O‘zbekiston va Yaponiyadan sun’iy intellekt bo‘yicha yangi qadam
O‘zbekiston Respublikasi Raqamli texnologiyalar vazirligi hamda Yaponiya xalqaro hamkorlik agentligi (JICA) vakillari o‘rtasida sun’iy intellekt, raqamli transformatsiya va inson kapitalini rivojlantirish yo‘nalishlaridagi hamkorlik istiqbollari muhokama qilindi.
Uchrashuv davomida “Raqamli O‘zbekiston – 2030” strategiyasi doirasida amalga oshirilayotgan ustuvor vazifalar, jumladan, AT xizmatlari eksportini 5 milliard AQSH dollariga yetkazish, elektron hukumat bo‘yicha dunyoning TOP-30 davlatlari qatoriga kirish hamda 300 ming nafar yuqori malakali AT mutaxassislarini tayyorlash bo‘yicha olib borilayotgan ishlar taqdim etildi.

Shuningdek, AI Leaders dasturi, sun’iy intellekt savodxonligini oshirishga qaratilgan ta’lim tashabbuslari hamda 3000 dan ortiq xalqaro kurslarni o‘zbek tiliga tarjima qilish loyihalari haqida ma’lumot berildi.
Tomonlar O‘zbekiston AT sohasining jadal rivojlanayotganini, 2025-yilda AT xizmatlari eksporti hajmi 1 milliard AQSH dollaridan oshgani hamda bugungi kunda IT Park Uzbekistan rezidenti sifatida qariyb 4000 ta kompaniya faoliyat yuritayotganini alohida qayd etdi.

Uchrashuvda yapon tili, raqamli injiniring, sun’iy intellekt va innovatsiyalar bo‘yicha ta’lim beruvchi “Japan–Uzbekistan Digital AI Center” markazini tashkil etish istiqbollari ham muhokama qilindi.
Bundan tashqari, sun’iy intellekt boshqaruvi, raqamli salohiyatni rivojlantirish, qo‘shma seminar va treninglar tashkil etish hamda mintaqaviy hamkorlikni kengaytirish masalalari yuzasidan fikr almashildi.
Uchrashuv yakunida tomonlar raqamli texnologiyalar, yoshlar ta’limi va kelajak raqamli iqtisodiyotini rivojlantirish yo‘nalishlarida hamkorlikni yanada mustahkamlashga tayyor ekanliklarini bildirdi.
Nigora Rahmonova, O‘zA