O‘zbekiston – Gruziya munosabati yangi bosqichda
O‘zbekistonning yaqin qo‘shni davlatlar bilan tashqi iqtisodiy aloqalari haqida gap ketganda, odatda e’tibor ko‘proq Rossiya, Qozog‘iston yoki Belarus kabi an’anaviy yirik sheriklarga qaratiladi. Binobarin, oxirgi yillarda Gruziya yo‘nalishi ham biz uchun alohida ahamiyat kasb etmoqda.
Buning sababi faqat ikki davlat o‘rtasidagi savdo hajmida emas. Ayni payt Gruziya Qora dengizga chiqish nuqtasi, Yevropa va Osiyoni bog‘lovchi tranzit zanjiridagi o‘rni, “O‘rta yo‘lak” loyihasidagi mavqei, shuningdek turizm, bank, logistika, axborot texnologiyalari va yuqori qo‘shilgan qiymatli mahsulot ishlab chiqarishdagi ishtiroki bilan ham muhim. 2025-yil mart oyida Prezident Shavkat Mirziyoyev Bosh vazir Irakliy Kobaxidzeni qabul qilar ekan, savdo-iqtisodiyot, investitsiya, transport-logistika, turizm va madaniyat sohalaridagi hamkorlikni kengaytirish masalasi diqqat markaziga chiqdi. 2024-yil tovar ayirboshlash 50 foiz oshgani, qo‘shma korxonalar soni va yuk aylanmasi ko‘paygani, poytaxtlar o‘rtasida to‘g‘ridan-to‘g‘ri havo qatnovi yo‘lga qo‘yilgani ta’kidlandi. Mamlakatimizda gruziyalik investorlar ishtirokida tashkil etilgan raqamli bank faoliyat yuritayotgani qayd etildi.
Shu jihatdan O‘zbekiston – Gruziya munosabatini shunchaki ikki davlat aloqasi emas, balki Markaziy Osiyoni Qora dengiz va Yevropa yo‘nalishi bilan bog‘laydigan geoiqtisodiy sheriklik sifatida baholash o‘rinli. 2025-yil mart oyida hamkor davlat hukumati tarqatgan rasmiy axborotda ham mamlakatlarimiz barqaror sherikligi, savdo hajmini yanada oshirish va Gruziyaning tranzit hamda bog‘lovchilik salohiyatidan to‘liq foydalanish muhimligi ta’kidlangan.
Kobaxidzening yurtimizga yuqorida aytib o‘tilgan tashrifi doirasida uyushtirilgan ikki davlat tashqi ishlar vazirlari Maka Bochorishvili va Baxtiyor Saidov uchrashuvida savdo-iqtisodiy munosabatni yanada rivojlantirish, “O‘rta yo‘lak” bo‘ylab birga harakatlanish, hukumatlar aro iqtisodiy komissiya ishini faollashtirish masalasi muhokama qilingan.
Keyinroq, 8-iyul kuni mamlakatimiz tashqi siyosat idorasi rahbarining Tbilisiga rasmiy tashrifi chog‘ida esa tashqi ishlar vazirliklari o‘rtasida 2025-2026-yillarga mo‘ljallangan hamkorlik dasturi imzolangan. Mazkur hujjat o‘zaro muntazam ravishda muvofiqlashuvni ta’minlashga qaratilgan. Oktyabr oyiga kelib poytaxtimizda navbatdagi siyosiy maslahatlashuv o‘tkazilgani ham umumiy sa’y-harakatning mantiqiy davomidir. O‘shanda tomonlar o‘zaro savdo aylanmasi o‘sish sur’atidan mamnunlik bildirgan, so‘nggi yillardagi o‘zgarish ijobiy baholangan, o‘zaro sayyohlar soni ham oshganiga urg‘u berilgan.
Savdo mundarijasi
Tahlil davomida bir jihatga e’tibor qaratish zarur: Gruziya bilan savdo aloqalrida hajm, miqdor emas, tarkib va geografiya dolzarb. Zero, bu o‘lka biz uchun yirik iste’mol bozori emas, balki boshqa uch muhim vazifani bajarishi mumkin. Birinchisi, Qora dengiz orqali Yevropa yo‘nalishiga chiqish nuqtasi; ikkinchisi, “O‘rta yo‘lak”dagi tranzit hamkor; uchinchisi, yuqori qo‘shilgan qiymatli kichik va o‘rta hajmli mahsulot, xizmat va logistika amaliyoti uchun qulay sherik. Ya’ni, Toshkent va Tbilisi munosabatida mazmun asosiy omil. Mutaxassislar ayni jarayonda hamkorlikni yirik xom ashyo savdosidan ko‘ra, transport, IT, moliya, turizm va sanoat almashinuvi orqali tezroq chuqurlashtirish mumkinligini ta’kidlaydi.
