O‘zbekiston va Fransiya: Nogironligi bo‘lgan shaxslar huquqini himoya qilishda hamkorlik
Jahonda nogironligi bo‘lgan shaxslarni qo‘llab-quvvatlash, ularning huquq va manfaatlarini himoya qilish hamda jamiyat hayotiga to‘liq jalb etish masalasi tobora dolzarb ahamiyat kasb etmoqda.
Bu borada xalqaro tajriba almashish va hamkorlikni kengaytirish muhim o‘rin tutadi. O‘zbekiston ham ushbu yo‘nalishda qator davlatlar bilan samarali muloqotni yo‘lga qo‘yib, ijtimoiy himoya tizimini yanada takomillashtirishga alohida e’tibor qaratmoqda.
Shu munosabat bilan O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Ijtimoiy himoya milliy agentligi direktorining o‘rinbosari Usmon Sharifxo‘jayev Fransiya Nogironlik masalalari bo‘yicha Vazirlararo qo‘mitasi Bosh kotibi Selin Pule bilan onlayn uchrashuv o‘tkazdi.

Uchrashuv davomida tomonlar nogironligi bo‘lgan shaxslar huquqlarini himoya qilish, inklyuziv ta’limni rivojlantirish, ularning bandligini ta’minlash va qulay muhit yaratish masalalari yuzasidan fikr almashdi.
Agentlik vakillari mamlakatimizda amalga oshirilayotgan islohotlar haqida ma’lumot berib, jumladan, “Inson” markazlari faoliyati va ijtimoiy xodimlar tizimi orqali aholiga ko‘rsatilayotgan xizmatlar haqida to‘xtaldi.
Fransiya tomoni esa o‘z tajribasi bilan o‘rtoqlashib, nogironligi bo‘lgan shaxslarni ishga joylashtirish, ularga individual yordam ko‘rsatish hamda raqamli ish yarmarkalarini tashkil etish kabi amaliyotlar haqida ma’lumot berdi. Shuningdek, O‘zbekistonda nogironligi bo‘lgan yoshlar uchun oliy ta’lim muassasalarida ajratilgan kvota tizimi fransuz tomoni tomonidan ijobiy tajriba sifatida e’tirof etildi.
Uchrashuv yakunida o‘zaro hamkorlikni yanada mustahkamlash, tajriba almashishni davom ettirish va kelgusida qo‘shma tashabbuslarni amalga oshirish bo‘yicha kelishildi.
Mazkur muloqot mamlakatimizda nogironligi bo‘lgan shaxslar huquqlarini himoya qilish, ularning jamiyat hayotida faol ishtirokini ta’minlash va ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash tizimini yanada rivojlantirishga xizmat qilishi kutilmoqda.
Muhayyo Toshqorayeva, O‘zA