Surxondaryoda qariyb 42 kg narkotik musodara qilindi
Davlat xavfsizlik xizmati va Ichki ishlar organlari xodimlari hamkorligida o‘tkazilgan tezkor tadbirda Toshkent viloyatidan harakatlanib kelgan, Denov tumanida yashovchi, 1977 y.t. shaxs boshqaruvidagi “Kobalt” rusumli avtomashina mazkur tuman hududida to‘xtatilib, tekshirildi.
Natijada, uning yukxonasiga o‘rnatilgan gaz balloni ichiga 43 dona o‘ramda jami 41 kg 904 gr “opiy” moddasi yashirilganligi ma’lum bo‘ldi.
So‘ngra tezkor tadbir davom ettirilib, ushbu narkotikni olib ketish uchun kelgan vaqtida 1960 va 1983-yillarda tug‘ilgan, muqaddam giyohvandlik vositalari savdosi bilan bog‘liq jinoyati uchun sudlangan denovlik va sariosiyolik 2 nafar fuqaro ushlandi.
Tezkor tadbirning keyingi bosqichida esa qo‘shni davlatdan olib kelingan narkotik moddalar buyurtmachisi hisoblangan – 1978 y.t., muqaddam giyohvandlik vositalari savdosi bilan bog‘liq jinoyati uchun sudlangan, Sariosiyo tumanida yashovchi shaxs ham qo‘lga olindi.
Hozirda narkosavdogarlarning barchasiga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.
O‘zA