O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining yigirmanchi yalpi majlisi to‘g‘risida AXBOROT
3-oktabr kuni Toshkent shahrida O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining yigirmanchi yalpi majlisi o‘z ishini davom ettirdi.
Unda Senat, hukumat a’zolari, vazirlik va idoralarning vakillari, mahalliy Kengashlarning deputatlari, Senat huzuridagi Yoshlar parlamenti a’zolari hamda ommaviy axborot vositalari xodimlari qatnashdi.
Videokonferensaloqa tarzida o‘tkazilgan yalpi majlisni O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Raisi Tanzila Norboyeva olib bordi.
Yalpi majlis Senatning YouTube tarmog‘idagi sahifasi orqali to‘g‘ridan-to‘g‘ri yoritib borildi.
Yigirmanchi yalpi majlisning ikkinchi ish kuni qurilish sohasida korrupsiya va manfaatlar to‘qnashuvining oldini olish yuzasidan yuborilgan parlament so‘rovi natijalarini ko‘rib chiqishdan boshlandi.
Ta’kidlanganidek, qurilish sohasi mamlakat iqtisodiy taraqqiyoti, aholi uchun qulay va xavfsiz muhit yaratish, investitsiyalarni jalb etish hamda zamonaviy infratuzilmani shakllantirishda muhim o‘rin tutadi. Shu bois sohada korrupsiyaviy xavflarni barvaqt aniqlash va bartaraf etish, manfaatlar to‘qnashuvining oldini olish hamda nazorat mexanizmlarining samaradorligini ta’minlash muhim vazifalardan biri hisoblanadi.
Parlament so‘rovi doirasida Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi vazirligi tizimida korrupsiyaviy xavflarni baholash, manfaatlar to‘qnashuvini boshqarish, davlat xaridlarining shaffofligini ta’minlash, davlat arxitektura nazoratini kuchaytirish va sohani raqamlashtirish bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlar o‘rganildi.
Jumladan, korrupsiyaviy xavflarni funksional baholash natijasida 95 ta past, 10 ta o‘rta va 1 ta yuqori xavfli yo‘nalish aniqlangan. Shuningdek, davlat arxitektura nazorati tadbirlari davomida 1,65 mingta qonunbuzilish holati hamda 1,1 mingta o‘zboshimchalik bilan qurilgan bino va inshoot aniqlangan. Mazkur holatlar bo‘yicha tegishli choralar ko‘rilib, 624 ta holatda ma’muriy choralar qo‘llanilgan, jarimalarning umumiy miqdori 68,6 milliard so‘mni tashkil etgan.
Shu bilan birga, sohada raqamli nazorat mexanizmlarini kuchaytirish maqsadida “Shaffof qurilish” milliy axborot tizimi o‘zboshimchalik bilan qurilgan bino va inshootlarni aniqlash va bartaraf etishga qaratilgan avtomatlashtirilgan tizim bilan ta’minlangan hamda “Notarius”, “E-ma’muriy ish”, “Adolat” va “UzKad” axborot tizimlari bilan integratsiya qilingan.
Davlat xaridlari sohasida “Masofaviy audit” mexanizmidan foydalanish natijasida 3 milliard so‘mlik tenderda qonunbuzilishning oldi olingan, 869,5 million so‘mlik qonunbuzilish materiallari huquqni muhofaza qiluvchi organlarga yuborilgan.
Majlisda qurilish sohasida korrupsiyaviy xavflarni kamaytirishda normativ talablarning aniq va tushunarli bo‘lishiga ham alohida e’tibor qaratildi. Vazirlik tomonidan 105 ta eskirgan normativ-texnik hujjat qayta ishlangan, 76 ta hujjatning majburiy maqomi bekor qilinib, ma’lumot uchun tavsiyaviy toifaga o‘tkazilgan.
Senatorlar o‘z chiqishlarida korrupsiyaga qarshi kurashishda qonunbuzilish sodir etilganidan keyin chora ko‘rish bilan cheklanib qolmasdan, ularga imkon berayotgan tizimli omillarni bartaraf etish, inson omilini qisqartirish, qaror qabul qilish jarayonlarining shaffofligini ta’minlash zarurligiga e’tibor qaratdi.
