Poytaxt sudlari tomonidan 11 nafar shaxs oqlandi
Toshkent shahar jinoyat ishlari bo‘yicha sudlari tomonidan 2026-yilning birinchi choragi davomida 3 ming 216 nafar shaxsga nisbatan 2 ming 663 jinoyat ishi birinchi bosqichda ko‘rib tamomlangan
– Mazkur davrda 2 ming 578 nafar shaxsga nisbatan 2 ming 41 jinoyat ishi bo‘yicha hukm chiqarildi, – dedi Toshkent shahar sudi raisining o‘rinbosari – jinoyat ishlari bo‘yicha sudlov hay’ati raisi Farhodjon G‘aniyev. – 609 nafar shaxsga nisbatan 595 ish tugatildi. Barcha instansiyalarda 11 nafar shaxs oqlangan.
Jazo tayinlanib, hukm chiqarilgan ishlar bo‘yicha 373 nafar shaxsga nisbatan jarima, 2 nafariga muayyan huquqdan mahrum qilish, 13 nafariga majburiy jamoat ishlari, 396 nafariga axloq tuzatish ishlari, 628 nafariga ozodlikni cheklash, 980 nafariga ozodlikdan mahrum qilish jazolari tayinlandi.
Sudlar tomonidan fuqarolarni Konstitutsiya va qonunlarga rioya qilish ruhida tarbiyalash, boshqa shaxslar jinoyat sodir etishining oldini olish borasida ham qator ishlar amalga oshirildi. Jumladan, qayd etilgan davrda 916 jinoyat ishi sayyor sud majlislarida ko‘rilgan bo‘lib, bu jami ko‘rilgan ishlarning 34,8 foizini tashkil etdi.
Sud-huquq sohasidagi o‘zgarishlar, yangi qabul qilingan qonunlar mazmun-mohiyatini keng jamoatchilikka yetkazish maqsadida 753 marotaba targ‘ibot tadbirlari amalga oshirildi.
Sudlar tomonidan amalga oshirilgan targ‘ibot tadbirlari natijasida Toshkent shahar hududida o‘tgan 2025-yilning shu davriga nisbatan giyohvandlik vositalari, ularning analoglari yoki psixotrop moddalarni o‘tkazish maqsadini ko‘zlamay qonunga xilof ravishda tayyorlash, egallash, saqlash 109 taga, o‘g‘rilik 44 taga, bezorilik 28 taga, hujjatlar, shtamplar, muhrlar, blankalar tayyorlash, ularni qalbakilashtirish, sotish yoki ulardan foydalanish 27 taga, taqiqlangan ekinlarni yetishtirish 13 taga, jinoiy faoliyatdan olingan daromadlarni legallashtirish 9 taga, soliqlar yoki yig‘imlarni to‘lashdan bo‘yin tovlash 7 taga, qasddan odam o‘ldirish 7 taga kamaydi.
Biroq, ushbu davrda qasddan badanga yengil shikast yetkazish 37 taga, qasddan badanga o‘rtacha og‘ir shikast yetkazish 20 taga, xavf ostida qoldirish 16 taga, soxta tadbirkorlik 15 taga ko‘paydi.
Birinchi bosqich sudlari qarorlarining qonuniyligi, asosliligi va adolatliligi yuqori instansiya sudlari tomonidan o‘rganildi. Natijada taraflarning shikoyatlariga yoki protestlariga asosan 1 ming 28 nafar shaxsga nisbatan 762 jinoyat ishi yuqori instansiyalarda qayta ko‘rib chiqildi.
Shundan 381 nafar shaxsga nisbatan 288 tasi apellyatsiya instansiyasida, 286 nafar shaxsga nisbatan 249 tasi kassatsiya instansiyasida, 361 nafar shaxsga nisbatan 225 tasi taftish instansiyasida ko‘rib tamomlandi.
Yuqori instansiya sudlari tomonidan jami 213 nafar shaxsga nisbatan sud qarori o‘zgartirilgan bo‘lib, 46 nafar shaxsga nisbatan sud qarori bekor qilindi. Xususan, apellyatsiya instansiyasida 107 nafar shaxsga nisbatan sud qarori o‘zgartirilib, 16 nafar shaxsga nisbatan bekor qilindi.
Kassatsiya instansiyasida 83 nafar shaxsga nisbatan sud qarori o‘zgartirilib, 19 nafar shaxsga nisbatan bekor qilindi. Taftish instansiyasida 23 nafar shaxsga nisbatan sud qarori o‘zgartirilib, 11 nafar shaxsga nisbatan bekor qilindi.
Prezidentimizning 2024-yil 10-iyundagi “Tezkor-qidiruv hamda tergov faoliyatida shaxsning huquq va erkinliklarini ishonchli himoya qilish kafolatlarini yanada kuchaytirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmoniga asosan ma’muriy huquqbuzarliklar to‘g‘risidagi ishlar hamda jinoyat ishlari bo‘yicha sudga qadar ish yurituv davrida protsessual qarorlarga sanksiya berish masalasi jinoyat ishlari bo‘yicha tuman, shahar sudlarida alohida sudyalar – tergov sudyalari tomonidan ko‘rib chiqilmoqda.
Tergov sudyalari tomonidan 28 ming 353 nafar shaxsga nisbatan 24 ming 505 ma’muriy huquqbuzarlik to‘g‘risidagi ishlar ko‘rib chiqildi. 21 ming 935 nafar shaxsga nisbatan 18 ming 807 ish bo‘yicha ma’muriy jazo qo‘llash haqida qaror chiqarildi. 6 ming 418 nafar shaxsga nisbatan 5 ming 968 ishni tugatish to‘g‘risida qarorlar qabul qilindi.
Ma’muriy jazo qo‘llanilgan shaxslarning 69 foiziga jarima jazosi qo‘llanildi. 30,6 foiziga ma’muriy qamoq, qolganiga maxsus huquqdan mahrum qilish jazolari tayinlandi.
Bundan tashqari, 7 ming 280 ma’muriy huquqbuzarlik to‘g‘risidagi ishlar bilan bog‘liq materiallar ko‘rib tamomlangan. Protsessual majburlov choralarini qo‘llash bilan bog‘liq 2 ming 163 sanksiya materiallari ko‘rib tamomlandi. Bu masalalarda kiritilgan iltimosnomalarning 2 ming 58 tasi qanoatlantirilgan bo‘lsa, 105 tasi rad qilindi.
Shundan 64,2 foizi qamoqqa olish tarzidagi ehtiyot chorasini qo‘llash bilan bog‘liq materiallarni tashkil etdi. Qamoqqa olish tarzidagi ehtiyot chorasini qo‘llash haqidagi iltimosnomalarning 76 tasini qanoatlantirish rad qilindi.
Norgul Abduraimova,
O‘zA