O‘zLiDeP qoshida “Tadbirkorlar klubi” tashkil etildi
2024 – Yoshlar va biznesni qo‘llab-quvvatlash yili
Dasturiy maqsadlarida tadbirkorlarni, yosh biznesmenlarni qo‘llab-quvvatlashni ilgari surgan O‘zbekiston Liberal demokratik partiyasi “Yoshlar va biznesni qo‘llab-quvvatlash yili” munosabati bilan yoshlar va yosh tadbirkorlar uchun “Tadbirkorlar klubi” faoliyatini yo‘lga qo‘ydi.
Yoshlarni tadbirkorlik ko‘nikmalari bilan yaqindan tanishtirib borish maqsadida tashkil etilgan mazkur klubning taqdimotida Iqtisodiyot va moliya vazirligi huzuridagi Bojxona qo‘mitasi, Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Soliq qo‘mitasi, Yoshlar ishlari agentligi, Savdo-sanoat palatasi, Biznesni rivojlantirish banki vakillari, xalq deputatlari mahalliy Kengash deputatlari va yoshlar ishtirok etdi.
– Kuni kecha davlat dasturi loyihasi jamoatchilik muhokamasiga qo‘yildi, – dedi O‘zLiDeP Siyosiy kengashi ijroiya qo‘mitasi bo‘lim mudiri Otabek Sobitov. – Unda yoshlarni, tadbirkorlik faoliyatini qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan bir qator maqsad-vazifalar o‘z aksini topgan. Bu yil oldimizga qo‘yilayotgan vazifalardan kelib chiqib, “Tadbirkorlar klubi” faoliyatini yo‘lga qo‘ydik. Bundan maqsad yangi tadbirkorlik sinflarini shakllantirish, endi tadbirkorlikka kirib kelayotgan yoshlarga yo‘l-yo‘riq ko‘rsatish, amalda o‘z tajribasiga ega bo‘lgan biznes vakillariga huquqiy ko‘mak berishdan iborat. Shuningdek, yurtimizda tadbirkorlarga taqdim etilayotgan erkinliklar, imkoniyat va imtiyozlar haqida yoshlarni xabardor qilish niyatidamiz. Tadbirkorlik sub’ektlarini qiynayotgan muammolarni parlament quyi palatasidagi fraksiyamiz a’zolari ko‘magida hal etishga ko‘maklashish, shu bilan birga, qonunchilikka tegishli takliflar berishni maqsad qilganmiz.
[gallery-15718]
Uchrashuvda davlatimiz rahbari tashabbusi bilan tashkil etilgan Biznesni rivojlantirish bankining imkoniyatlari, yoshlarga taqdim etilayotgan imtiyozli kreditlari haqida batafsil ma’lumotlar berildi. Bank vakili Sherzod Rasulov bugungi kunda endi tadbirkorlik faoliyatini boshlash niyatidagi fuqarolarga keng imkoniyatlar mavjudligini ta’kidlab, bu borada Biznesni rivojlantirish banki tomonidan taqdim etilayotgan moliyaviy instrumentlar haqida tushunchalar berdi.
Bundan tashqari, O‘zbekistonda tadbirkorlar uchun bojxona tizimida hamda soliq siyosati yo‘nalishida yaratilgan imkoniyatlar haqida ham atroflicha ma’lumotlar berildi.
Tadbirda qayd etilganidek, har oyda bir marta klubning ana shunday uchrashuvlari tashkil etilib, tadbirkorlar faoliyatiga oid muhim masalalar chuqur tahlil qilinadi. Shuningdek, ijtimoiy tarmoqlarda “Tadbirkorlik minbari” platformasini yo‘lga qo‘yib, tadbirkorlarni bir maydonda yig‘ish, ularning o‘zaro fikr almashishiga imkoniyat yaratish haqida ma’lumotlar berildi.
Yoshlarni qiziqtirgan savollarga tegishli mutasaddilar tomonidan javoblar berildi.
Muhtarama Komilova, Nosir Haydarov (surat), O‘zA