O‘zbekiston milliy kosmik dasturni shakllantirmoqda (+video)
Bugungi kunda mamlakatimizda kosmik sohani rivojlantirish, milliy ilmiy salohiyatni yanada oshirishga qaratilgan ishlar izchil davom etmoqda. Fanlar akademiyasi va “O‘zbekkosmos” agentligi o‘rtasida samarali hamkorlik yo‘lga qo‘yilgan bo‘lib, ayni paytda ilk kosmonavtimizning parvozi uchun milliy kosmik dasturni shakllantirish ustida ish olib borilmoqda.
O‘zbekiston Fanlar akademiyasi vitse-prezidenti Shahlo Turdiqulovaning ta’kidlashicha, bugungi kunda kosmik tadqiqotlarda dunyoning yetakchi olimlari ishtirok etmoqda. Jumladan, biolog, kimyogar va materialshunoslar kosmik muhitda turli eksperimentlar o‘tkazmoqda. Shu bois, O‘zbekiston ham o‘z kosmik dasturini shakllantirishni boshladi. Bu borada Rossiya va AQSH olimlari bilan hamkorlikda tajriba almashinuvi yo‘lga qo‘yilgan.
Dasturni ishlab chiqishda ikki asosiy yo‘nalishga e’tibor qaratilmoqda. Birinchisi — xalqaro kosmik dasturlarda ishtirok etish orqali tajriba orttirish. Ikkinchisi esa milliy kosmik dasturni shakllantirish va rivojlantirish. Ayniqsa, ekologik masalalar, tabiiy resurslarni kosmik monitoring qilish, shuningdek, biologiya sohasidagi ilmiy tadqiqotlar ustuvor ahamiyat kasb etmoqda. Kosmik gravitatsiya sharoitida genetik o‘zgarishlarni o‘rganish ham muhim yo‘nalishlardan biri sifatida belgilangan.
Shu bilan birga, kosmonavtlar organizmi ilmiy tadqiqotlarda alohida ob’ekt sifatida qaralmoqda. Uzoq muddatli parvozlarda inson salomatligini saqlash uchun metabolizmni yaxshilashga qaratilgan dorivor preparatlar va ilg‘or hujayra texnologiyalarini qo‘llash rejalashtirilgan. Bu esa organizmning tiklanish qobiliyatini oshirishga xizmat qiladi.
Bundan tashqari, kosmik dastur doirasida qishloq xo‘jaligi sohasiga ham alohida e’tibor qaratilmoqda. Genetik olimlar tomonidan yaratilgan yangi navlar va genetik o‘zgartirilgan o‘simliklarni kosmik sharoitda sinovdan o‘tkazish rejalashtirilgan. Bu tadqiqotlar uzoq muddatli kosmik missiyalarda oziq-ovqat ta’minotini yo‘lga qo‘yishda muhim ahamiyat kasb etadi.
<iframe width="640" height="420" src="https://www.youtube.com/embed/EsoxM9HRYWU" title="O‘zbekiston milliy kosmik dasturni shakllantirmoqda" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" referrerpolicy="strict-origin-when-cross-origin" allowfullscreen></iframe>N.Rahmonova,
N.Abduvoitov (video), U.To‘xtayev (montaj), O‘zA