Pillachilikda yangi davr boshlanishi uchun an’ana va innovatsiya birlashtirilishi kerak
Prezident tashabbuslari – amalda
Qishloq joylarda ba’zi oilalar har mavsumda pilla parvarish qiladi. Ular bilan gaplashsangiz, ipak qurti go‘dakday nozik va e’tibor talab qiladi, deyishadi.
Pillaxonaning harorati va ozodaligi yoshi ulug‘larning doimiy nazoratida bo‘lishini ko‘rganmiz. Bunday xonada bir maromda, sezilar-sezilmas chiqir-chiqir, shitir-shitir ovozlar eshitilib turadi. Go‘yo hayotning nafasi kelib turganday bo‘ladi.
Bu joyga ko‘chadan kelgan har qanday odam istagan payt kirib chiqavermaydi. Hatto tut bargini solish ishiga ham bir-ikki kishigina mas’ul bo‘ladi. Lekin pillaxonadan tashqarida – hovlida hayot qaynaydi. Qarindosh-urug‘, qo‘ni-qo‘shni ko‘makka keladi. Ham ish boradi, ham dildan suhbatlar bo‘ladi.
Pillachilik xalqimizning turmush tarziga yillar davomida ana shunday singib ketgan. Bu mehnat orqali oilalar rizq topgan, qo‘ni-qo‘shnining hamjihatligi mustahkamlangan. Qizlarga chevarlik, yigitlarga mas’uliyat o‘rgatilgan. Ipak esa azal-azaldan buyuk nafosat va milliy zeb ramzi sifatida qadrlanib kelgan.

Bugungi kunda qishloqlarda avvalgidek barcha birdek pilla boqmasligi mumkin. Lekin bu an’ana yo‘qolib ketgani yo‘q. Parvarishlash, ozuqa bazasini mustahkamlash, mahsulot tayyorlash va eksportga chiqarish kabi bosqichlarga zamonaviy texnologiyalar tatbiq etilayotgani e’tiborga molik.
Shuning uchun ham O‘zbekiston ipak ishlab chiqarish bo‘yicha dunyodagi yetakchi davlatlar sirasiga kiradi. Bugun pilla yetishtiruvchi tadbirkor va fermerlarga yetarli sharoitlar yaratishga alohida ahamiyat qaratilmoqda.
– Prezidentimiz ipakchilik sohasini rivojlantirish chora-tadbirlari yuzasidan taqdimot bilan tanishdi, – dedi qishloq xo‘jaligi vaziri Ibrohim Abdurahmonov. – Bu boradagi rejalar qayta ko‘rib chiqildi. Davlatimiz rahbari ipakchilik katta qo‘shimcha qiymat yaratadigan soha ekanini alohida ta’kidladi. Avvalo ozuqa bazasini mustahkamlash zarurligiga urg‘u berdilar. Tutzorlarni yangilash, yangi tutzorlar yaratish, fermer va dehqon xo‘jaliklariga hududga mos ko‘chatlarni yetkazib berish bo‘yicha topshiriqlar berildi. Bu juda muhim. Chunki ozuqa bazasining holatiga qarab soha rivojlanadi.
Keyingi e’tibor qaratilgan masala ipak qurti urug‘larini yetishtirish bo‘ldi. Hozirgi kunda 70 foiz urug‘lar import qilinadi. Bu esa mavjud genofond imkoniyatlaridan to‘liq foydalanilmayotganini ko‘rsatadi. Shu bois ushbu yo‘nalishda ham qator topshiriqlar oldik. Topshiriqlar ijrosi bo‘yicha moliyaviy manbalar aniq ko‘rsatilganini alohida ta’kidlashimiz kerak.
Taqdimotda shuningdek, mahalliy urug‘larning ulushini 4–5 yilda 75 foizga yetkazish imkoni borligi qayd etildi. Buning uchun naslli urug‘chilik stansiyalari faoliyatini tiklash zarurligi ta’kidlandi.

Farg‘ona va Xorazm viloyatlaridagi naslli urug‘chilik stansiyalarida elita urug‘lar tayyorlashni yo‘lga qo‘yish, mavjud 10 ta ipak qurti urug‘chilik korxonasiga qo‘shimcha yangi korxonalar tashkil etish rejalari haqida axborot berildi.
Yuqorida aytilganidek, pilla sifatini oshirish uchun ozuqa bazasini yaxshilash zarur. Shu maqsadda 2030-yilgacha ozuqa bazasini bosqichma-bosqich kengaytirish rejalashtirilgan. Jumladan, 8 ming gektarda yangi tutzorlar barpo etiladi, yana 41 ming gektardan ortiq maydonda yakka qator tut ko‘chatlari ekiladi. Shuningdek, 15 ming gektar tutzor rekonstruksiya qilinadi.
Muhim jihati, pilla yetishtirish hajmlari ozuqa bazasini tahlil qilish asosida prognoz qilinadi.
So‘zimiz boshida ayrim oilalarning pilla parvarishi bo‘yicha uzoq yillik tajribasi borligini qayd etgan edik. Taqdimotda kam daromadli va ijtimoiy reyestrga kiritilgan oilalarni pillachilikka jalb qilishga e’tibor qaratilishi ta’kidlangan. Bu orqali ular har jihatdan qo‘llab-quvvatlanadi.
Joriy yildan boshlab “mahalla yettiligi” orqali aholiga bir kilogramm pilla qiymatining 35 foizi miqdorida subsidiya, parvarishlash jihozlari va uskunalar xaridi uchun 20 million so‘mgacha ssuda ajratish yo‘lga qo‘yiladi.
Ishlar to‘g‘ri yo‘lga qo‘yilganda sifatli mahsulot salmog‘i ortib boradi. Buning uchun bozorlar zarur. Taqdimotda eksportda tayyor mahsulot ulushini oshirish, yangi bozorlarni o‘zlashtirish, milliy brendlarni shakllantirish va qo‘llab-quvvatlash chora-tadbirlari ham belgilab olindi.
Prezident tashabbuslari bu sohani zamonaviy texnologiyalar asosida yangicha bosqichga ko‘tarishga xizmat qilmoqda. Ozuqa bazasini yangilash, urug‘chilikni mahalliylashtirish va chuqur qayta ishlashni kengaytirish orqali eksport salohiyati oshadi. Aholining daromad manbalari ko‘payadi.
Eng muhimi, kam daromadli oilalarni pillachilikka jalb qilish, subsidiya va imtiyozlarni kengaytirish orqali ijtimoiy qo‘llab-quvvatlashning samaradorligi ortmoqda. Bu nafaqat iqtisodiy, balki ijtimoiy jihatidan ham muhim ahamitga ega.
Ikrom AVVALBOEV, O‘zA muxbiri