Muhokama yakunlari bo‘yicha vazirlikka korrupsiyaviy xavflarni muntazam qayta baholash, yuqori xavfli yo‘nalishlar bo‘yicha nazorat mexanizmlarini kuchaytirish, manfaatlar to‘qnashuvi to‘g‘risidagi deklaratsiyalarning haqqoniyligi va to‘liqligini tahlil qilish, davlat xaridlarida shaffoflikni ta’minlash, arxitektura nazoratida aniqlangan qonunbuzilishlarning tizimli sabablarini bartaraf etish hamda raqamli nazorat mexanizmlarining samaradorligini oshirish bo‘yicha vazifalar belgilandi.
Muhokama yakunida Senatning tegishli qarori qabul qilindi.
Yalpi majlisda “Iqtisodiy hamkorlik tashkiloti Toza energiya markazi Ustavini (2021-yil 27-noyabr, Ashxobod) ratifikatsiya qilish haqida”gi qonun muhokama qilindi.
Mazkur Ustav Iqtisodiy hamkorlik tashkilotiga a’zo davlatlar o‘rtasida toza va qayta tiklanuvchi energiyadan foydalanish, energiya samaradorligini oshirish hamda past uglerodli iqtisodiyotni rivojlantirish bo‘yicha hamkorlikning huquqiy asoslarini belgilaydi.
Ustavga muvofiq Toza energiya markazi a’zo davlatlar o‘rtasida hamkorlikni muvofiqlashtiradi, qayta tiklanuvchi energetika va energiya samaradorligi bo‘yicha mintaqaviy loyihalarni ishlab chiqish va amalga oshirishga ko‘maklashadi, xalqaro moliyaviy va texnik resurslarni jalb etish, shuningdek, energetika sohasida tajriba va ma’lumot almashinuvini rivojlantirishga ko‘maklashadi.
Ustavning ratifikatsiya qilinishi O‘zbekistonning Iqtisodiy hamkorlik tashkilotiga a’zo davlatlar bilan “yashil” energetika sohasidagi hamkorligini kengaytirish, qo‘shma loyihalarni amalga oshirish, xalqaro moliyaviy resurslar, grantlar va investitsiyalarni jalb etish imkoniyatlarini oshiradi.
Shu bilan birga, ilmiy-tadqiqot va kadrlar salohiyatini rivojlantirish, ilg‘or texnologiya va tajribalarni joriy etish hamda iqlim o‘zgarishiga qarshi mintaqaviy sa’y-harakatlarni birlashtirish uchun yangi imkoniyatlar yaratiladi.
Senatorlar ta’kidlaganidek, mazkur hujjatning amalga kiritilishi mamlakatimizning “yashil” iqtisodiyotga o‘tish, energiya samaradorligini oshirish va past uglerodli rivojlanish bo‘yicha maqsadlarini ro‘yobga chiqarish, shuningdek, Iqtisodiy hamkorlik tashkiloti doirasida energetika sohasidagi ko‘p tomonlama hamkorlikni yanada mustahkamlashga zamin yaratadi.
Senatorlar qonunni ma’qulladi.
Shundan so‘ng “Qozog‘iston Respublikasi, Qirg‘iz Respublikasi, Tojikiston Respublikasi, Turkmaniston, O‘zbekiston Respublikasi va Xitoy Xalq Respublikasi o‘rtasida abadiy yaxshi qo‘shnichilik, do‘stlik va hamkorlik to‘g‘risidagi Shartnomani (Ostona, 2025-yil 17-iyun) ratifikatsiya qilish haqida”gi qonun ko‘rib chiqildi.
Ta’kidlanganidek, mazkur Shartnoma “Markaziy Osiyo – Xitoy” formati doirasida imzolangan birinchi ko‘p tomonlama xalqaro shartnoma hisoblanib, Markaziy Osiyo davlatlari va Xitoy Xalq Respublikasi o‘rtasidagi uzoq muddatli hamkorlikning huquqiy asoslarini belgilab beradi.
