"Prezident olimpiadasi": Medal jamg‘arishda qaysi jamoalar yetakchi?
Poytaxtimizda davom etayotgan “Prezident olimpiadasi” sport musobaqalarining ortda qolgan 9 kunlik natijalari sarhisobiga ko‘ra, Toshkent shahri jamoasi 25 ta oltin, 14 ta kumush va 8 ta bronza medali bilan umumjamoada yetakchilik qilmoqda.
Sport turlari kesimida e’tibor qaratilsa, og‘ir atletika musobaqalarida Surxondaryo (4-1-1), Toshkent (3-2-5), Navoiy (3-1-2) viloyatlari peshqadamlikka erishgan bo‘lsa, boks bahslarida 9 ta oltin, 10 ta kumush, 3 ta bronza medali jamg‘argan poytaxtlik yosh bokschilar 1-o‘rinni egalladi. Keyingi qatorlardan esa Toshkent (4-1-6) va Namangan (3-4-1) viloyatlari joy olishdi.


Taekvondo WT kurashlarida poytaxtlik yosh sportchilar 6 ta oltin, 2 ta kumush, 5 ta bronza medali bilan karvonboshilik qilgan vaziyatda Jizzax, Sirdaryo, Toshkent va Farg‘ona viloyati vakillari 1 tadan oltin medal jamg‘argan holda keyingi pog‘onalarni band etdi.

Eslatib o‘tamiz, 5 dekabrga qadar davom etadigan mazkur kompleks sport musobaqalarining final bosqichidagi murosasiz bahslar umumiy hisobda 2 mingdan ziyod yoshlarni qamrab olgani bilan ahamiyatli.
T.Ro‘ziyev,
O‘zA