O‘zbekistonda sarguzasht turizmini rivojlantirish – yangi bosqichda
O‘zbekiston o‘zining betakror tabiati, azim tog‘lari, shaffof daryolari va keng cho‘llari bilan sarguzasht hamda ekstremal turizmni rivojlantirish uchun ulkan salohiyatga ega mamlakat. Aynan shu imkoniyatlardan samarali foydalanish maqsadida Turizm qo‘mitasi raisi rahbarligida turizmning faol turlari bo‘yicha federatsiyalar vakillari, qator davlat tashkilotlari mas’ullari ishtirokida ochiq muloqot tashkil etildi.
Uchrashuvda mamlakatda faol turizmni rivojlantirish bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlar, sohadagi mavjud imkoniyatlar, dolzarb muammolar hamda istiqbolli takliflar atroflicha muhokama qilindi.
Ochiq muloqotda O‘zbekiston faol turizmni rivojlantirish uchun katta tabiiy va geografik salohiyatga ega mamlakat ekani, yurtimizda tog‘lar, daryolar, ko‘llar, cho‘l hududlari hamda noyob tabiiy landshaftlar sarguzasht va ekstremal turizmni rivojlantirish uchun salohiyatli ekani qayd etildi.

Hozirda respublikada turizmning faol turlari bo‘yicha 10 dan ortiq federatsiyalar faoliyat yuritmoqda. Ular tarkibida 20 ga yaqin turli klublar tashkil etilgan bo‘lib, mazkur tuzilmalar tomonidan turoperatorlar bilan hamkorlikda tog‘ turizmi, trekking, rafting, veloturizm, mototurizm, avtosayohatlar, tog‘ chang‘isi, paraplan va boshqa yo‘nalishlarda turistik turlar tashkil qilinmoqda. Shuningdek, mamlakat bo‘ylab har yili 30 dan ortiq turli sport va turistik tadbirlar o‘tkazilib, ular mahalliy va xorijiy sayyohlarni jalb etishga xizmat qilmoqda.

Ochiq muloqot davomida sohani yanada rivojlantirish maqsadida bir qator muhim tashabbuslar muhokama qilindi. Jumladan, faol turizm marshrutlarini ishlab chiqish va ularning yagona reyestrini shakllantirish, marshrutlarni murakkablik darajasi, mavsumiyligi va xavfsizlik talablari asosida tasniflash hamda ekspert baholash tizimini joriy etish masalalari ko‘rib chiqildi.
Shuningdek, turistlar xavfsizligini ta’minlash maqsadida yo‘riqchi-yo‘lboshlovchilarning milliy reyestrini yuritish va muntazam yangilab borish muhim vazifalardan biri sifatida belgilandi. Bu esa sayyohlarga malakali mutaxassislar xizmatidan foydalanish imkonini yaratib, xizmatlar sifatini yanada oshiradi.

Muhokamalarda muhofaza etiladigan va chegaraoldi hududlarga turistlarni kiritish tartiblarini soddalashtirish masalasiga ham alohida e’tibor qaratildi. Bu kabi choralar mamlakatning noyob tabiiy hududlaridan turizm maqsadlarida samarali foydalanish hamda yangi turistik mahsulotlarni shakllantirishga xizmat qilishi ta’kidlandi.
Bundan tashqari, faol turizm infratuzilmasining milliy standartlarini ishlab chiqish va joriy etish zarurligi qayd etildi. Xususan, kempinglar, sanitariya-gigiyena shoxobchalari, shoshilinch aloqa vositalari, xavfsizlik elementlari, yashil marshrutlar va ekologik so‘qmoqlarni tashkil etish bo‘yicha yagona talablarni belgilash rejalashtirilmoqda. Bu esa turistlar uchun qulay va xavfsiz muhit yaratish bilan birga tabiiy resurslarni muhofaza qilishga ham xizmat qiladi.
Dildora DO‘SMATOVA,
O‘zA