O‘zbekistonda ilk makroiqtisodiy tanlov — “CBU Challenge” o‘tkazildi
Mamlakatimizda ilk bor “CBU Challenge” intellektual tanlovi o‘tkazildi.
Ushbu tadbir makroiqtisodiy tahlil, prognozlash va pul-kredit siyosati sohasida yoshlarning bilim va salohiyatini oshirishga qaratilgan. Shuningdek, ularni amaliyotda qaror qabul qilish ko‘nikmalari bilan ta’minlovchi muhim maydon sifatida e’tirof etildi.
Qolaversa, mazkur tashabbus makroiqtisodiy tahlil, prognozlash va pul-kredit siyosati sohasida yoshlar salohiyatini rivojlantirishga qaratilgan yangi amaliy maydon sifatida ahamiyat kasb etdi. Tanlov yosh iqtisodchilarni real iqtisodiy jarayonlarni tahlil qilish, strategik qarorlar ishlab chiqish va o‘z g‘oyalarini himoya qilishga undadi.
[gallery-28363]
“CBU Challenge” tanlovi yoshlar o‘rtasida iqtisodiy tafakkurni rivojlantirish, ilmiy-tahliliy salohiyatni oshirish hamda makroiqtisodiy jarayonlarni amaliy tahlil qilish ko‘nikmalarini shakllantirishga qaratildi. Shuningdek, mazkur tashabbus orqali talabalar va yosh mutaxassislarni iqtisodiyot sohasidagi dolzarb masalalarga keng jalb etish, ularning analitik fikrlash va prognozlash qobiliyatini rivojlantirish maqsad qilindi.
Bunday intellektual tanlovlar yoshlarning nazariy bilimlarini amaliyot bilan uyg‘unlashtirish, kelajakda iqtisodiyot sohasida yuqori malakali kadrlar tayyorlashda muhim ahamiyat kasb etadi.
Tanlovda respublika bo‘ylab 33 ta oliy ta’lim muassasasidan 141 ta jamoa ishtirok etish istagini bildirdi. Shundan 132 ta jamoa saralash bosqichida qatnashib, real iqtisodiy ko‘rsatkichlar asosida tahlillar o‘tkazdi, prognozlar ishlab chiqdi hamda o‘z takliflarini taqdim etdi.
Kuchli raqobat natijasida eng yuqori ko‘rsatkichlarni qayd etgan 10 ta jamoa final bosqichiga yo‘llanma oldi. Bu esa mamlakatimizda yoshlar o‘rtasida makroiqtisodiy tahlil va iqtisodiy tadqiqotlarga qiziqish ortib borayotganidan dalolat beradi.
Tanlov jarayonida ishtirokchilar uchun Markaziy bank ekspertlari tomonidan pul-kredit siyosati tahliliga bag‘ishlangan qator o‘quv seminarlari tashkil etildi. Ushbu mashg‘ulotlar ishtirokchilarning nazariy bilimlarini amaliy tahlil ko‘nikmalari bilan boyitishga xizmat qildi.
Shuningdek, 2026-yil 25-mart kuni AQSHning Boston Federal Rezerv tizimi qoshidagi Fed College Challenge mintaqaviy qo‘mitasi a’zosi, xalqaro ekspert professor Elizabet Kurtis ishtirokida onlayn seminar o‘tkazildi. Unda makroiqtisodiy tahlilning xalqaro tajribasi, zamonaviy yondashuvlar va iqtisodiy prognozlash usullari muhokama qilindi.
Ekspert o‘z chiqishida mazkur tanlov yosh iqtisodchilar uchun mustahkam professional poydevor bo‘lib xizmat qilishini ta’kidlab, o‘zbekistonlik yoshlarning bilim va salohiyati xalqaro miqyosda ham yuqori baholanayotganini qayd etdi.
2026-yil 26-mart kuni bo‘lib o‘tgan final bosqichida jamoalar o‘z tahliliy ishlari va strategik yondashuvlarini ekspertlar hay’ati oldida himoya qildi. Ishtirokchilar real iqtisodiy vaziyatlarga asoslangan yechimlar taklif etib, o‘z bilim va ko‘nikmalarini namoyon etdi.
Tanlov natijalari mazkur tashabbusni nafaqat bilimlar sinovi, balki yoshlarning analitik fikrlashi, kreativ yondashuvi va jamoaviy ishlash ko‘nikmalarini rivojlantiruvchi muhim platforma sifatida e’tirof etish imkonini berdi. Shu bilan birga, mazkur tanlov yoshlarni iqtisodiyot sohasida ilmiy izlanishlarga jalb qilish, ularning innovatsion g‘oyalarini qo‘llab-quvvatlashga xizmat qiladi.
Tanlov yakunlari bo‘yicha ilg‘or jamoalar va ishtirokchilarni qo‘llab-quvvatlash, ularning taklif va ishlanmalarini amaliyotga joriy etish hamda kelgusida ushbu tashabbusni yanada kengaytirish rejalashtirilmoqda.
Shahnoza Mamaturopova,
O‘ktam Hayitov (surat),
O‘zA