O‘zbekistonda MAGATEning INIR ikkinchi bosqich kuzatuv missiyasi boshlandi
Bugun “O‘zatom” agentligida Xalqaro atom energiyasi agentligi (MAGATE)ning milliy yadroviy infratuzilmani kompleks baholash (INIR) bo‘yicha ikkinchi bosqich kuzatuv missiyasi o‘z ishini boshladi.
Shu munosabat bilan tashkil etilgan tadbirda “O‘zatom” agentligi direktori Azim Ahmedxo‘jayev, MAGATE xalqaro ekspertlar guruhi rahbari Jon Haddad va boshqalar so‘zga chiqib, O‘zbekistonda atom energiyasini rivojlantirish mamlakat iqtisodiyoti va aholi farovonligi uchun muhim imkoniyatlar yaratishi, bu jarayonda xalqaro hamkorlik muhim o‘rin tutishi ta’kidlandi.
Qayd etilganidek, mazkur missiya O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining topshirig‘ini bajarish maqsadida xalqaro standartlar va MAGATE talablari asosida o‘tkazilmoqda. Uning asosiy maqsadi milliy yadroviy infratuzilmaning tayyorgarlik darajasini baholash, 2021-yilgi missiya davomida berilgan tavsiyalar ijrosini ko‘rib chiqish hamda atom energiyasidan foydalanish sohasidagi boshqaruv va tartibga solish tizimini yanada takomillashtirish bo‘yicha tavsiyalar ishlab chiqishdan iborat.

Missiya tarkibida MAGATEga a’zo davlatlar, xususan, Iordaniya, Braziliya, Dominikan Respublikasi va Turkiyadan xalqaro ekspert ishtirok etmoqda. Ular Osiyo va Yevropa mamlakatlarida, jumladan, Vetnam, Filippin, Polsha, Estoniya va Qozog‘istonda shunday missiyalarni o‘tkazish bo‘yicha katta tajribaga ega.
Shu o‘rinda ta’kidlash kerakki, INIR – MAGATEga a’zo davlatlarga yadro energetikasini joriy etish jarayonida zarur bo‘lgan milliy infratuzilmaning holatini baholashda yordam beruvchi kompleks mexanizm hisoblanadi. U xavfsiz, ishonchli va barqaror yadro energetikasi dasturini shakllantirish uchun zarur bo‘lgan asosiy yo‘nalishlarni qamrab oladi.
O‘zbekistonning Xalqaro atom energiyasi agentligi bilan hamkorligi ko‘p yillik tajribaga ega. Mazkur missiyada yadro energetikasi dasturini amalga oshiruvchi milliy idora sifatida “O‘zatom” agentligi, shuningdek, mustaqil tartibga soluvchi organ sifatida Sanoat, radiatsiya va yadro xavfsizligi qo‘mitasi vakillari ishtirok etmoqda. Uchrashuvlar davomida 2021-yilgi missiyadan keyin amalga oshirilgan ishlar va erishilgan natijalar muhokama qilindi.

– Prezidentimizning topshirig‘iga asosan O‘zbekiston Respublikasida birinchi marta integratsiyalashgan atom elektr stansiyasi qurilishi amalga oshirilmoqda. Ushbu loyiha doirasida qurilishga tayyorgarlik darajasi va milliy yadroviy infratuzilmaning holatini baholash maqsadida hozirda Xalqaro atom energiyasi agentligining INIR missiyasi o‘tkazilmoqda. INIR missiyasining ikkinchi bosqichi 2021-yilda qurilishga tayyorgarlik jarayoni doirasida o‘tkazilgan edi. O‘sha vaqtda MAGATE ekspertlari tomonidan berilgan tavsiyalar asosida mamlakatimizda qator ishlar amalga oshirildi. Hozirgi missiya davomida esa mazkur ishlar natijalari va keyingi bosqichlarga tayyorgarlik holati baholanmoqda.
Ushbu jarayon milliy yadroviy infratuzilmaning xalqaro talablarga muvofiqligini aniqlash, mavjud imkoniyatlarni baholash va kelgusi vazifalarni belgilashda muhim ahamiyatga ega, – dedi “O‘zatom” agentligi bosh mutaxassisi Habibullo Abdulmalikov.

Shuningdek, kunning ikkinchi yarmida “Milliy pozitsiya”, “Yadro xavfsizligi” va “Boshqaruv” kabi asosiy yo‘nalishlar bo‘yicha amaliy muhokamalar bo‘lib o‘tdi. O‘zbekiston tomoni 2035-yilgacha mo‘ljallangan energetika siyosati, yadro xavfsizligi sohasidagi normativ-huquqiy va texnik bazani takomillashtirish rejalari, tartibga soluvchi organ faoliyati hamda mamlakat yadro-energetika dasturiga jalb etilgan tashkilotlarning boshqaruv tizimi haqida ma’lumot taqdim etdi.
– Biz ikkinchi fazani yakunlab, uchinchi bosqichga o‘tamiz. Odatda, MAGATE ekspertlari yadroviy infratuzilmani rivojlantirish, qonunchilik bazasini takomillashtirish, inson resurslarini shakllantirish hamda yadro dasturini amalga oshirish uchun zarur bo‘lgan barcha yo‘nalishlarga alohida e’tibor qaratadi. Keyingi missiya stansiyani ishga tushirish bosqichiga yaqinroq vaqtda o‘tkaziladi. Unda ekspertlar qaysi yo‘nalishlarni yanada rivojlantirish zarurligi, qaysi elementlar qo‘shimcha ishlarni talab qilishi, kelajakdagi stansiyani ekspluatatsiya qilish, xodimlar salohiyatini oshirish va xavfsizlikni ta’minlash bo‘yicha o‘z tavsiyalarini beradi.

Umuman olganda, bu yadro dasturini amalga oshirishda ustuvor vazifalarni belgilab beruvchi muhim va foydali missiya hisoblanadi. Hozirda xalqaro ekspertlar O‘zbekiston tomoni tayyorlagan hisobot bilan tanishmoqda. Unda amalga oshirilgan ishlar va kelgusi rejalar aks ettirilgan. Ekspertlar yadro xavfsizligi, sohani 2040-yilgacha rivojlantirish rejalari, me’yoriy-huquqiy bazani takomillashtirish, atom elektr stansiyasini xavfsiz ekspluatatsiya qilish, shuningdek, energetika tizimi va atrof-muhit xavfsizligi bilan bog‘liq masalalarni o‘rganmoqda, – dedi Atom elektr stansiyasi qurilishi direksiyasi boshqarmasi boshlig‘i Aleksandra Xidirnazarova.
Eslatib o‘tamiz, missiya o‘z ishini 26-iyunga qadar davom ettiradi. Uning yakunlari bo‘yicha MAGATE tomonidan O‘zbekiston Respublikasining milliy yadroviy infratuzilmasini yanada rivojlantirish bo‘yicha tavsiyalarni o‘z ichiga olgan yakuniy hisobot tayyorlanadi.
Nasiba Ziyodulayeva, O‘zA