Putin tadbirkorlarga «ixtiyoriy ravishda» urushni moliyalashtirishni taklif qildi
Xitoyda ta’lim tizimidagi bosimni kamaytirish choralaridan tortib, Rossiyada biznesdan urushni moliyalashtirish uchun mablag‘ jalb etish tashabbusigacha bo‘lgan voqealar fonida global kun tartibi turli yo‘nalishlarda keskin o‘zgarib bormoqda. AQSHda dollar dizayniga tarixiy o‘zgartirish kiritilishi, sud qarori bilan texnologik gigantlarning javobgarligi muhokama markaziga chiqishi, Tayvanda yirik siyosatchining korrupsiya uchun qamalishi va Shimoliy Koreya–Belarus aloqalaridagi ramziy sovg‘alar ham e’tibor qaratmoqda. Shu bilan birga, Janubiy Koreyaning yangi KF-21 qiruvchisini taqdim etishi mamlakatning mudofaa sanoatidagi tezkor rivojini namoyon etmoqda.
<iframe width="640" height="480" src="https://www.youtube.com/embed/2KhnJbBI0mQ?si=pK5G-7v7TzuK9qsu" title="YouTube video player" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" referrerpolicy="strict-origin-when-cross-origin" allowfullscreen></iframe>Xitoyda o‘quvchilarga ortiqcha uy vazifasi berish taqiqlandi
Xitoyda o‘quvchilarning jismoniy va ruhiy salomatligini mustahkamlashga qaratilgan yangi choralar joriy etildi. Endilikda maktablarda ortiqcha uy vazifasi berish, tanaffus vaqtini qisqartirish, shuningdek, tez-tez imtihon o‘tkazish va o‘quv yuklamasini oshirish taqiqlanadi. Bu haqda mamlakat Ta’lim vazirligi ma’lumotiga tayanib, Reuters xabar berdi. Mazkur qaror o‘quvchilarga bosimni kamaytirish va ularning ruhiy holatini yaxshilashga qaratilgan siyosat doirasida qabul qilingan. Yangi tartibga ko‘ra, maktablarda saralash maqsadida imtihonlar o‘tkazish, o‘qituvchilarni natijalar uchun rag‘batlantirish yoki jazolash man etiladi, o‘quvchilarga esa kuniga kamida ikki soat jismoniy faollik ta’minlanishi belgilangan.
Putin tadbirkorlarga «ixtiyoriy ravishda» urushni moliyalashtirishni taklif qildi — OAV
Rossiya prezidenti Vladimir Putin tadbirkorlar bilan yopiq uchrashuvda urushni moliyalashtirish uchun byudjetga ixtiyoriy badallar kiritishni taklif qildi. The Bell manbalariga ko‘ra, bu g‘oya «Rosneft» rahbari Igor Sechin tomonidan ilgari surilgan bo‘lib, mablag‘ jalb qilish uchun harbiy obligatsiyalar chiqarish taklif etilgan. Ayrim tadbirkorlar tashabbusni darhol qo‘llab-quvvatlagan, xususan, Sulaymon Kerimov 100 milliard rubl ajratishga va’da qilgan. Uchrashuv Rossiya sanoatchilar va tadbirkorlar ittifoqi qurultoyidan so‘ng o‘tkazilgan. Unda biznes vakillari internet uzilishlari sabab yuzaga kelayotgan muammolarni ko‘targan, biroq bu masalaga rasmiy munosabat bildirilmagan.
Dollar o‘zgarmoqda: kupyuraga Tramp imzosi tushiriladi
AQSHda yaqin orada chiqariladigan dollar kupyuralarida ilk bor amaldagi prezident Donald Trampning imzosi paydo bo‘ladi. Moliya vazirligi ma’lumotiga ko‘ra, yangi banknotlarda an’anaviy g‘aznachi imzosi olib tashlanadi va bu o‘zgarish qariyb 165 yil ichida birinchi marta amalga oshirilmoqda. Yangi kupyuralar 2026-yilda nishonlanadigan mamlakatning 250 yilligi munosabati bilan muomalaga chiqarilishi rejalashtirilgan. Rasmiylarga ko‘ra, dastlabki 100 dollarlik kupyuralar iyun oyida chop etiladi. Shuningdek, yubiley munosabati bilan Tramp tasviri tushirilgan esdalik tangalar va boshqa materiallar ham ishlab chiqilishi ko‘zda tutilgan, jumladan, 1 dollarlik tanga loyihasi ham ko‘rib chiqilmoqda.
