O‘zbekiston-Rossiya: ta’limdagi hamkorlik
Rossiya Federatsiyasining Tatariston Respublikasi mehnat, bandlik va aholini ijtimoiy muhofaza qilish vaziri Elmira Zaripova hamda ta’lim va fan vaziri Ilsur Hadiullin boshchiligidagi delegatsiya a’zolari Buxoro muhandislik-texnologiya institutida bo‘ldi.
Mehmonlar bilan bo‘lib o‘tgan muzokara davomida Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi Buxoro viloyati hududiy boshqarmasi boshlig‘i Azamat Naimov, hamda viloyatdagi oliy ta’lim muassasalari rektorlari qatnashdi.
Bugungi kunda ikki mamlakat o‘rtasida turli tarmoqlarda sheriklikka oid istiqbolli loyihalar amalga oshirilib, yangi industrial parklarni ochish va mavjudlarini rivojlantirish, innovatsiyalar, muhandislik va axborot texnologiyalari sohalari hamda ta’lim jarayonini modernizatsiya qilish bo‘yicha hamkorlik dasturlari qabul qilingan.
– Keyingi yillarda Tatariston Respublikasidagi oliy ta’lim muassasalari bilan hamkorlikda yuqori natijalarga erishmoqdamiz, – deydi Buxoro muhandislik-texnologiya instituti rektori Sadoqat Siddiqova. –Tataristonning Qozon federal universiteti va Almativiskiy instituti bilan “ilg‘or muhandislik maktabi”ni tashkil etish, akademik mobillik, qo‘shma ta’lim, ilmiy va innovatsion, texnika-texnologiya yo‘nalishida muvaffaqiyatli faoliyat yuritmoqdamiz.

– Tataristonda 45 ta davlat oliy ta’lim muassasasi mavjud bo‘lib unda 148 mingdan ziyod talaba tahsil olmoqda, – deydi ta’lim va fan vaziri Ilsur Hadiullin. –Biz tog‘ sanoati, neft-gaz sohasi, tibbiyot, pedagogika, qishloq xo‘jaligi sohasida kadrlar tayyorlash hamda ularni ish bilan ta’minlashda hamkorlik qilishdan manfaatdormiz.

Muzokaralar davomida viloyat oliy ta’lim muassasalaridagi bitiruvchilarni transport, qurilish, mashinasozlik yo‘nalishlarida ish bilan ta’minlashda manfaatli hamkorlikni yo‘lga qo‘yish bo‘yicha kelishuvga erishildi. Shuningdek, “Alabuga” erkin iqtisodiy zonasida yuqori texnologiyalar mavjudligini inobatga olib, hamkorlikda qo‘shma tadqiqotlar olib borish, o‘quv va ilmiy tadqiqotlar uchun ilmiy xodimlar amaliyotini joriy qilish, hamkorlikda ilmiy loyihalar, dual ta’limni tashkil etishda bitimlar imzolandi.
Zarif Komilov, O‘zA muxbiri.