O‘zbekiston rahbarining Pokistonga tashrifi mintaqa taraqqiyotida muhim voqea sifatida baholanmoqda
Prezident Shavkat Mirziyoyevning Pokiston Islom Respublikasiga amalga oshirgan davlat tashrifi nafaqat ikki mamlakat munosabatlarida, balki butun mintaqa taraqqiyotida muhim voqea sifatida baholanmoqda.
Senatning Xalqaro munosabatlar, tashqi iqtisodiy aloqalar, xorijiy investitsiyalar va turizm masalalari qo‘mitasi raisi o‘rinbosari Odiljon Mamatkarimov shu haqda munosabat bildirdi:
– Islomobod shahrida bo‘lib o‘tgan muzokaralar, strategik hamkorlik kengashining ilk yig‘ilishi, biznes forumlar va qator uchrashuvlar O‘zbekistonning tashqi siyosatda ochiqlik, ishonchli sheriklik va amaliy hamkorlikka tayangan yangi yo‘lining izchil davom etayotganini ko‘rsatdi.
Eng muhimi, bu tashrif mamlakatimiz tashqi siyosati faqat diplomatik muloqot bilan cheklanmasdan, balki aniq iqtisodiy va investitsiyaviy natijalarga qaratilganini yana bir bor tasdiqladi.
Aytib o‘tish kerakki, keyingi yillarda Prezident Shavkat Mirziyoyev rahbarligida amalga oshirilayotgan islohotlar natijasida O‘zbekiston xalqaro maydonda mutlaqo yangi qiyofada namoyon bo‘lmoqda. Mamlakatimiz qo‘shni va uzoq davlatlar bilan munosabatlarni kengaytirib, yangi bozorlarga chiqish, investitsiyalarni jalb qilish va transport yo‘laklarini rivojlantirishga ustuvor ahamiyat qaratmoqda.
Pokistonga amalga oshirilgan tashrif aynan shu strategik maqsadlarning yana bir amaliy ifodasi bo‘ldi.
Ikki davlat rahbarlari o‘rtasida o‘tkazilgan muzokaralar davomida savdo-iqtisodiy hamkorlikni kengaytirish masalalari markaziy o‘rinni egalladi. So‘nggi yillarda ikki mamlakat o‘rtasidagi tovar ayirboshlash hajmi sezilarli o‘sgan bo‘lsa-da, tomonlar bu ko‘rsatkichni yaqin istiqbolda 2 milliard dollarga yetkazish vazifasini belgilab oldi. Bu esa iqtisodiy aloqalar mutlaqo yangi bosqichga ko‘tarilayotganidan dalolat beradi.
Tashrif doirasida farmatsevtika, yengil sanoat, qishloq xo‘jaligi, oziq-ovqat mahsulotlarini qayta ishlash, kon-metallurgiya, geologiya, raqamli texnologiyalar va boshqa sohalarda yirik investitsiya loyihalarini amalga oshirish bo‘yicha qariyb 3,5 milliard dollarlik investitsiya va savdo loyihalari portfeli shakllantirilishiga erishildi.
Mazkur yirik investitsiya va savdo loyihalarining amalga oshirilishi, avvalo, O‘zbekistonda yangi ishlab chiqarish quvvatlarini ishga tushirish, zamonaviy texnologiyalarni joriy etish va minglab yangi ish o‘rinlari yaratishga xizmat qiladi.
Zotan, xalqaro maydonda imzolanayotgan har bir kelishuv va loyihaning asosiy maqsadi – yangi korxonalar tashkil etish, ish o‘rinlarini ko‘paytirish, zamonaviy texnologiya va investitsiyalarni jalb qilish orqali hududlar iqtisodiyotini rivojlantirishga qaratilmoqda.
Bu esa, o‘z navbatida, aholi bandligini ta’minlash, oilalar daromadini oshirish, yangi biznes imkoniyatlarini kengaytirish orqali turmush darajasini yaxshilashga xizmat qilib, mamlakatda barqaror va uzoq muddatli taraqqiyot uchun mustahkam asos yaratmoqda.
Pokiston bilan transport va logistika sohasida erishilgan kelishuvlar strategik ahamiyatga ega. O‘zbekiston dengiz portlariga to‘g‘ridan-to‘g‘ri chiqish imkoniyatiga ega bo‘lmagan davlat sifatida xalqaro transport yo‘laklarini diversifikatsiya qilishdan manfaatdor. Pokiston portlari orqali jahon bozorlariga chiqish imkoniyatining kengayishi mamlakatimiz eksport salohiyatini yanada oshirishga xizmat qiladi.
Bu borada Transafg‘on temir yo‘li loyihasini amalga oshirish, yangi aviaqatnovlarni yo‘lga qo‘yish, logistika aloqalarini rivojlantirish bo‘yicha kelishuvlar Markaziy va Janubiy Osiyo o‘rtasida yangi iqtisodiy ko‘prik shakllanishida muhim o‘rin tutadi. Bu esa kelgusida O‘zbekistonni mintaqaviy tranzit markazga aylantirish imkoniyatini yanada kuchaytiradi.
Tashrif davomida madaniy va gumanitar hamkorlik ham e’tibor markazida bo‘ldi. Pokiston poytaxtidagi ko‘chalardan biri Toshkent deb nomlandi, yangi boqqa esa harbiy sarkarda, shoir va siyosatchi Bobur nomi berildi. Bu ikki xalq o‘rtasidagi tarixiy va ma’naviy yaqinlikni yanada mustahkamlashga xizmat qiladi. Do‘stona munosabat va o‘zaro hamjihatlik muhiti kuchayib, kelgusida turizm, ta’lim, madaniy almashinuv va gumanitar hamkorlik sohalarida yangi imkoniyatlarga yo‘l ochadi.
Prezident Shavkat Mirziyoyevga Pokistonning oliy davlat mukofoti – “Nishoni Pokiston” ordenining topshirilishi ham ikki davlat o‘rtasidagi munosabatlar mustahkamlanayotganining yorqin ifodasi bo‘ldi.
Xulosa qilib aytganda, Pokistonga amalga oshirilgan davlat tashrifi O‘zbekiston tashqi siyosatining yangi mazmun va amaliy natijalar bilan boyib borayotganini yana bir bor namoyon etdi.
Eng muhimi, erishilgan kelishuvlar mamlakat iqtisodiyotini uzoq muddatli rivojlantirish, yangi ish o‘rinlari yaratish, eksport salohiyatini kengaytirish va aholi farovonligini oshirishga xizmat qiladi.
N.Abduraimova, O‘zA