Meta va Google ijtimoiy tarmoqlarga qaram bo‘lib qolgan qizga 6 mln dollar to‘laydi
Los-Anjelesdagi sud Meta va Google kompaniyalarini 20 yoshli amerikalik qizning ijtimoiy tarmoqlarga qaramligiga sababchi deb topdi va jabrlanuvchiga 6 million dollar to‘lash majburiyatini yukladi. Qizning aytishicha, u sakkiz-to‘qqiz yoshidan Instagram va
Ютuбеъdan faol foydalanib, vaqtining katta qismini shu platformalarda o‘tkazgan, natijada unda xavotir, depressiya va o‘zini qabul qilmaslik holatlari yuzaga kelgan. Sud hay’ati platformalardagi foydalanuvchini uzoq ushlab turuvchi funksiyalar, jumladan «cheksiz lenta» dizayni ruhiy salomatlikka zarar yetkazganini qayd etdi. Mazkur ish AQSHda shunga o‘xshash minglab da’volar orasida sudgacha yetib borgan birinchi holat bo‘lib, muhim pretsedent sifatida baholanmoqda, kompaniyalar esa qaror ustidan shikoyat qilish niyatini bildirdi.
Tayvan prezidentligiga sobiq nomzod korrupsiya tufayli 17 yilga qamaldi
Tayvanda prezidentlikka sobiq nomzod Ko Venje korrupsiya va siyosiy xayriyalarni noto‘g‘ri ishlatishda aybdor deb topilib, 17 yilga ozodlikdan mahrum qilindi. U Taypey meri lavozimida ko‘chmas mulk bitimiga aloqador pora olish hamda 2024-yilgi prezidentlik kampaniyasi davomida moliyaviy hisobotlarni soxtalashtirishda ayblangan. Prokurorlar siyosatchi uchun 28 yildan ortiq qamoq jazosi so‘ragan, biroq sud 17 yillik hukm chiqardi. Ko ayblovlarni rad etib kelgan, uning partiyasi esa ish siyosiy sabablar bilan bog‘liqligini bildirgan.
Lukashenko Kim Chen Inga avtomat sovg‘a qildi
Belarus prezidenti Aleksandr Lukashenko Shimoliy Koreya yetakchisi Kim Chen Inga rasmiy tashrif chog‘ida o‘qotar qurol sovg‘a qildi. U sovg‘ani «har ehtimolga qarshi, agar dushmanlar paydo bo‘lsa» deya izohlagan. Kim Chen In esa Belarus rahbariga qilich, an’anaviy guldon va esdalik oltin tangasini topshirgan. Tashrif davomida tomonlar ikki davlat o‘rtasidagi hamkorlikni kengaytirish masalalarini muhokama qilib, do‘stlik va hamkorlik to‘g‘risidagi shartnomani imzoladi. Lukashenko Belarus qurol-yarog‘ni mustaqil ishlab chiqarishini ta’kidlagan, Kim Chen In esa sovg‘a qilingan avtomatni ko‘zdan kechirib, uning xususiyatlari bilan qiziqqan.
Janubiy Koreya birinchi seriyali KF-21 qiruvchisini namoyish qildi
Janubiy Koreyada KF-21 qiruvchisining birinchi seriyali nusxasi taqdim etildi. “Lochin” nomi bilan ham tanilgan ikki o‘rindiqli samolyot Sachxon shahridagi Koreya Aerokosmik Sanoatlari majmuasida namoyish etildi. Loyiha birinchi prototipdan atigi besh yil ichida seriyali bosqichga yetgani bilan e’tibor qozonmoqda. Prezident Li Chje Myon bu qiruvchini mamlakatning mudofaa sohasida mustaqil rivojlanish ramzi sifatida baholadi. Rejalarga ko‘ra, 2028-yilgacha 40 ta, 2032-yilgacha esa jami 120 ta KF-21 ishlab chiqariladi.
Nozimbek Mardonov, Salim Obidjonov O‘zA