Parlamentlararo diplomatiya imkoniyatlaridan samarali foydalaniladi
Xiva shahrida O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati va Belarus Respublikasi Milliy majlisi Respublika Kengashi hamkorlik bo‘yicha parlamentlararo komissiyasining uchinchi majlisi bo‘lib o‘tdi.
Tadbirda ikki davlat o‘rtasidagi strategik sheriklikni parlamentlararo muloqot orqali yanada rivojlantirish, oliy darajada erishilgan kelishuvlarning ijrosini ta’minlashda parlamentlarning rolini kuchaytirish, savdo-iqtisodiy va investitsiyaviy aloqalarni kengaytirish masalalari muhokama qilindi.
Komissiyaning 2025-yilda Vitebsk shahrida o‘tkazilgan birinchi majlisida hamkorlikning ustuvor yo‘nalishlari belgilangan. 2026-yil yanvar oyidagi ikkinchi majlisda esa oliy darajadagi kelishuvlarning ijrosi, savdo-iqtisodiy va hududlararo hamkorlikni rivojlantirish masalalari ko‘rib chiqilgan.

Xiva shahrida bo‘lib o‘tgan Parlamentlararo komissiyaning uchinchi majlisida ushbu ishlarning davomi sifatida mavjud kelishuvlarni aniq loyihalar bilan to‘ldirish va parlamentlararo hamkorlikning amaliy samaradorligini oshirishga e’tibor qaratildi.
Joriy yil 8 - 9-iyul kunlari O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Sh.Mirziyoyevning Belarus Respublikasiga rasmiy tashrifi doirasida O‘zbekiston va Belarus o‘rtasida Strategik sheriklik munosabatlarini o‘rnatish to‘g‘risidagi deklaratsiya imzolangan. Ikki mamlakat o‘rtasida 2026 - 2030-yillarga mo‘ljallangan savdo-iqtisodiy va ijtimoiy-gumanitar hamkorlikni rivojlantirish bo‘yicha chora-tadbirlar rejasi qabul qilingan.
Majlisda mazkur hujjatlarda belgilangan vazifalarni hayotga tatbiq etishda parlamentlararo diplomatiya imkoniyatlaridan samarali foydalanish muhimligi qayd etildi. Shu maqsadda parlament qo‘mitalari va hamkorlik guruhlari o‘rtasida aloqalarni faollashtirish, qonunchilik sohasida tajriba almashish hamda ikki tomonlama hamkorlik uchun zarur huquqiy bazani takomillashtirish masalalariga e’tibor qaratildi.

Savdo-iqtisodiy aloqalarni kengaytirish ham muhokamaning asosiy mavzularidan biri bo‘ldi. O‘zaro tovar ayirboshlash hajmini 2 milliard dollarga yetkazish maqsadidan kelib chiqib, investitsiyaviy va kooperatsiya loyihalarini qo‘llab-quvvatlash, tadbirkorlar o‘rtasidagi to‘g‘ridan-to‘g‘ri aloqalarni kengaytirish zarurligi ta’kidlandi.
Qishloq xo‘jaligi, mashinasozlik, farmatsevtika, elektrotexnika va boshqa ustuvor tarmoqlarda qo‘shma loyihalarni ko‘paytirish, hududlararo hamkorlikni kuchaytirish bo‘yicha ham fikr almashildi.
Bundan tashqari, majlis davomida turizm, ta’lim, sog‘liqni saqlash va madaniy-gumanitar sohalarda ikki tomonlama aloqalarni rivojlantirish, qo‘shma biznes-forumlar va yangi loyihalarni ko‘paytirish masalalari ham ko‘rib chiqildi.
Parlamentlararo komissiyaning muntazam faoliyatini davom ettirish va uni O‘zbekiston - Belarus strategik sherikligini yangi amaliy loyihalar bilan boyitishga xizmat qiladigan samarali mexanizm sifatida rivojlantirishga kelishib olindi.
N.Abduraimova, O‘zA