O‘zbekiston mahsulotlari Yevropa bozoriga chiqmoqda
Chexiya poytaxti Praga shahrida “Made in Uzbekistan”ning ochilishi mamlakatimiz eksport salohiyatini kengaytirish, milliy brendlarni xalqaro maydonda targ‘ib qilish va mahalliy ishlab chiqaruvchilar uchun yangi bozorlar eshigini ochish yo‘lidagi muhim qadam bo‘ldi.
Texnik jihatdan tartibga solish agentligi direktori Akmal Jumanazarov boshchiligidagi delegatsiyaning Chexiyaga amalga oshirgan xizmat safari doirasida qator muhim uchrashuv va muzokaralar o‘tkazildi. O‘zbekistonning Chexiyadagi elchixonasi ko‘magida tashkil etilgan tashrif davomida delegatsiya Chexiya standartlashtirish, metrologiya va sinovlar boshqarmasi (UNMZ), Chexiya Metrologiya instituti (SMI) hamda Qurilish texnik va sinov instituti (TZÚS) rahbariyati bilan muzokaralar olib bordi.
Bu haqida Texnik jihatdan tartibga solish agentligi matbuot xizmati xabar berdi.
Uchrashuvlarda savdodagi texnik to‘siqlarni qisqartirish, mahsulotlar sifatini xalqaro talablar darajasiga olib chiqish, metrologiya va standartlashtirish sohasida hamkorlikni mustahkamlash, Yevropa Ittifoqi bozor nazorati tajribasini joriy etish, shuningdek, sun’iy intellekt texnologiyalaridan foydalanish va ilmiy-innovatsion hamkorlikni rivojlantirish masalalari atroflicha muhokama qilindi.
Tashrifning yana bir muhim natijasi sifatida Chexiyada o‘zbekistonlik mutaxassislarning malakasini oshirish hamda Chexiya Metrologiya instituti bilan hamkorlikni kengaytirishga qaratilgan qator sheriklik hujjatlari imzolandi. Bu esa sohada xalqaro tajriba almashinuvini yanada jadallashtirishi kutilmoqda.

Praga shahridagi zamonaviy “Anděl Park” biznes majmuasida faoliyatini boshlagan “Made in Uzbekistan” milliy shourumi mahalliy va xorijlik tadbirkorlar hamda xaridorlarda katta qiziqish uyg‘otdi. Ushbu ko‘rgazma maydoni orqali O‘zbekistonda ishlab chiqarilayotgan mahsulotlarni Yevropa bozorida keng targ‘ib qilish, eksport hajmini oshirish va mahalliy korxonalarning Chexiya hamda Yevropa Ittifoqining boshqa davlatlari bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri ishbilarmonlik aloqalarini mustahkamlash ko‘zda tutilgan.

Ekspozitsiyada mamlakatimizning 17 ta yetakchi korxonasi tomonidan ishlab chiqarilgan 48 turdagi eksportbop mahsulotlar namoyish etilmoqda. Ularning aksariyati oziq-ovqat, to‘qimachilik, qurilish materiallari, maishiy va sanoat mahsulotlari kabi yo‘nalishlarni qamrab olgan bo‘lib, Yevropa bozori talablariga mosligi bilan ajralib turadi.

Ekspertlar fikricha, Pragada “Made in Uzbekistan” milliy shourumining ish boshlashi milliy mahsulotlarimiz uchun doimiy marketing va savdo platformasini yaratadi. Bu esa eksport geografiyasini kengaytirish, yangi sheriklar jalb qilish hamda “O‘zbekistonda ishlab chiqarilgan” brendining xalqaro nufuzini yanada mustahkamlashga xizmat qiladi.
Sh.Mamaturopova, O‘zA