O‘zbekiston va Xitoy o‘rtasida ilmiy-tahliliy hamkorlik yangi bosqichga chiqmoqda
Jahon miqyosida iqtisodiy taraqqiyotni ta’minlashda ilmiy-tahliliy hamkorlik muhim hisoblanadi. Shu nuqtai nazardan, O‘zbekiston va Xitoy o‘rtasidagi o‘zaro aloqalar yangi mazmun bilan boyitilmoqda.
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Makroiqtisodiy va hududiy tadqiqotlar instituti hamda Xitoy Xalq Respublikasi Davlat kengashi huzuridagi Taraqqiyot tadqiqotlari markazi o‘rtasida imzolangan anglashuv memorandumi bunga yaqqol misol bo‘la oladi.
Mazkur hujjat ikki tomon o‘rtasida iqtisodiyotning turli yo‘nalishlarida tajriba almashish, ilmiy-tahliliy hamkorlikni yanada mustahkamlash hamda o‘zaro manfaatli sheriklikni kengaytirish uchun mustahkam huquqiy asos yaratadi.
Memorandum doirasida bir qator ustuvor yo‘nalishlarda hamkorlikni rivojlantirish ko‘zda tutilgan. Jumladan, qo‘shma ilmiy tadqiqotlar va tahliliy ishlar amalga oshiriladi, turli seminarlar, konferensiyalar va treninglar tashkil etiladi. Shuningdek, mutaxassislar o‘rtasida xizmat safarlari orqali tajriba almashish yo‘lga qo‘yiladi.
MHTI axborot xizmatiga ko‘ra, tomonlar o‘zaro kelishuv asosida yangi hamkorlik yo‘nalishlarini ham izchil ravishda kengaytirishni rejalashtirmoqda. Bu esa, o‘z navbatida, ikki davlat o‘rtasidagi ilmiy va iqtisodiy aloqalarni yanada chuqurlashtirishga xizmat qiladi.
N.Ziyodullayeva,
O‘zA