O‘zbekistonda odam savdosiga qarshi qanday kurashilmoqda?
Mamlakatimizda 30-iyundan 30-iyulgacha Odam savdosiga qarshi kurashish oyligi o‘tkazilmoqda.
Odam savdosi – bu zamonaviy qullikdir, chunki u inson huquqlarini butunlay toptab, odamlarni majburlash, aldov va zo‘ravonlik orqali ekspluatatsiya qilishga asoslanadi.
BMT ma’lumotlariga ko‘ra, dunyoda har yili 2,7 milliondan ortiq inson odam savdosi qurboniga aylanadi. Ularning qariyb 70 foizini ayollar va voyaga yetmagan bolalar tashkil etadi.
Odam savdosi qurbonlari ko‘p hollarda jismoniy, ruhiy va jinsiy zo‘ravonlik orqali qo‘rquv ostida ushlab turiladi. Eng yomoni, qullikka tushgan insonlarning tana a’zolarini noqonuniy tarzda ko‘chirib o‘tkazish amaliyotlari ham uchraydi.
O‘zbekistonda odam savdosiga qarshi kurashish, undan jabrlangan shaxslarni har tomonlama himoya qilish, munosib mehnat tamoyillarini ilgari surish borasida Prezidentimiz boshchiligida tizimli islohotlar amalga oshirilayotir.
Bu boradagi mamlakatimiz tajribasi xalqaro miqyosda o‘rganish va qo‘llash uchun muvaffaqiyatli model sifatida qaralayotgani XMT tomonidan e’tirof etilgan. 2024-yil iyun oyida O‘zbekiston XMTning Ma’muriy kengashiga saylangani buning yorqin ifodasidir.
Senat Raisi, Odam savdosiga qarshi kurashish va munosib mehnat masalalari bo‘yicha milliy komissiya raisi Tanzila Norboyeva mazkur yo‘nalishdagi ishlar samaradorligiga e’tibor qaratib kelmoqda.
Nafaqat milliy komissiya yig‘ilishlari, balki boshqa anjumanlar, muloqotlarda davlat siyosatining asosini tashkil etuvchi inson qadri va haq-huquqlari himoyasini ta’minlash, aynan shu masalada idora va tashkilotlardan to‘laqonli faoliyat yuritishni talab qilish, xorijiy safarlarda o‘sha mamlakatdagi O‘zbekiston fuqarolari bilan uchrashish va fikrlashish, muammolariga yechim topish kabi sa’y-harakatlar muntazamlik kasb etgan.
Shu bilan birga, bu yo‘nalishda milliy qonunchilik va huquqni qo‘llash amaliyoti takomillashtirildi. Odam savdosiga qarshi kurashish va munosib mehnat tamoyillarini keng joriy etishning tashkiliy va amaliy chora-tadbirlari kuchaytirildi.
Aholining odam savdosi va munosib mehnat masalalari bo‘yicha xabardorligi oshirildi. Ishlab chiqarish tarmoqlarida xalqaro mehnat sohasidagi texnik standartlarni joriy etishga e’tibor kuchaytirildi. Xalqaro hamkorlik faollashtirildi.
Odam savdosiga qarshi kurashish va munosib mehnat tamoyillarini keng joriy etish, sohaga doir qonunchilik asoslarini takomillashtirish maqsadida ko‘plab normativ-huquqiy hujjat qabul qilindi. Xalqaro mehnat tashkilotining qator konvensiyalari ratifikatsiya qilindi.
Mehnat inspeksiyasining vakolatlari kengaytirildi. Inspeksiyaga mehnat huquqlari va mehnatni muhofaza qilish to‘g‘risidagi qonunchilikka rioya etilishi yuzasidan tekshiruvlarni to‘siqlarsiz o‘tkazish vakolati berildi.
Milliy komissiya tomonidan o‘tkazilgan o‘rganishlar davomida qonunbuzilishi holatlarini bartaraf etish maqsadida ish beruvchilarga yozma ko‘rsatma va taqdimnomalar kiritib borilmoqda.
