Qamoqxonada nikohdan o‘tish mumkinmi?
— Men turmush o‘rtog‘im bilan sha’riy nikoh asosida yashab kelayotgan edim.
Biz nikohimizni qonuniylashtirmoqchimiz, biroq farzandlarimning otasi hozirgi kunda qamoqxonada. Qanday qilib nikohimizni rasmiylashtirishimiz mumkin?
G.Q. Nurobod tumani
Savolga DXA Samarqand viloyat boshqarmasi mas’ul xodimi Nodira Mirmuhammedova javob berdi.
— Jazoni ijro etish muassasalarida jazoni o‘tayotgan shaxslar bilan nikohni qayd etish shu muassasa joylashgan hududdagi FHDYO bo‘limi tomonidan amalga oshiriladi. Mahkum bilan nikohga kirishni xohlovchi shaxs nikohga kirish haqidagi maxsus blankadagi arizaning o‘ziga taalluqli qismini to‘ldirib o‘zi doimiy yashayotgan yoki jazoni ijro etish muassasasi joylashgan hududdagi FHDYO organiga topshiradi. FHDYO organi arizada keltirilgan ma’lumotlarni ariza beruvchining shaxsini tasdiqlovchi hujjati bilan solishtiradi, arizada qayd etilgan ma’lumotlarning to‘g‘riligini va arizachining imzosini tasdiqlaydi va unga arizani qaytaradi. Shundan so‘ng mahkum bilan nikohga kirishni xohlovchi shaxs bu arizani mahkumga berishi uchun jazoni ijro etish muassasasi ma’muriyatiga topshiradi.
Mahkum bilan nikohga kirish haqidagi arizani olgandan keyin, jazoni ijro etish muassasasi ma’muriyati uni tegishli joyini to‘ldirish uchun mahkumga taqdim etadi. Jazoni ijro etish muassasasi ma’muriyati to‘ldirilgan arizadagi ma’lumotlarni mahkumning shaxsiy yig‘majildidagi ma’lumotlar bilan solishtiradi, ularning haqiqiyligini va imzosini tasdiqlaydi va arizani jazoni ijro etish muassasasi joylashgan mazkur hududdagi FHDYO organiga yuboradi.
Bunda ariza FHDYO organi tomonidan ro‘yxatdan o‘tkazilgandan keyin shu kunning o‘zida nikohga kiruvchi mahkumning tibbiy tekshiruvdan o‘tishi uchun yo‘llanma va nikohni qayd etish vaqtini belgilash to‘g‘risidagi xabarnoma jazoni ijro etish muassasasi ma’muriyatiga yuboriladi. Shunga asosan jazoni o‘tash muassasalari ma’muriyati mahkumni nikohdan oldin tibbiy ko‘rikdan belgilangan tartibda o‘tkazadi.
Shundan so‘ng, mahkum bilan nikohni qayd etish FHDYO organi bilan kelishilgan holda jazoni ijro etish muassasasi ma’muriyati tomonidan ajratilgan binoda nikohga kiruvchi shaxslarning ishtirokida amalga oshiriladi va mahkum bilan nikohga kiruvchi shaxsga FHDYO organi tomonidan nikoh qayd etilgani haqida guvohnoma beriladi.
Ma’lumot o‘rnida qayd qilish joizki, sudgacha qamoqda ushlab turilgan shaxslar bilan nikohni qayd etish tergov ishini olib borayotgan mansabdor shaxs yoki organ ruxsati bilan shu hududdagi FHDYO organi tomonidan vaqtincha saqlash hibsxonasida (tergov hibsxonasida, gauptvaxtada) amalga oshiriladi. Bunda nikohga kirish haqidagi arizaga va nikoh qayd etilgani haqidagi dalolatnoma yozuviga qayd etishga ruxsat bergan organning mansabdor shaxsi imzosi qo‘yiladi.
O‘zA