Poytaxtdagi ko‘rkam manzillar: xayrli ishlarga hissadorlikda obod mahalla shakllanadi (+video)
Prezident tashrifidan so‘ng...
“Vatan ostonadan boshlanadi”, degan naql bor. Yurtimizda xonadonidan tashqariga qadam qo‘ygan inson albatta ahil jamiyat bilan hamnafas, yaxshilik yo‘lida hissador bo‘lishga undaladi. O‘z-o‘zidan mahallaning fuqarolar, jumladan, yoshlar ma’naviyatidagi ishtiroki mana shunday shakllanadi. Buni esa xalqona tilda aytganda, daxldorlik tuyg‘usi deb ataymiz.
Darhaqiqat, bugun yurtimiz mahallalari obod, unda istiqomat qiluvchilarning har qanday murojaati tizimli o‘rganilib, o‘z yechimini topmoqda.
Poytaxtimizning Mirzo Ulug‘bek tumanidagi ana shunday obod maskanlardan biri – Bog‘imaydon mahallasi bugun yangi qiyofada. Hududda aholi ehtiyojlari uchun lozim bo‘lgan barcha sharoit yaratilgan. Mahalla 1987-yilda tashkil etilgan bo‘lib, hozirda 41 ta ko‘p qavatli uy, 1 ming 990 ta xonadon mavjud, bu yerda qariyb 5,5 ming nafar aholi istiqomat qiladi.
Davlatimiz rahbari 23-aprel kuni Mirzo Ulug‘bek tumaniga tashrifi asnosida mazkur mahallada amalga oshirilgan bunyodkorlik ishlari bilan ham tanishdi. Ushbu so‘lim maskanda istirohat bog‘i, bolalar o‘yin va sport maydonchalari qad rostlagan. Shuningdek, mahallada ijtimoiy muhitni mustahkamlashga xizmat qilayotgan “Nuroniylar maskani” ham faoliyat ko‘rsatmoqda.
– Qadimdan tarbiya maskani, maktabi, aholini uyushtiradigan, jipislikda turli masalalarni hal etuvchi tizim bu – mahalla sanaladi, – deydi hudud nuroniysi Iskandar Hayitov. – Bunday institut dunyoda kamdan-kam. Shuning uchun ham yurtimizda mahallaga hurmat yuqori. So‘nggi o‘n yilda O‘zbekistonda mahallalarga e’tibor beqiyos darajada oshdi. Uni obod qilish, aholiga sharoitlar yaratishga bejiz kirishilmadi. Chunki fuqarolar masalasi, murojaatlari avvalo mahallada hal etilsa, Vatanga sadoqat, olib borilayotgan islohotlarga hurmat shakllanadi. Bog‘imaydon mahallasini qarang, bu yerdagi o‘zgarishlarni til bilan ta’riflashga so‘z topilmaydi. Sayrga nabiralarimiz bilan chiqib, rohatlanamiz, ularni mana shunday go‘zal tabiatni asrash, yashil makonlarni qadrlashga o‘rgatamiz.
Ishoning, biz mahallamiz obodligi bilan maqtansak, yurtimizning olis qishloqlaridagi insonlar ham “Siz bizning mahallani ham bir ko‘ring, siznikidan qolishmaydi”, deb g‘ururlanadigan bo‘lgan. Bu nimadan dalolat? Mamlakatimizning hech bir hududi bunyodkorlikdan xoli emasligini ko‘rsatadi. O‘sha olis qishloq ahli ham taraqqiyotimizning shukuhini his etyapti. Bugun bizning eng katta vazifamiz va mas’uliyatimiz yoshlar tarbiyasi bilan bog‘liq. Ularning yurtga fidoyi bo‘lishlarini ma’naviy qadriyatlarimiz orqali singdirib borish biz kabi nuroniylarning maqsadi sanaladi. Bunyodkorliklar ortida turgan davlatimiz rahbarining ishlarida barchamiz birdek ko‘maklashishimiz lozim.
Hududda yashillikni asrash va ko‘paytirishga ham e’tibor kuchaytirilgan. Shu maqsadda 2022-yilda ekobog‘ tashkil etilgan, qariyb 4,5 ming tup daraxtga ega ushbu bog‘ bugun keksa-yu yosh uchun sevimli dam olish maskaniga aylangan.
– Mahallamizda bugungi kunda 20 ta bolalar o‘yingohi, 11 ta vorkaut maydonchasi, 3 ta mini-futbol maydoni va tennis korti tashkil etilgan. 2 ta maktabgacha ta’lim tashkiloti qariyb 500 nafar bolani qamrab olgan, – deydi “Bog‘imaydon” MFY raisi Nuridin Ochilov. – Aholi iqtisodiy faolligini oshirish, bandligini ta’minlashga ham alohida e’tibor qaratilgan. Shu maqsadda 70 dan ziyod tadbirkorlik sub’ekti faoliyat yuritmoqda. Bu esa ishsizlikni qisqartirish va oilalar daromadini oshirishga xizmat qilmoqda.
[gallery-28971]
Jumladan, bugun mahallamizdagi 1 ming 48 yoshdan 949 nafarining bandligi ta’minlangan. Turar joylar kirish qismlari kuzatuv kameralari va qo‘riqlash pultlari bilan jihozlangan. Hududga kirib-chiquvchi shaxslar va avtotransport vositalari zamonaviy texnologiyalar asosida nazorat qilib borilmoqda.
Videosi quyida:
<iframe width="640" height="420" src="https://www.youtube.com/embed/1ipGMotioDM" title="Poytaxtdagi ko‘rkam manzillar: xayrli ishlarga hissadorlik obod mahalla shakllanadi" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" referrerpolicy="strict-origin-when-cross-origin" allowfullscreen></iframe>Abdulaziz RUSTAMOV,
Nosirjon HAYDAROV (foto),
Yoqub MELIBOEV (video),
O‘zA