O‘zbekistonda ilk bor tolali zig‘ir ekib yetishtirildi
Asrlar davomida yurtimizda yetishtirib kelinadigan moyli zig‘ir mahsuloti ekologik toza va inson salomatligi uchun foydali sanaladi. Zig‘irning tola beruvchi turlari ham mavjudligini ko‘pchilik bilmasa kerak.
Qishloq xo‘jaligida bilim va innovatsiyalar milliy markazi tizimidagi Tolali ekinlar ilmiy-tadqiqot instituti ilmiy jamoasi Belarusdan aynan tola beruvchi zig‘ir urug‘larini olib kelib, uning ustida tadqiqot ishlarini amalga oshirdi, fenologik jarayonlar kuzatildi. Xo‘sh, mazkur o‘simlikning muhim jihati nimada, yurtimizda yetishtirish imkoniyatlari qanday?
– Tolali ekinlarning xalq xo‘jaligidagi ahamiyati baland, u avvalo o‘ta sifatli va tola chiqimi yuqori zig‘ir hisoblanadi, – deydi institut laboratoriya mudiri Dilshod G‘afurov. – Bugun tolali zig‘irdan yasalgan xo‘jalik buyumlari, matolarga talab oshgan.
Laboratoriyada tahlil qilganimizda, ushbu ekinning tola chiqimi 18–25 foizni tashkil etdi, sellyuloza miqdori juda ham yuqori, ya’ni 85 foizgacha chiqdi. Bunga tolali ekinlar ichida olib borilgan agrotexnik tadbirlar sabab bo‘ldi.
Abdulaziz RUSTAMOV,
O‘zA