O‘zbekiston–Turkmaniston o‘rtasida to‘g‘ridan-to‘g‘ri aviaqatnovlar tiklanishi mumkin
O‘zbekiston va Turkmaniston o‘rtasida transport-logistika aloqalarini yanada rivojlantirish, xalqaro tashuvlar samaradorligini oshirish hamda milliy tashuvchilar uchun qulay sharoitlar yaratish masalalari muhokama qilindi.
O‘zbekiston transport-logistika sohasi vakillari hamda Turkmanistonning O‘zbekistondagi Favqulodda va muxtor elchisi Shadurdi Meredov ishtirokida uchrashuv bo‘lib o‘tdi.
Muloqotda Transport va logistikani rivojlantirish muammolarini o‘rganish markazi direktori Bekzod Xolmatov, Tashqi ishlar vazirligi, O‘zbekiston xalqaro avtomobil tashuvchilari uyushmasi vakillari, milliy tashuvchilar hamda transport-ekspeditorlik kompaniyalari rahbarlari ishtirok etdi.
Muzokaralarda ikki davlat o‘rtasidagi avtomobil va temir yo‘l tashuvlarini yanada jadallashtirish, chegaradan o‘tish jarayonlarini soddalashtirish va logistik xarajatlarni kamaytirishga qaratilgan qator takliflar ilgari surildi. Xususan, haydovchilar uchun vizalarni elektron tarzda rasmiylashtirish va to‘lov jarayonlarini optimallashtirish, Farap–Olot chegara o‘tish punktida navbatlarni qisqartirish va kutish muddatlarini kamaytirish masalalariga alohida e’tibor qaratildi.
Shuningdek, tez buziladigan mahsulotlarni tashish uchun alohida transport koridorini tashkil etish, neytral hududda ikkinchi ko‘prik qurish, Turkmanboshi porti orqali avtomobil va temir yo‘l tashuvlarini kengaytirish muhim vazifalar sifatida qayd etildi. Tomonlar, shuningdek, vazn-gabarit cheklovlarini qayta ko‘rib chiqish va O‘zbekiston–Turkmaniston o‘rtasida to‘g‘ridan-to‘g‘ri aviaqatnovlarni qayta tiklash masalalarini ham muhokama qildi. Bu takliflarning amalga oshirilishi ikki mamlakat o‘rtasida yuk tashish hajmini oshirish, tranzit yo‘laklaridan samarali foydalanish, tadbirkorlar uchun vaqt va xarajatlarni tejash hamda mintaqaviy logistika zanjirlarini mustahkamlashga xizmat qilishi mumkin.
Turkman tomoni bildirilgan takliflarni o‘rganib chiqish va ularni tegishli davlat organlariga yetkazishga tayyorligini bildirdi.
Uchrashuv yakunida O‘zbekiston va Turkmaniston o‘rtasidagi transport-logistika hamkorligini izchil davom ettirish, tashuvchilar uchun qulay shart-sharoitlar yaratish va mavjud logistik to‘siqlarni bosqichma-bosqich bartaraf etish bo‘yicha kelishuvga erishildi.
Qayd etilishicha, transport yo‘laklarining samarali ishlashi nafaqat ikki davlat o‘rtasidagi savdo-iqtisodiy aloqalarni kuchaytiradi, balki O‘zbekistonning Kaspiy dengizi orqali Yevropa va boshqa xalqaro bozorlarga chiqish imkoniyatlarini ham kengaytiradi.
Sh.Mamaturopova,
O‘zA