Odam savdosiga qarshi kurashish, sohaga doir qonunchilik asoslarini takomillashtirish maqsadida bir qator normativ-huquqiy hujjatlar qabul qilingan.
O‘zbekiston Respublikasi qonunchiligiga ko‘ra, odam savdosi eng og‘ir jinoyatlardan biri hisoblanadi. 2025-yil 20-mayda “Odam savdosi jinoyati uchun jazo choralari kuchaytirilayotganligi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 135-moddasiga o‘zgartirish kiritish to‘g‘risida”gi qonun kuchga kirdi.
Qonun bilan Jinoyat kodeksining 135-moddasiga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritildi. Odam savdosi bilan shug‘ullangan shaxslar 3 yildan 5 yilgacha ozodlikdan mahrum qilinadi. Og‘irlashtiruvchi holatlarda esa, agar jinoyat bir guruh shaxslar tomonidan, takroran yoki voyaga yetmagan bolalarga nisbatan sodir etilsa, jazo muddati 5 yildan 10 yilgacha, eng og‘ir holatlarda esa 12 yildan 15 yilgacha ozodlikdan mahrum qilishni tashkil etadi.
Keyingi paytda odam savdosiga oid jinoyatlarni aniqlash va aybdor shaxslarni javobgarlikka tortish borasida sezilarli o‘zgarishlar kuzatildi.
Odam savdosiga oid jinoyatlardan jabrlangan shaxslarga tibbiy-psixologik va huquqiy yordam ko‘rsatish, ularning bandligini ta’minlash, tadbirkorlikka jalb etish, uy-joy muammolarini hal etishda amaliy yordam ko‘rsatish tizimli yo‘lga qo‘yildi.
T.Norboyevaning qayd etishicha, “ayrim hollarda fuqarolarimizning mehnat huquqlari buzilishi, bolalar va ayollar odam savdosi qurboni bo‘lishi holatlari uchramoqda. Har bir jabrlangan yurtdoshimiz uchun adolatni ta’minlashga o‘z hissamizni qo‘shish esa bizning asosiy vazifamizdir. Muammolarni yashirmasdan, ochiq tarzda muhokama qilish, ularning oqibati bilan emas, balki ularni keltirib chiqaruvchi omillarni aniqlash va bartaraf etishimiz kerak. Bunda, nafaqat davlat organlarining, balki jamoatchilik va ijtimoiy tashkilotlarning ham faol ishtiroki zarur”.
Aytib o‘tish kerakki, odam savdosi – dunyo bo‘ylab keng tarqalgan jinoyatlardan biri bo‘lib, inson haq-huquqlarini poymol etayotgan, unga qarshi kurashish kuchaytirilganiga qaramay hamon barham topmayotgan illat hisoblanadi.
Boisi, barcha davlatlarda migratsiya misli ko‘rilmagan darajada faollashdi. Boshqa davlatlardagi shart-sharoitni bilmay turib, o‘sha yerga ishga otlanayotgan kishilar ko‘p hollarda aldanib qolmoqda. Aldov yo‘li bilan ishga taklif qilish holatlari ham kam emas.
Bunday sharoitda aholining huquqiy ongini oshirish, ularni odam savdosidan ogoh etish – dolzarb vazifa hisoblanadi.
Ma’lumki, 30-iyul – Odam savdosiga qarshi kurashish butunjahon kuni hisoblanadi. Shu munosabat bilan mamlakatimizda “30 kun – hamkorlikda odam savdosiga qarshi kurashish oyligi” boshlandi.
Odam savdosiga qarshi kurashish va munosib mehnat masalalari bo‘yicha milliy komissiya tomonidan hamkor tashkilotlar bilan birga o‘tkazilayotgan oylik davomida odam savdosi jinoyatining oldini olishga e’tibor yanada kuchaytirildi. Bu jinoyat qanday yuz berishi va oqibatlari haqida aholining xabardorligini oshirishga qaratilgan keng ko‘lamli targ‘ibot tadbirlari amalga oshirilmoqda.
Norgul Abduraimova, O‘zA