan.
Demak, silai rahm kishiga Alloh taolo tomonidan ajru savob berilishiga, rizqini keng boʻlishiga va orqasidan yaxshi nom qolishiga sabab boʻlar ekan.
Hadisdan olinadigan foydalar:
Silai rahm juda eʼtibor qilish kerak boʻlgan amallardan ekanligi;
Silai rahm rizqning keng boʻlishiga sabab boʻlishi;
Qarindoshlik rishtalarini mustahkam qiladigan kishining umri uzun boʻlishi;
Qarindoshlik rishtalarini mustahkam qiladigan kishining turmushi farovon boʻlishi;
Silai rahm egasining ortidan yaxshi nom qolishiga sabab boʻlishi.
Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi