Paxtaobodlik pillakorlarning shashti baland (+video)
Shu kunlarda Andijon viloyatining barcha tumanlarida ipak qurtini boqish, yetishtirilgan pilla hosilini yig‘ib-terib olish ishlari qizg‘in pallaga kirgan. Jumladan, Paxtaobod tumanida ham bu boradagi ishlar samarali olib borilmoqda.
Pillachilik mamlakatimiz iqtisodiyotining yetakchi tarmog‘i, yengil sanoat uchun muhim xom-ashyolardan biri hisoblanadi. Shu bois yurtimizda pillachilikni rivojlantirish, sifatli pilla yetishtirish masalalariga alohida e’tibor qaratiladi.
Ipak qurti boqish, pillachilik sohasida o‘ziga xos tajriba maktabi shakllangan Paxtaobod tumanida joriy yilda 5 ming 623 quti ipak qurti parvarishlanib, 338 tonna pilla yetishtirish rejalashtirilgan.
– Joriy yilda belgilangan pilla rejasini bajarish uchun tumanimizda zarur ishlar olib borildi, – deydi Paxtaobod tumani “Agropilla” mas’uliyati cheklangan jamiyati rahbari Jahongir Sotvoldiyev. – Jumladan, mavjud 353 gektar maydondagi tutzorlarni parvarishlash, mo‘l va sifatli ozuqa olish, urug‘chilik laboratoriyalari ishini samarali tashkil etish, hududlardagi “Lider agronom ayollar”ni, kasanachilarni o‘qitish, pilla yetishtiruvchilarga zarur shart-sharoitlarni yaratishga qaratilgan ishlar amalga oshirildi. Bundan tashqari, pillakorlarga har bir quti ipak qurti uchun 300 ming so‘mdan avans puli berildi.
Ayniqsa, pilla parvarishiga xotin-qizlarni jalb etish orqali ularning bandligini ta’minlash masalasiga alohida e’tibor qaratilmoqda. Jumladan, joriy yilda mazkur yo‘nalishda 2 ming 500 nafar kishi doimiy va mavsumiy ishlarga jalb etilgan bo‘lsa, aksariyatini xotin-qizlar tashkil etadi. Ularning barchasiga amaldagi tartiblar asosida ish staji yuritilmoqda.
[gallery-23336]
Ayni kunda pilla qabul qilish punktimiz taxt holga keltirilgan. Pillamizni sotib oluvchi “Andijon silk Co” klaster korxonasi bilan kelishib olganmiz. Pillakorlarga tarozini ustida pul beriladi.
Mavsum boshida tumanda faoliyat olib borayotgan 14 ta inkubatoriyada Xitoy texnologiyasi asosida 5 ming 623 quti sifatli urug‘ tayyorlanib, 433 ta fermer xo‘jaligi, 400 nafardan ziyod kasanachilarga yetkazib berildi.
Ta’kidlash kerakki, pillakorning bir oylik mehnati yilga tatiydi. Ipak qurti parvarishi o‘ta nozik ish. Xona haroratini bir xilda ushlab turishi, qurtlarga o‘z vaqtida ozuqa berish, bularning bari aytishga oson xolos. Erta tong tutzorga borib barg kesib kelish, yarim tun demasdan qurtlarga barg solish o‘ziga yarasha mehnat, mashaqqatni talab etadi.
Tumanning Olim Qurbonov massivi, Pushmon mahallasi, Rovon ko‘chasida yashovchi, pillakor Sohibaxon G‘ulomiddinova yigirma yildirki, ipak qurti boqib keladi. Joriy mavsumda u kelini bilan 1,5 quti ipak qurti parvarishlamoqda.
– Bir necha yildan buyon oilamiz bilan ipak qurti parvarishlab kelamiz, – deydi tajribali pillakor Sohibaxon G‘ulomiddinova. – Avvalo, qurtga mehr qo‘yish kerak. U ham tirik jon. Ayniqsa, qurt boqilayotgan joy ozoda bo‘lishiga alohida e’tibor qaratish lozim. Kelinlarim bilan bu ishni chiroyli ado etib kelyapmiz. Mashaqqatlarning ko‘pi ortda qoldi, bugun qurtni bostirdik. Nasib etsa, har yilgidek, bu yil ham rejani ortig‘i bilan bajaramiz.
Mazkur mahallaning Yangi ko‘cha ko‘chasida yashovchi Zumradxon Ahmedova esa joriy yilda 3,5 quti ipak qurti boqmoqda. U kelin bo‘lib tushgan xonadonidan yangi uyga ko‘chib o‘tganiga 16 yil bo‘libdiki, har yili ipak qurti parvarishlaydi. Ipak qurti boqishning haqiqiy mirishkoriga aylangan.
– Ipak qurti boqib kam bo‘layotganimiz yo‘q, – deydi Zumradxon Ahmedova. – Avval onamdan, keyin qaynonamdan pilla boqishning sirlarini o‘rganganman. Avvallari qurt boqish ancha mashaqqatli edi. Boqish davri uzoqroq, ozuqa ham ko‘p ketar edi. Hozir qurt boqish birmuncha yengillashgan.
Qurtlarimiz yaxshi, nasib etsa 200 kilogrammdan ortiq pilla olamiz. Shunga yarasha daromad ham yaxshi bo‘ladi. Umuman, bu ish ortidan topayotgan daromadimiz oilamizning kamlarini to‘ldirmoqda.
– Bir nechta mahallani o‘z ichiga olgan “Olim Qurbonov” massivida 24 ta fermer xo‘jaligi va 200 dan ortiq xonadonda 320 quti ipak qurti parvarishlanmoqda, – deydi tuman “Agropilla” mas’uliyati cheklangan jamiyati uchastka agronomi Zamiraxon Valiyeva. – Kasanachilarimizning barchasi ipak qurti parvarishi bo‘yicha katta tajribaga ega pillakorlar hisoblanadi. Massivimizda 200 nafarga yaqin xotin-qiz ipak qurti parvarishi bilan shug‘ullanmoqda. Ularga belgilangan tartibda ish staji yuritilmoqda. Ishlarimiz yaxshi, belgilangan 320 tonna pilla topshirish rejasini ortig‘i bilan ado etamiz.
Tumanning Ozod massivi Do‘ngqishloq mahallasi, Tegirmonboshi ko‘chasida yashovchi Komilaxon Qurbonova bu yil o‘z xonadonida 2,5 quti ipak qurti parvarishladi. Ilg‘or pillakor tumanda birinchi bo‘lib pilla terishni boshladi. Xalqimizda “Ahillik bor joyda baraka bo‘ladi”, degan gap bejiz aytilmagan. Yetishtirilgan pillani terib olish uchun qo‘ni-qo‘shnilar, qarindoshlar uning xonadoniga yordamga kelgan. Ahillik, hamjihatlik bilan terilayotgan hosil barakali bo‘ladi.
– Ko‘p yillardan buyon oilamiz bilan pilla yetishtirib kelamiz, – deydi K.Qurbonova. – Bu ish mashaqqatli bo‘lsa-da, har yili ipak qurti parvarishlaymiz. Bir oy barchamiz shu ish bilan astoydil shug‘ullanamiz. Daromadi ham yomon emas, eng muhimi halol va barakali. Bu yilgi daromadga katta o‘g‘limizning to‘yini o‘tkazishni rejalashtirib turibmiz.
Avvallari pillakorlar topshirgan pillasi uchun yillar davomida pulini ololmasdan sarson bo‘lar edi. Endilikda bunday muammo to‘la bartaraf etilgan. Mutasaddilarning ta’kidlashicha, “Andijon silk Co” klaster korxonasi bilan pillakorlarga tarozini ustida pul berib boriladi. Pillakorlar ortiqcha ovora bo‘lib yurmaydi.
Ayni kunda kasanachilar, fermer xo‘jaliklari belgilangan rejani ado etish, mo‘l hosil olish uchun astoydil mehnat qilmoqda.
Muxtasar aytganda, o‘z ishining haqiqiy ustasiga aylangan paxtaobodlik pillakorlarning shashti baland. Ular pilladan har yilgidanda mo‘l hosil olish uchun astoydil mehnat qilmoqda.
<iframe width="650" height="420" src="https://www.youtube.com/embed/1gqw293-ACc" title="Paxtaobodlik pillakorlarning shashti baland" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" referrerpolicy="strict-origin-when-cross-origin" allowfullscreen></iframe>Faxriddin Ubaydullayev, Zuhriddin Umrzoqov (surat), O‘zA muxbirlari.