O‘zbekiston jahon matbuoti sahifalarida
O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan islohotlar ichki taraqqiyotni rag‘batlantirish barobarida mamlakatimizning xalqaro maydondagi o‘rni va nufuzini ham mustahkamlamoqda. Shu bois ko‘plab yetakchi xorijiy ommaviy axborot vositalari yurtimizda iqtisodiyotni modernizatsiya qilish, ochiq va pragmatik tashqi siyosat yuritish, investitsiya va turizm uchun qulay muhit yaratish kabi ustuvor yo‘nalishlarda olib borilayotgan faol sa’y-harakatlarga e’tibor qaratmoqda.
FAZ: Sindarovning tarixiy g‘alabasi

Germaniyaning nufuzli “Frankfurter Allgemeine Zeitung” nashri o‘zbekistonlik xalqaro grossmeyster Javohir Sindarovning FIDE nomzodlar turniridagi tarixiy natijasini alohida yoritdi.
Nashr 20 yoshli shaxmatchimiz butun turnir davomida barqaror o‘yin ko‘rsatib, raqiblarini katta farq bilan ortda qoldirganini e’tirof etgan. Uning bu yutug‘i zamonaviy formatda eng kuchli natijalardan biri sifatida baholangan. Shu orqali Sindarov jahon chempionligi uchun asosiy da’vogar maqomini qo‘lga kiritgani ta’kidlanadi.
IDN Times: Xiva – tarixiy meros va zamonaviy turizm salohiyati ramzi

Indoneziyaning “IDN Times” nashri Xiva shahrini O‘zbekistonning eng qadimiy va madaniy jihatdan boy shaharlaridan biri sifatida ta’riflaydi.
Maqolada Ichan-qal’a majmuasi ko‘hna me’morchilik namunasi va Sharq sivilizatsiyasi izlarini saqlab qolgan tarixiy maskan sifatida alohida tilga olingan. Shuningdek, Xiva nafaqat muzey-shahar, balki zamonaviy turizm markazi sifatida ham tobora ommalashib borayotgani qayd etiladi.
Al Jarida: O‘zbekiston – Sharq va G‘arbni bog‘lovchi strategik hudud

Kuvaytning “Al Jarida” nashri O‘zbekistonning geosiyosiy o‘rni va mintaqaviy ahamiyati haqida maqola e’lon qildi.
Unda mamlakatimiz Markaziy Osiyoda muhim transport va savdo yo‘lida joylashgani, shu orqali Sharq va G‘arb o‘rtasidagi iqtisodiy hamkorlikni bog‘lovchi ko‘prik vazifasini bajarayotgani ta’kidlangan. Shuningdek, ochiq tashqi siyosat va qo‘shni davlatlar bilan faol muloqot O‘zbekistonning strategik ahamiyatini yanada oshirayotgani qayd etiladi.
Latin America News Agency: Sivilizatsiyalar chorrahasidagi O‘zbekiston

Lotin Amerika axborot agentligi (LANA) O‘zbekistonni qadimiy sivilizatsiyalar va zamonaviy taraqqiyot uyg‘unlashgan mamlakat sifatida ta’riflaydi.
Maqolada Samarqand, Buxoro va Xiva kabi shaharlar boy tarixiy merosi hamda o‘lkada amalga oshirilayotgan islohotlar zamonaviy davlat qurilishi bilan uyg‘un holda rivojlanayotgani ta’kidlanadi. Shuningdek, diyorimiz Sharq va G‘arb madaniy aloqalarida muhim markaz sifatida qayd etilgan.
Dilshod Hakimov, O‘zA