O‘zbekiston – Xitoy qo‘shma startap va innovatsiyalar markazini tashkil etish bo‘yicha kelishuvga erishildi
O‘zbekiston va Xitoy o‘rtasidagi ishonchli muloqot innovatsiya va ta’lim sohasidagi hamkorlikni rivojlantirish uchun mustahkam poydevor yaratmoqda. Jumladan, startap ekotizimini rivojlantirishning ahamiyati oshmoqda.
Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vaziri o‘rinbosari O‘ktam Salomov boshchiligidagi delegatsiya vakillari Xitoy Xalq Respublikasida “HICOOL” global innovatsiya va tadbirkorlik ekotizimi rahbariyati bilan rasmiy uchrashuv o‘tkazdi.
Uchrashuvda “HICOOL” modeli asosida qo‘shma inkubatsiya va akseleratsiya dasturlarini yo‘lga qo‘yish, O‘zbekiston – Xitoy qo‘shma startap va innovatsiyalar markazini tashkil etish hamda istiqbolli loyihalarni qo‘llab-quvvatlash maqsadida maxsus venchur fondini tuzish bo‘yicha kelishuvlarga erishildi.
Ma’lumot o‘rnida aytish mumkin, “HICOOL” platformasi 2020-yildan buyon faoliyat yuritib kelmoqda. Hozirga qadar u dunyoning 167 davlatidan 34 mingdan ortiq startapni birlashtirgan bo‘lib, loyiha doirasida jami 7,4 milliard AQSH dollari miqdorida investitsiya jalb qilingan.
Muloqot so‘ngida xitoylik hamkorlar “InnoWeek.Uz – 2026” xalqaro innovatsion g‘oyalar haftaligida ishtirok etishga taklif qilindi.
A.RUSTAMOV,
O‘zA