Shartnomada davlatlarning suveren tengligi, hududiy yaxlitligi, ichki ishlarga aralashmaslik, kuch ishlatmaslik va nizolarni tinch yo‘l bilan hal etish tamoyillari asosida strategik sheriklik munosabatlarini rivojlantirish nazarda tutilgan.
Shuningdek, hujjatda siyosiy muloqot mexanizmlarini kengaytirish, savdo-iqtisodiy va investitsiyaviy hamkorlikni rivojlantirish, transport-kommunikatsiya aloqalarini kuchaytirish, energetika, sanoat kooperatsiyasi, raqamli texnologiyalar, “yashil” taraqqiyot va gumanitar sohalardagi hamkorlikni chuqurlashtirish belgilangan.
Shartnomaning amalga oshirilishi Xitoy – Qirg‘iziston – O‘zbekiston temir yo‘lini barpo etish, transport yo‘laklarini rivojlantirish, logistika infratuzilmasini modernizatsiya qilish, “Elektron Ipak yo‘li” savdo platformasini rivojlantirish kabi muhim loyihalar uchun yangi imkoniyatlar yaratadi.
Senatorlarning fikricha, qonun O‘zbekistonning Markaziy Osiyo va Xitoy o‘rtasidagi hamkorlik jarayonlaridagi ishtirokini faollashtirish, investitsiyalarni jalb qilish, eksport va tranzit salohiyatini oshirish, mintaqaviy xavfsizlikni ta’minlash hamda xalqlar o‘rtasidagi do‘stlik va o‘zaro anglashuvni yanada mustahkamlashga xizmat qiladi.
Muhokama yakunida senatorlar qonunni ma’qulladi.
Senatning yalpi majlisi davomida «O‘zbekiston Respublikasi bilan Pokiston Islom Respublikasi o‘rtasida mahkumlarni topshirish to‘g‘risidagi Bitimni (Islomobod, 2026-yil 5-fevral) ratifikatsiya qilish haqida»gi qonun muhokama qilindi.
Mazkur Bitim qoidalariga muvofiq O‘zbekiston va Pokiston ozodlikdan mahrum qilish tarzidagi jazoni o‘tayotgan mahkumlarni jazoning qolgan qismini fuqarosi bo‘lgan davlatida o‘tashi uchun topshirish masalalarida o‘zaro hamkorlikni amalga oshiradi.
Hujjatda mahkumni topshirish shartlari, rad etish asoslari, markaziy organlar, so‘rovning shakli va mazmuni, jazoni ijro etish jarayonlari, tranzit olib o‘tish hamda xarajatlarni qoplash tartibi aniq belgilab qo‘yilgan.
Senatorlarning fikricha, ushbu qonunning qabul qilinishi chet elda jazo o‘tayotgan fuqarolarimizning huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish, ijtimoiy reabilitatsiya qilish imkoniyatlarini kengaytiradi hamda ikki davlat o‘rtasidagi huquqiy hamkorlikni yanada rivojlantirish, insonparvarlik tamoyillarini amalda ta’minlash hamda jazoni ijro etish sohasidagi xalqaro hamkorlikni mustahkamlashga xizmat qiladi.
Senatorlar qonunni ma’qulladi.
Shuningdek, Senatning yalpi majlisida “Shanxay hamkorlik tashkilotiga a’zo davlatlar o‘rtasida Shanxay hamkorlik tashkilotining Giyohvandlikka qarshi kurashish markazi to‘g‘risidagi Bitimni (Tyanszin, 2025-yil 1-sentabr) ratifikatsiya qilish haqida”gi qonun ko‘rib chiqildi.
Mazkur Bitim bilan Shanxay hamkorlik tashkilotining doimiy faoliyat yurituvchi organi – Giyohvandlikka qarshi kurashish markazi ta’sis etilmoqda. Markazning joylashgan joyi etib Tojikiston Respublikasining Dushanbe shahri belgilangan.
Markaz a’zo davlatlar vakolatli organlarining giyohvand moddalar va ularning prekursorlarining noqonuniy aylanishiga qarshi kurashishdagi hamkorligini muvofiqlashtirish, kelishilgan tezkor-profilaktik tadbirlarni rejalashtirish, transmilliy uyushgan jinoiy guruhlar faoliyatiga chek qo‘yish hamda mintaqadagi narkotik vaziyatni monitoring va tahlil qilish vazifalarini bajaradi.
