O‘zbekistonda 180 dan ortiq hujjat JST me’yoriga moslashtirildi
Ma’lumki, so‘nggi yillarda davlatimiz xalqaro iqtisodiy aloqalarni rivojlantirish, xorijiy mamlakatlar bilan imtiyozli savdo-iqtisodiy munosabat o‘rnatishga alohida ahamiyat qaratmoqda.
Ayni payt yuqori sifatli, raqobatbardosh mahsulot ishlab chiqarish asosida jahon bozoridan mustahkam o‘rin egallash maqsadini ko‘zlagan islohotlarimiz eng faol bosqichga kirgan. Tabiiyki, bu jarayonda tashqi savdoning ahamiyati beqiyos. Ayniqsa, mamlakat eksport salohiyatini oshirish hukumatimizning doimiy e’tiborida.
Albatta, Jahon savdo tashkilotiga kirish uchun eksport salohiyatini oshirish muhim omil hisoblanadi. Binobarin, keyingi yillarda mazkur nufuzli tuzilmaga qo‘shilish yo‘lidagi ishlar yanada jadallashdi. Xususan, o‘tgan yil a’zo davlatlar bilan ikki va ko‘p tomonlama muzokarani yakunlash, milliy qonunchilikni JST hujjatlariga uyg‘unlashtirish bo‘yicha salmoqli ishlar qilindi.
Darhaqiqat, JSTga a’zo bo‘lish murakkab va uzoq davom etadigan jarayon. O‘zA muxbiri bu borada amalga oshirilgan ishlar xususida Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi boshqarma boshlig‘i O‘ktam Islomovdan intervyu oldi.
– Bugungi kunda O‘zbekiston o‘z taraqqiyotining muhim tarixiy pallasida turibdi, – deydi O‘ktam Islomov. – Prezidentimiz boshchiligida amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlarning xalqimiz farovonligini yuksaltirishga qaratilgan. Shu bilan birga mamlakatimiz jahon hamjamiyatida munosib o‘rin egallashini ta’minlash nazarda tutilgan. Jahon savdo tashkilotiga to‘laqonli a’zo sifatida kirish esa iqtisodiy strategiyamizning eng ustuvor yo‘nalishlaridan biridir.
Ayni jarayonda O‘zbekiston 180 dan ziyod me’yoriy hujjatni o‘zgartirib, JST me’yori, qoidasiga moslashtirdi. Xususan, eksport-import, sanitariya, fitosanitariya, texnik reglament bilan bog‘liq, shuningdek intellektual mulk yo‘nalishi va xizmat sohasiga aloqador ko‘plab hujjatlar muvofiqlashtirildi. Joriy yil ham 20 dan ziyod jarayonni yakuniga yetkazish nazarda tutilgan.
Ko‘p tomonlama muzokara doirasida ham ish tizimli yo‘lga qo‘yilgan. Jumladan, 12-marta ishchi guruh yig‘ilishi o‘tkazildi. Ikki tomonlama muzokara doirasida 166 a’zo davlatdan 35 tasi respublikamizga qiziqish bildirgan. Ushbu mamlakatlar bilan xizmat va tovarlar sohasida ikki tomonlama muzokara yakuniga yetkazildi.
E’tiborlisi, mazkur ro‘yxatda iqtisodiy jihatdan qudratli sanalgan AQSH, Rossiya Federatsiyasi, Xitoy kabi davlatlar, shuningdek Yevropa Ittifoqi bor. Bu mamlakat va tuzilmalar bilan ikki tomonlama bayonnomalar imzolab bo‘lindi. Joriy yil yakuniga qadar yana ikki davlat bilan muzokara nihoyasiga yetkazilib, JSTga to‘laqonli a’zo bo‘lish nazarda tutilgan.
Bir so‘z bilan aytganda, JSTga qabul qilinish milliy qonunchilikni xalqaro savdo qoidasi, standartiga moslashtirish, savdodagi ortiqcha to‘siqlarni bartaraf qilish, Tashkilot asosiy tamoyili hisoblangan tenglik, shaffoflik me’yoriga rioya etishni nazarda tutadi. Shu tariqa iqtisodiyotning barqaror rivoji uchun zamin yaratiladi, sarmoyaviy muhit yaxshilanadi.
Ushbu nufuzli tuzilmaga a’zo bo‘lish orqali mamlakatimiz xalqaro tizimga to‘laqonli integratsiyalashadi, O‘zbekistonning xalqaro maydondagi nufuzi ortib boraveradi.
Go‘zal Sattorova, O‘zA