O‘zbekiston turizmi yangi bosqichga chiqmoqda
Mamlakatimizda xorijlik sayyohlarni o‘ziga chorlovchi chiroyli manzaralar, tarixiy maskanlar ko‘p.
Turizm sohasida amalga oshirilayotgan islohotlar natijasida O‘zbekistonga kelayotgan xorijiy sayyohlar oqimi 10 milliondan oshdi. Bu shunchaki mehmonlar soni ko‘payganini emas, O‘zbekistonning xalqaro sayyohlik xaritasidagi o‘rni tobora mustahkamlanayotganini anglatadi.
Turizm qo‘mitasi matbuot xizmatining ma’lum qilishicha, 2026-yilning yanvar-sentabr oylarida 10,3 million nafar xorijiy sayyoh yurtimizga tashrif buyurdi. Bu o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 20,4 foiz ko‘p. E’tiborlisi, o‘sish birgina an’anaviy turistik bozorlar hisobiga ta’minlanayotgani yo‘q. O‘zbekistonga qiziqish geografiyasi kengayib bormoqda. Xususan, Xitoydan kelgan sayyohlar soni 2,1 barobar, Malayziyadan 1,9 barobar, Misr va Ruminiyadan 1,8 barobar, Indoneziyadan 1,7 barobar, Yaponiyadan 1,5 barobar, AQSHdan 1,4 barobar, Rossiyadan esa 1,3 barobar oshgan. Yevropa bozorida ham ijobiy dinamika kuzatilmoqda. Germaniya va Buyuk Britaniyadan keluvchilar 25 foizga, Fransiyadan 21 foizga, Turkiyadan 15 foizga ko‘paygan.
Osiyo bozorlaridagi yuqori o‘sish mamlakatning tarixiy-madaniy merosi, ziyorat turizmi, gastronomik va zamonaviy sayyohlik imkoniyatlariga qiziqish ortib borayotganidan dalolat beradi.
Sayyohlar sonidagi o‘sishning yana bir muhim jihati bor. Turizm endi faqat mehmonlarni qabul qilish sohasi emas, balki xizmatlar eksportining muhim yo‘nalishiga aylanmoqda. Yanvar-sentabr oylarida turistik xizmatlar eksporti 5,3 milliard dollarga yetdi. Bu 2025-yilning mos davriga nisbatan 51,2 foiz ko‘p. Demak, xorijiy sayyoh O‘zbekistonga kelib, nafaqat tarixiy obidalarni tomosha qiladi, balki mehmonxonada yashaydi, transport xizmatlaridan foydalanadi, umumiy ovqatlanish shoxobchalariga tashrif buyuradi, milliy hunarmandchilik mahsulotlarini xarid qiladi, ekskursiya va boshqa xizmatlarga mablag‘ sarflaydi. Shu tariqa bir turistning tashrifi iqtisodiyotning bir nechta tarmog‘iga bir vaqtning o‘zida ta’sir ko‘rsatadi.
Sentyabr oyining o‘zida mamlakatga 1,2 million nafar sayyoh kelgani ham mavsumiy faollik yuqori darajada ekanini ko‘rsatmoqda.
Muhayyo Toshqorayeva,
O‘zA