O‘zbekiston – Yaponiya: Amaliy hamkorlikka yo‘naltirilgan muloqot
O‘zbekiston va Yaponiya o‘rtasidagi aloqalar so‘nggi yillarda sifat jihatidan sezilarli darajada o‘sib, oddiy diplomatik muloqotdan keng qamrovli strategik sheriklik darajasiga o‘tmoqda. Bu jarayon, eng avvalo, yuqori darajadagi siyosiy uchrashuvlar muntazam faollashuvida yaqqol ko‘rinadi. Masalan, shu oy boshida Toshkentda O‘zbekiston tashqi ishlar vaziri Baxtiyor Saidov Yaponiya tashqi ishlar vaziri o‘rinbosari Arfiya Eri bilan uchrashib, hamkorlikni kengaytirish, oliy darajadagi tashriflarda erishilgan kelishuvlarni amaliy bosqichga olib chiqish va siyosiy muloqotni institutsional asosda mustahkamlash masalalarini muhokama qildi. Shu jihatdan bu tashrifni shunchaki protokol uchrashuvi emas, balki ikki davlat munosabatlarining yangi bosqichini ifodalovchi muhim voqea sifatida baholash mumkin.
Muzokarada “Markaziy Osiyo + Yaponiya” formati doirasida hamkorlikni kengaytirish zarurligi alohida ta’kidlandi. Yashil iqtisodiyot, energetika, transport infratuzilmasini modernizatsiya qilish va savdo-iqtisodiy aloqalarni rivojlantirish ustuvor yo‘nalishlar sifatida e’tirof etildi. Uchrashuv yakunida mavjud dasturlarni kengaytirish, yangi qo‘shma loyihalar ishlab chiqish va vazirliklararo muloqotni tizimli yo‘lga qo‘yishga kelishildi. Demak, hamkorlik siyosiy bayonotlar darajasidan chiqib, aniq natija va mexanizm asosida rivojlana boshladi.
Umuman, so‘nggi yillarda bu jarayon izchillik kasb etgan. 2024-yil ikki davlat tashqi ishlar vazirliklari o‘rtasida 2024-2025-yillarga mo‘ljallangan hamkorlik dasturi imzolanib, siyosiy maslahatlashuv, iqtisodiy aloqani kengaytirish va gumanitar hamkorlikni rivojlantirish yo‘nalishlari belgilangan. 2023-2024-yillarda esa Yaponiya O‘zbekistonda transport, energetika va ijtimoiy infratuzilmani rivojlantirishga qaratilgan yirik loyihalarni yo‘lga qo‘ydi.
Yaponiya ko‘pyildan beri O‘zbekistonning ishonchli iqtisodiy hamkori bo‘lib kelmoqda. JICA orqali amalga oshirilayotgan loyihalar, imtiyozli kreditlar va texnik ko‘mak dasturlari mamlakat infratuzilmasini modernizatsiya qilish, sanoatni rivojlantirish va inson kapitalini mustahkamlashga xizmat qilmoqda. Energetika tizimini yangilash, transport-logistika infratuzilmasini rivojlantirish, sog‘liqni saqlash va ta’lim sohalaridagi qo‘shma dasturlar hamkorlikning amaliy natijasini ifodalaydi.
Tokio mintaqaga ta’sirini harbiy-siyosiy yo‘lbilan emas, balki iqtisodiy diplomatiya, texnologiya hamkorligi va “yumshoq kuch” unsurlari yordamida mustahkamlashga intilyapti. Shu bois vazir o‘rinbosari darajasidagi tashriflar kun chiqar yurt uchun oddiy diplomatik muloqot emas, balki uzoq muddatli strategik manfaatni ilgari surish vositasi sifatida ko‘riladi.
O‘zbekiston uchun Yaponiya bilan hamkorlik tashqi siyosatdagi ko‘p qirrali va pragmatik modelning muhim qismi hisoblanadi. Global beqarorlik sharoitida ishonchli va texnologik jihatdan rivojlangan sheriklar bilan aloqani mustahkamlash mamlakat taraqqiyoti uchun juda zarur. Yaponiya bilan hamkorlik respublikamizga yuqori texnologiya jalb etish, investitsiyani kengaytirish va zamonaviy boshqaruv tajribasini o‘zlashtirish imkonini bermoqda.
Mintaqaviy darajadagi aloqalar ham ahamiyatga ega. “Markaziy Osiyo + Yaponiya” formati doirasidagi tashabbuslar mintaqaviy barqarorlikni mustahkamlash, iqtisodiy integratsiyani chuqurlashtirish va davlatlar o‘rtasidagi bog‘liqlikni kuchaytirishga xizmat qilmoqda. Ayni yondashuvyurtimizning mintaqadagi faol tashqi siyosiy mavqeini mustahkamlamoqda.
Mutaxassislar fikricha, bugungi bosqichda O‘zbekiston–Yaponiya munosabatlari o‘ziga xos hamkorlik modeli sifatida shakllanmoqda. Unda o‘zaro manfaat, iqtisodiy samaradorlik va uzoq muddatli barqarorlik ustuvor o‘rin tutadi. Bu model zamonaviy xalqaro munosabatlarda dolzarb ahamiyat kasb etib, kelgusida hamkorlikning yanada kengayishiga zamin yaratadi.
Xulosa qilib aytganda, 2026-yil 1-maydagi uchrashuv O‘zbekiston – Yaponiya munosabatlarining yangi bosqichga o‘tayotganini yaqqol ko‘rsatdi. Eng muhimi, bu tashrif hamkorlikning amaliy mazmun kasb etayotganini, ya’ni aniq loyihalar, investitsiyalar va institutsional mexanizmlar orqali mustahkamlanayotganini tasdiqladi. Bu esa ikki davlat o‘rtasidagi strategik sheriklikning uzoq muddatli va barqaror rivojlanishiga xizmat qiladigan muhim omil sifatida namoyon bo‘lmoqda.
Durdona Toshboyeva,
Toshkent davlat sharqshunoslik universiteti
“Xalqaro munosabatlar” kafedrasi tayanch doktoranti