O‘zbekistonga qaytganim – baxtim! (+video)
-deydi 18 yil davomida Rossiyaning Moskva shahrida dunyoga mashhur A.N.Bakulev nomidagi yurak-qon tomir jarrohligi ilmiy tekshirish markazida faoliyat yuritgan tibbiyot fanlari doktori Kamoliddin Rahmonov.
Bolaligimizda qaysi bir kasb egasining yutuqlarini ko‘rsak yoxud eshitsak, o‘sha insonning izidan borishga havasmand bo‘lamiz. Bolalik orzu-havaslarining aksariyati o‘tkinchi bo‘lishi sababi ham shudir, ehtimol. Lekin mana shunday havasmand va beg‘ubor palladagi niyatlari ijobat bo‘lib, bolalikda orzu qilgan kasbining boshini tutgan insonlar ham bor. Qo‘li yengil jarroh sifatida tanilgan Kamoliddin Rahmonov ulardan biri.
– Oilamiz a’zolari, hatto uzoq-yaqin qarindoshlarimiz ichida ham shifokorlar bo‘lmagan, - deydi K. Rahmonov. – Biroq hayotimizni shifokorlarsiz tasavvur qilib bo‘lmaydi. Oilamizda ham kimningdir sog‘lig‘ida muammo paydo bo‘lsa, qishlog‘imiz shifokorlari uyimizga tashrif buyurib, kerakli muolajalarni amalga oshirib ketishardi. Ayniqsa, oq xalati o‘ziga juda yarashgan, butun qishlog‘imiz hurmat qiladigan shifokor Ulfatjon Nizomovga rosa havas qilardim. Aynan shu havas tufayli bolalik chog‘imdayoq shifokor bo‘lishni qat’iy niyat qilganman.
Yosh Kamoliddin tibbiyot yo‘nalishidagi oliy ta’lim dargohiga kirish uchun astoydil o‘qib-izlangani bois Andijon davlat tibbiyot institutiga kirish imtihonlaridan muvaffaqiyatli o‘tib, dastlabki qadamni tashladi.
[gallery-15830]
“Oltin davr” deb ta’rif etiladigan talabalik yillarida kimdir amal-taqal qilib, diplom olish istagida bo‘lsa, kimdir malakali kasb egasi bo‘lish uchun har qanday mashaqqatlarni yengib o‘tadi. Kamoliddin darsdan tashqari paytlarda ham ustozlarini tinch qo‘ymasdi. O‘tilgan mavzularga chuqur yondashardi. Ayniqsa, o‘zaro hamkorlik asosida talabalarga saboq bergani kelgan xorijlik malakali murabbiylarning darslariga astoydil qatnar, ular bilan qo‘shimcha dars o‘tishga oshiqardi. O‘z navbatida oldiga malakali shifokor bo‘lishni jiddiy maqsad qilib olgani, bu borada tirishqoqlik bilan harakat qilgani bois tufayli Andijon davlat tibbiyot institutidagi ustozlari hamda xorijlik murabbiylarning e’tiboriga tushdi. Rossiyalik malakali shifokor ustozlardan biri uni Moskvadagi dunyoga mashhur, bir yilda 17 mingtadan ortiq yurak sohasidagi operatsiyalar amalga oshiriladigan A.N.Bakulev nomidagi yurak-qon tomir jarrohligi ilmiy-tekshirish markazining aspiranturasiga taklif qildi.
Mazkur tibbiyot maskanidagi faoliyati davomida Kamoliddin Rahmonov o‘z kasbining chin ma’nodagi ustasi darajasiga yetdi. Murakkab operatsiyalar jarayonida ishtirok etib, tajriba to‘pladi. Klinikaning eng tajribali xodimlari safidan joy oldi.
– Bir necha yil Rossiyada faoliyat olib borgan bo‘lsam-da, xayolim doim O‘zbekistonda bo‘lgan, - deydi Kamoliddin Rahmonov. – So‘nggi yillarda Prezidentimiz mamlakatimiz tibbiyoti rivoji uchun xizmat qiladigan qator farmon va qarorlarni imzoladilar. Shu bois bir tibbiyot mutaxassisi sifatida ayta olamanki, yurtimizda tibbiyot xalqqa yaqinlashdi. Bemorlarga, xususan, yurak-qon tomirlari sohasida ham sifatli tibbiy yordam ko‘rsatishga hissa qo‘shish maqsadida O‘zbekistonga qaytdim. O‘tgan yili Moskvadagi Bakulev klinikasida faoliyat yuritayotgan qoraqalpog‘istonlik do‘stim, tajribali jarroh Dauletbay Juginisovni ham Farg‘onaga chaqirdik. Ayni kunda biz faoliyat yuritayotgan Respublika ixtisoslashtirilgan kardiologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazining Farg‘ona mintaqaviy filialida viloyat hokimligining moddiy yordami asosida yurak-qon tomirlarida murakkab jarrohlik amaliyoti o‘tkazish uchun barcha sharoit yaratilgan. Birgina o‘tgan yil davomida Dauletboy bilan hamkorlikda 300 tadan ortiq jarrohlik amaliyotini o‘tkazdik.
Chindan ham keyingi yillarda yurtimizda sifatli tibbiyotni xalqqa yaqinlashtirish yo‘lida jiddiy o‘zgarishlar yuz bermoqda. Avvallari faqat xorijiy davlatlarda amalga oshiriladigan murakkab turdagi jarrohlik amaliyotlarini viloyatlarda ham o‘tkazish imkoniyati yaratilyapti. Bu ijobiy jarayon, tabiiyki, Kamoliddin Rahmonov kabi xorijiy mamlakatlardagi nufuzli klinikalarda faoliyat yuritayotgan yuqori malakali shifokorlarning yurtimizga qaytishiga turtki berayotgani ayni haqiqat.
<iframe width="650" height="420" src="https://www.youtube.com/embed/JSQ_Y-eqD8c" title="Oʻzbekistonga qaytganim – baxtim!" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" allowfullscreen></iframe>Muqimjon Qodirov (surat, video) O‘zA