“Prezident olimpiadasi” g‘oliblari munosib taqdirlandi
Poytaxtimizda joriy yil o‘tkazilgan “Prezident olimpiadasi” musobaqasida umumjamoa hisobida Toshkent shahri faxrli birinchi o‘rinni qo‘lga kiritgan edi. Shu munosabat bilan “Renessans” kino uyida musobaqada shohsupaga ko‘tarilgan Toshkent shahri vakillari, shuningdek, yuqori natija qayd etgan shahar federatsiya bo‘limlarini taqdirlash marosimi bo‘lib o‘tdi.
Tadbirda Sport vazirligi, O‘zbekiston Milliy olimpiya qo‘mitasi hamda Toshkent shahar hokimligi rahbariyati, shahar sport boshqarmasi mutasaddilari, sportchilar va ularning yaqinlari ishtirok etdi.

Marosim davomida musobaqada munosib ishtirok etgan 51 nafar sportchiga planshet, 35 nafar murabbiyga televizor topshirildi. Shuningdek, taekvondo WT, sport kurashlari, badiiy gimnastika va 3x3 basketbol yo‘nalishlarida yangi sport ob’ektlarini barpo etish uchun shahar federatsiya bo‘limlariga maxsus vaucherlar taqdim etildi.
O‘zbekiston Milliy olimpiya qo‘mitasi xabariga ko‘ra, mazkur tadbir doirasida Toshkent shahar sport boshqarmasining yil sarhisobiga bag‘ishlangan yig‘ilishi ham o‘tkazildi.

Javohir Toshxo‘jayev, O‘zA