O‘zbekistonning boy madaniyati Islomobodda e’tirof etildi
O‘zbekiston elchixonasi joriy yil 23 noyabr kuni Pokiston tashqi ishlar vazirligi tomonidan tashkil etilgan “Charity Bazaar” xayriya festivalida ishtirok etdi.
Mazkur anjuman ushbu davlatda faoliyat yuritayotgan diplomatik korpus va xalqaro tashkilotlar bilan madaniy-gumanitar aloqalarni kengaytirish, turli xalqlar boy tarixi va madaniy merosi, turizm salohiyatini keng targ‘ib qilish maqsadida muntazam ravishda tashkil etiladi.

Navbatdagi tadbirda Islomobod shahrida ro‘yxatdan o‘tgan diplomatik korpus, xalqaro tashkilotlar vakolatxonalari, nodavlat notijorat tashkilotlar va mahalliy hunarmandlar o‘z ko‘rgazma burchaklari bilan qatnashdi.
O‘zbekiston ayvoni milliy uslubi, badiiy bezagi, o‘ziga xos taomlari, shirinliklar, hunarmandlik mahsulotlari, xalq amaliy san’ati namunalari, musiqa asboblari hamda liboslar ko‘rgazmasi bilan ishtirokchilar e’tiborini tortdi. Palov, manti, somsa, lag‘mon kabi o‘zbek taomlari, holva, chak-chak kabi shirinliklar tashrif buyuruvchilar tomonidan yuqori baholandi.

Mamlakatimiz burchagida o‘zbek milliy musiqalari yangrab turgani tadbirga o‘zgacha shukuh baxsh etdi. Andijon polkasi va Lazgi raqslari mahalliy aholi va mehmonlar hayratini oshirdi.
15 000 ga yaqin ishtirokchi, jumladan tashkilotchilar, diplomatik missiyalar xodimlari va mahalliy ommaviy axborot vositalari vakillari xalqimizning tarixiy va madaniy merosi noyobligi, hunarmandlik buyumlari bejirimligi, milliy taomlarimiz betakrorligini alohida e’tirof etdilar.

Tadbirda bosh mehmon sifatida qatnashib, O‘zbekiston paviloni bilan shaxsan tanishgan Pokiston Bosh vaziri o‘rinbosari – tashqi ishlar vaziri Ishoq Dar bunday tadbirlar madaniy diplomatiya va ikki tomonlama hamkorlik rivojida muhim ahamiyat kasb etishiini qayd etdi.
– O‘zbekiston va Pokiston umumiy tarixiy va madaniy ildizlar bilan chambarchas bog‘langan, – dedi u. – Bunday festivallar xalqlarimiz, xususan yoshlarimizni yanada yaqinlashtiradi, ularni umumiy tariximiz va qadriyatlarimiz bilan yaqindan tanishtiradi. Shuningdek, barchamizni do‘stlik va hamkorlik ruhi bilan oldinga harakatlanishga undaydi.

Ta’kidlash joiz, Turkiya, Xitoy, Malayziya, Tunis, Ozarbayjon, Vetnam, Turkmaniston, Chexiya, Indoneziya, Falastin, Suriya, Yaponiya, Filippin, Marokash, Yaman, BAA kabi mamlakatlarning Pokistondagi elchilari, mezbon mamlakat TIV mutasaddilari, xalqaro tashkilotlar vakillari ham milliy qadriyatlarimizga o‘zgacha havas bilan munosabatda bo‘lishdi.
O‘zbekistonning Pokistondagi turizm elchisi Hamid Mahmud “Charity Bazaar” xayriya festivali turli xalqlar milliy qadriyatlari, urf-odatlari, oshxonasi, xalq o‘yinlarini targ‘ib etish barobarida, ko‘makka muhtoj insonlarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlashga ham qaratilganini ta’kidladi.

– O‘zbekistonning mazkur loyihada ishtiroki, shuningdek xalqingizning go‘zal an’analari, tarixi, turmush tarzi, qadriyatlari va eng muhimi o‘zbek milliy oshxonasi taqdimoti alohida ahamiyatga ega, – dedi u. – Pokiston aholisi va mehmonlari mamlakatingiz taqdimotidan cheksiz taassurot olishdi. Turizm elchisi sifatida bugungi tadbir O‘zbekiston sayyohlik salohiyati targ‘iboti yo‘lida navbatdagi dadil qadam bo‘lganini ta’kidlashim kerak. Bunday anjumanlar o‘zaro sayyohlar oqimini tezlashtiradi, madaniy aloqalarni rag‘batlantirib, do‘stona aloqalarni mustahkamlaydi.
Tadbir doirasida o‘tkazilgan “Xalqlar paradi” hamda konsert dasturida elchixona xodimlarining farzandlaridan iborat ijodiy guruh “Andijon polkasi” raqsini mahorat bilan ijro etdi. Bolajonlarning chiqishlari barchaga ko‘tarinki kayfiyat ulashdi. E’tiborlisi, juda ko‘p tomoshabinlar o‘zbek musiqasi sadosiga jo‘r bo‘lib, o‘g‘il-qizlar bilan birga o‘yinga tushdi.

Muxtasar aytganda, O‘zbekistonning “Charity Bazaar” xayriya festivalidagi ishtiroki yurtimiz madaniyatini mazkur hamkor davlatda yanada keng targ‘ib qilish, madaniy diplomatiya orqali mezbonlarning O‘zbekiston haqidagi xabardorligini oshirishga xizmat qildi.
G‘.Xonnazarov, O‘zA