Pol Pogba JCh-2026 g'olibligi uchun asosiy favorit kimligini aytdi
Pol Pogba 2018-yilgi jahon chempioni hisoblanadi.
Fransiya milliy terma jamoasi sobiq yarim himoyachisi Pol Pogba o‘z mamlakati bosh jamoasini 2026-yilgi jahon chempionatida g‘alaba qozonish uchun eng asosiy da’vogar deb hisoblashini ma’lum qildi.
"Shaxsiy fikrimcha, Fransiya — ushbu jahon chempionatining eng kuchli jamoasi. Ular asosiy favorit va turnirda g‘olib chiqishadi", — deya Pogbaning so‘zlaridan iqtibos keltirmoqda "Marca" nashri.
Pol Pogba 2018-yilgi jahon chempioni hisoblanadi. U Fransiya terma jamoasi libosida jami 91 ta uchrashuvda maydonga tushib, 11 ta gol muallifiga aylangan. 2022-yili Qatarda bo‘lib o‘tgan mundialda fransuzlar finalga qadar yetib borib, hal qiluvchi bahsdagi penaltilar seriyasida Argentinaga imkoniyatni boy berishgan edi. Didye Desham boshqaruvidagi amaldagi tarkibdan Kilian Mbappe, Usmon Dembele va boshqa ko‘plab yulduzlar o‘rin olgan bo‘lib, bu omil Fransiyani musobaqaning bosh da’vogarlaridan biriga aylantirmoqda.
Fransiya milliy terma jamoasi JCh-2026 dagi ishtirokini 16-iyun kuni "I" guruhi doirasida Senegal terma jamoasiga qarshi o‘yin bilan boshlaydi. Shuningdek, guruh bosqichida fransuzlarga Iroq va Norvegiya terma jamoalari raqiblik qiladi.