Propiska isloh qilinishi kerakmi?
Yaqinda davlatimiz rahbari tomonidan qabul qilingan farmonga asosan, propiska sohasida misli koʻrilmagan oʻzgarishlar amalga oshirilmoqda.
Yaqinda davlatimiz rahbari tomonidan qabul qilingan farmonga asosan, propiska sohasida misli koʻrilmagan oʻzgarishlar amalga oshirilmoqda. Necha yillardan buyon xalqni qiynab kelgan ushbu masala mana, nihoyat oʻz yechimini topmoqda. Quvonarli jihati shundaki, farmonda keltirilgan juda koʻp bandlar xalq xohish irodasini oʻzida namoyon etishi bilan ahamiyatlidir.
Jumladan, respublikaning boshqa hududlarida doimiy yashash joyi boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasi fuqarolari Toshkent shahri va Toshkent viloyatidagi yangi qurilgan uylarni sotib olib, uch yil ichida sotgan holatlarda davlat bojining alohida stavkalarini qoʻllash tartibini bekor qilish, Toshkent shahri va Toshkent viloyatida joylashgan davlat organlari va tashkilotlarida 5 yil muddat mobaynida uzluksiz mehnat faoliyatini yuritayotgan mutaxassislarni (texnik, xizmat koʻrsatuvchi va ishlab chiqarish xodimlaridan tashqari) mazkur hududlarda doimiy yashash joyi boʻyicha roʻyxatga olish, doimiy yashash joyi boʻyicha roʻyxatga qoʻyish uchun er-xotinning nikohdan keyin bir yil davomida birgalikda yashash sharti hamda bir yil ichida nikoh bekor qilingan taqdirda doimiy yashash joyi boʻyicha roʻyxatga olinishi yoʻqotilishi toʻgʻrisidagi qoidani olib tashlash kabi va boshqa koʻplab bandlar kiritilgani propiska tizimini isloh qilish borasida muhim qadam boʻlmoqda.
Bu ishlar zamirida birinchi galda xalq manfaatlari koʻzlangani turibdi, albatta. Biroq fikrimcha, propiskani isloh qilmasdan butunlay yoʻq qilish maqsadga muvofiqdir. Zero, propiska bilan bogʻliq mojarolar inson manfaatlari bilan toʻqnash kelganida Konstitutsiyamizda nazarda tutilgan shaxsiy huquq va erkinliklar borasidagi huquqlarga daxl qiladi.
Lekin bir narsani nazardan qochirmasligimiz ham kerakki, shuncha muhim qadamlarni bosib oʻtmoqdamizmi, kelgusida bundan ham katta natijalarga erishishimiz tayin. Asosiysi, biz ilk qadamlarni qoʻydik.
Kun kelib yurtimiz fuqarolari hech bir muammosiz, toʻsiqlarsiz, byurokratiyadan xoli tarzda oʻzlari istagan joylarida roʻyxatda turib yashash imkoniyatiga ega boʻladi, degan umiddamiz.
Mehriniso BOBONAZAROVA,
Oʻzbekiston “Adolat” SDP
Toshkent shahar Kengashi
matbuot kotibi