O‘zbekiston Prezidenti Qozog‘iston bilan ko‘p qirrali sheriklikni yanada kengaytirish muhimligini ta’kidladi
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev beshinchi Toshkent xalqaro investitsiya forumi doirasida Qozog‘iston Respublikasi Bosh vaziri Oljas Bektenovni qabul qildi.
Suhbat avvalida Oljas Bektenov davlatimiz rahbariga Qozog‘iston Respublikasi Prezidenti Qasim-Jomart Toqayevning samimiy salomi va ezgu tilaklarini yetkazdi.
O‘zbekiston – Qozog‘iston strategik sheriklik va ittifoqchilik munosabatlarini yanada chuqurlashtirishning dolzarb masalalari ko‘rib chiqildi.

Barcha darajalardagi faol muloqot mamnuniyat bilan qayd etildi. Tovar ayirboshlash hajmlari o‘sib, yaqinda qabul qilingan yangi “yo‘l xaritasi” asosida iqtisodiyotning ustuvor tarmoqlarida kooperatsiya loyihalarini amalga oshirish davom etmoqda.

Iyul oyida bo‘lib o‘tadigan Hukumatlararo komissiya yig‘ilishi hamda Aqtau shahrida o‘tkaziladigan hududlar rahbarlarining birinchi Kengashiga puxta tayyorgarlik ko‘rish muhimligi ta’kidlandi.
