O‘zbekiston Islom sivilizatsiya markazining navbatdagi yutug‘i
O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi Ispaniyada o‘tkazilgan 10-yubiley Terres Travel Festival – Films & Creativity 2026 festivalida oltin mukofotga sazovor bo‘ldi.
Mazkur festivalda dunyoning 40 dan ortiq mamlakatidan audiovizual loyihalar ishtirok etdi. “Turistik xizmat” (Tourism Service) nominatsiyasidagi ushbu mukofot “Oskar” mukofoti sovrindori Ben Kingsli ishtirok etgan “Ma’rifat aks-sadosi” filmiga topshirildi.
O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi — O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning mega formatdagi loyihasi bo‘lib, islom sivilizatsiyasining ilmiy, ma’naviy va madaniy merosini o‘rganish, saqlash hamda dunyoga namoyish etishga qaratilgan.
Terres festivalining oltin mukofoti “Ma’rifat aks-sadosi” filmining xalqaro muvaffaqiyatlarini davom ettirdi. Film 2026-yilda New York Festivals hamda Kann korporativ media va televideniye festivali finalistiga aylangan, Belgraddagi SILKFEST 26 festivalida e’tirof etilgan va keyinroq Ispaniyada Terres oltin mukofotiga ega bo‘ldi. Ushbu loyiha O‘zbekistonni tarixiy xotira, ilm-fan, madaniyat va ma’rifat maskani sifatida namoyon etib, islom sivilizatsiyasining insoniyat tafakkuri rivojiga qo‘shgan hissasini ochib beradi.

Terres Travel Festival mamlakatlar va hududlarning turistik salohiyatini namoyon etadigan, ularning madaniy merosiga qiziqish uyg‘otadigan hamda xalqaro auditoriyani sayohat qilishga ilhomlantiradigan loyihalarni e’tirof etadi. Ushbu kontekstda “Ma’rifat aks-sadosi” filmi O‘zbekistonni nafaqat sayyohlik yo‘nalishi, balki tarix, madaniyat, ilm-fan va ma’naviy meros tutashgan buyuk olimlar, mutafakkirlar va kashfiyotlar zamini sifatida namoyon etadi.
Loyihada afsonaviy Ben Kingslining ishtiroki alohida o‘rin egallaydi. Aktyor “Gandi” filmidagi roli uchun “Oskar” mukofotiga sazovor bo‘lgan va jahon auditoriyasiga “Tabib” (The Physician) tarixiy dramasidagi Abu Ali ibn Sino (Avitsenna) obrazi orqali yaxshi tanish. “Ma’rifat aks sadosi” filmida Kingsli O‘zbekistonning yetuk olim va mutafakkirlariga murojaat qilib, ilm-fan, ta’lim, madaniyat va insoniyat tafakkuri rivojiga salmoqli hissa qo‘shgan islom sivilizatsiyasi haqida hikoya qiladi.
Terres oltin mukofoti O‘zbekiston islom sivilizatsiyasi markazining xalqaro yutuqlari qatorini boyitdi. 2026-yilda u Ginnesning rekordlar kitobiga “Islom sivilizatsiyasining eng yirik muzeyi” sifatida rasman kiritildi, TURKSOY esa uni “Turk dunyosining eng yaxshi muzeyi” deb tan oldi. 2025-yilda Markaz Yevropaning nufuzli “Prix Avicenne 2025” (Avitsenna mukofoti) bilan taqdirlangan mukofotini qo‘lga kiritgan edi. Bunga qo‘shimcha ravishda, Singapurda o‘tkazilgan Butunjahon halol turizm sammitida u “Yilning islomiy meros ob’ekti” mukofoti bilan taqdirlandi.

Terres Travel Festival Kataloniyaning Tortosa shahrida o‘tkaziladi va sayohatlar, turizm, madaniyat hamda hududlar haqidagi filmlarga bag‘ishlanadi. Festival CIFFT — Turizm filmlari festivallari xalqaro qo‘mitasining rasmiy a’zosi hisoblanadi. Mukofotlangan ishlar CIFFT Ranking – World’s Best Tourism Films reytingida ishtirok etadi.
N.Usmonova tayyorladi,
O‘zA