Senatorlarning ta’kidlashicha, mazkur qonunning qabul qilinishi giyohvandlik va narkojinoyatchilikka qarshi kurashish sohasida xalqaro hamkorlikni mustahkamlash, hamkor davlatlarning ilg‘or tajribasini o‘rganish hamda fuqarolarimiz salomatligi va mamlakatimiz xavfsizligini ishonchli ta’minlashga xizmat qiladi.
Muhokama yakunida senatorlar qonunni ma’qulladi.
Shundan keyin “Ma’muriy tartib-taomillar to‘g‘risida”gi qonun muhokama qilindi.
Qayd etilganidek, qonunning asosiy maqsadi ma’muriy organlar faoliyatida yagona huquqiy standartlarni belgilash va aholiga xizmat ko‘rsatish sifatini oshirishdan iborat.
Qonunda bir qator ijobiy va zarur normalar o‘z aksini topgan. Xususan, ma’muriy tartib-taomillarning muhim prinsiplari, dalillarni to‘plash, ma’muriy aktlarni qabul qilish va ijro etish bosqichlari mustahkamlangani davlat organlari faoliyati qonuniyligining protsessual kafolatlarini va fuqarolarning huquqlarini ta’minlashga xizmat qiladi.
Shu bilan birga, muhokamalar davomida Senat a’zolari qonunda amaliyotda qo‘llashda qiyinchiliklar tug‘dirishi mumkin bo‘lgan ayrim tizimli huquqiy muammolar, kamchiliklar, bo‘shliqlar mavjudligini, shuningdek, tushunchalar noaniq ekanini ta’kidladilar.
Qonundagi ayrim normalar amaldagi boshqa qonunchilik hujjatlariga to‘liq moslashtirilmagan. Masalan, qonunda ma’muriy aktlar ustidan sudga qadar shikoyat qilish sudda nizolashishning majburiy sharti etib belgilanmoqda. Biroq Konstitutsiyaning 55-moddasida har kimga o‘z huquq va erkinliklarini sud orqali himoya qilish, davlat organlarining hamda boshqa tashkilotlarning, ular mansabdor shaxslarining qonunga xilof qarorlari, harakatlari va harakatsizligi ustidan sudga shikoyat qilish huquqi kafolatlangan. Bu esa ijro jarayonida turlicha talqin qilish va huquqni qo‘llash amaliyotida chalkashliklarni keltirib chiqarish xavfini tug‘diradi.
Ma’muriy organlar tomonidan qarorlar qabul qilish va ularni shikoyat qilish tartiblari aniq va mukammal belgilanmagani sababli ushbu normalar amaliyotda fuqarolar manfaatlarini to‘liq himoya qila olmasligi mumkin.
Qonunda ayrim talablarni mahalliy darajadagi davlat organlari tomonidan to‘liq bajarish uchun tashkiliy-huquqiy va infratuzilmaviy sharoitlar yetarli darajada baholanmagan.
Senatorlarning ta’kidlashicha, ma’muriy tartib-taomillarni tartibga soluvchi qonun to‘liq va mukammal bo‘lishi, jamiyatda byurokratiyani qisqartirishga va fuqarolar huquqlarini haqiqatda himoya qilishga xizmat qilishi shart.
Muhokama yakunida Senat a’zolari qonunni taqdim qilingan tahrirda ma’qullash maqsadga muvofiq emas degan xulosaga kelib, uni rad etdi.
Yalpi majlisda jamiyat hayotining barcha sohalari huquqiy asoslarini mustahkamlashga va mamlakatimizda amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlar samaradorligini oshirishga, xalqaro hamkorlikni rivojlantirishga qaratilgan 16 ta masala, shu jumladan 15 ta qonun ko‘rib chiqildi.
Shuning bilan O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining yigirmanchi yalpi majlisi yakunlandi.
O‘zbekiston Respublikasi
Oliy Majlisi Senatining
Axborot xizmati