O‘zbekiston pragmatik,faol tashqi siyosat yuritmoqda
Poytaxtimizda «Taraqqiyot strategiyasi» markazi tomonidan «O‘zbekistonning yangi, pragmatik va faol tashqi siyosati» mavzuida xalqaro davra suhbati bo‘lib o‘tdi.
«Taraqqiyot strategiyasi» markazi, Prezident huzuridagi Strategik va mintaqalararo tadqiqotlar instituti, Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi, Tashqi ishlar vazirligining Xalqaro munosabatlar bo‘yicha axborot-tahliliy markazi va Markaziy Osiyo xalqaro instituti ekspert-siyosatchilari hamda xalqaro tadqiqotchilar ishtirok etgan tadbirda Harakatlar strategiyasi doirasida mamlakatimizning xalqaro munosabatlar teng huquqli sub’ekti sifatidagi o‘rni va rolini oshirish, xalqaro nufuzini mustahkamlash, rivojlangan demokratik davlatlar qatoriga kirish, mamlakatning yon-atrofida xavfsizlik, barqarorlik va ahil qo‘shnichilik muhitini shakllantirish kabi masalalarning so‘nggi yillardagi mohiyati muhokama qilindi.
– So‘nggi yillarda O‘zbekistonning yangi, pragmatik va faol tashqi siyosati natijasida Markaziy Osiyo davlatlari o‘rtasida mintaqaviy hamkorlik jadallashib, savdo-iqtisodiy aloqalari yaxshilandi, –dedi «Taraqqiyot strategiyasi» markazi bo‘lim boshlig‘i Farrux Hakimov. –Xususan, O‘zbekistonning Markaziy Osiyo davlatlari bilan o‘zaro savdo aylanmasi 2019 yilda 5,2 milliard AQSH dollariga chiqdi, 2020 yilda esa global pandemiyaga qaramay, bu ko‘rsatkich 5 milliard AQSH dollarini tashkil etdi.

O‘zbekiston rahbariyati mintaqaviy hamkorlikka sodiqligini global pandemiyaning dastlabki davridanoq yana bir bor namoyish etdi va Markaziy Osiyoda “COVID-19» ga qarshi birgalikda kurashish tashabbusini ilgari surdi. Xususan, mintaqa davlatlari o‘rtasida pandemiya oqibatlarini bartaraf etish yuzasidan tajriba almashish va insonparvarlik yordamlarini ko‘rsatish yo‘lga qo‘yildi.
Shuningdek, tadbirda ekspertlar tomonidan so‘nggi yillarda eksportni rag‘batlantirishga qaratilgan chora-tadbirlar natijasida O‘zbekistonning tashqi savdo aylanmasi 72 foizga o‘sib, 2016 yildagi 24,2 milliard AQSH dollaridan 2019 yilda 41,8 milliard dollarga yetgani qayd etib o‘tildi.
Suhbat davomida ishtirokchilar tomonidan «Markaziy Osiyo mintaqaviy tartibini shakllantirishda O‘zbekistonning roli», «O‘zbekistonning dunyo davlatlari bilan savdo-iqtisodiy aloqalarini rivojlantirish», «O‘zbekistonning mintaqaviy siyosati, mintaqaviy xavfsizlik va barqaror rivojlanishni ta’minlash» hamda «O‘zbekistonning Yevropa Ittifoqi bilan hamkorligi» kabi mavzulardagi ma’ruzalar tinglanib, muhokama qilindi.
Gulnoza Boboyeva, O‘zA