Transport va logistika
Tahlilchilar ko‘pincha “O‘rta yo‘lak”ni ustuvor yo‘nalish sifatida qayd etadi. Ikki tomonlama uchrashuvlarda bu yo‘lak doim Sharq va G‘arbni bog‘laydigan asosiy chiziq o‘laroq tilga olinadi. Xususan, siyosiy maslahatlashuv chog‘ida ham Gruziyaning mavjud salohiyati e’tirof etilib, respublikamiz ushbu davlatning tranzit imkoniyatidan to‘liq foydalanishga qiziqish bildirgan.
O‘zbekiston uchun Gruziyaning haqiqiy qiymati aynan Qora dengizga chiqish yo‘lida namoyon. Qozog‘iston shimoliy yo‘nalishdagi asosiy sherik bo‘lsa, Gruziya Kavkaz orqali g‘arbga chiqish nuqtasi hisoblanadi. Demak, Toshkent – Tbilisi munosabatida transport masalasi qo‘shimcha soha emas, balki uzviy tizimning iqtisodiy o‘zagidir. Kobaxidze ham mamlakati tranzit qobiliyati va bog‘lovchilik salohiyatini yuzaga chiqarish harakatida ekanini ochiq aytgan. Mazkur bayonot Gruziya o‘zini O‘zbekiston uchun oddiy savdo sherigi emas, balki qulay oraliq manzil sifatida taklif qilayotganini anglatadi.
Biznes va investitsiya
2025-yil biznes va sarmoya sohasida ham yangi umumiy infratuzilma vujudga kela boshladi. 8-9-oktabr kunlari Toshkentda “O‘zbekiston – Gruziya Ipak yo‘li” xalqaro biznes ko‘rgazmasi o‘tkazildi. Gruziya Savdo assotsiatsiyasi tashabbusi va O‘zbekiston Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi huzuridagi agentlik ko‘magida tashkil etilgan tadbirda 50 dan ziyod yetakchi xorijiy kompaniya vakillari ishtirok etib, qurilish, interer va dizayn, me’morchilik, mehmonxona uchun jihoz, to‘qimachilik, FMCG, qandolatchilik sohalarini qamrab olgan mahsulot va xizmatlar taklif qildi.
Rasmiy xabarga ko‘ra, tomonlar savdo, transport zanjiri, logistika, sarmoyaviy sheriklik va hududlar aro hamkorlik bo‘yicha keyingi qadamlarni belgilab oldi. Yana bir muhim yo‘nalish – moliya. Hozir mamlakatimizda gruziyalik sarmoyadorlar ishtirokida tashkil etilgan raqamli bank faoliyat yuritmoqda. Bu muhim misol hamkor davlat kapitali diyorimiz moliyaviy texnologiya sohasida ham faol ekanini ko‘rsatadi. Ayni jarayon keyinchalik to‘lov infratuzilmasi va raqamli xizmat eksportga yo‘l ochishi kutilyapti.
Turizm
Rivojlanib borayotgan aloqalarda turizm va to‘g‘ridan-to‘g‘ri havo qatnovi alohida ahamiyat kasb etadi. Ikki poytaxt orasidagi havo yo‘li asosiy infratuzilma sharoiti sifatida turizm, biznes va xizmat sektoridagi o‘sishni ta’minlamoqda. Ya’ni, Toshkent – Tbilisi avia reysi texnik emas, strategik ahamiyatga ega.
Turizm statistikasida o‘sish sezilarli. O‘zbekiston Milliy statistika qo‘mitasi ma’lumotiga ko‘ra, 2025-yil 17 300 nafar fuqaromiz Gruziyaga sayyoh bo‘lib borgan. Bu ko‘rsatkich 2024-yilga nisbatan 50,2 foiz oshgan.
Gruziya bilan hamkorlik nima uchun muhim?
Gruziya milliy statistika idorasi ma’lumotiga ko‘ra, 2025-yil mamlakat tashqi savdo aylanmasi 25,82 milliard dollarga yetgan. Shundan eksport 7,29 milliard dollar, import esa 18,53 milliard dollar. Bu raqamlar Gruziyaning o‘zi ulkan bozor emasligi, tashqi savdo va tranzitga esa ochiq ekanini ko‘rsatadi.
O‘zbekiston uchun bunday iqtisodiy muhitning ahamiyati shundaki, ushbu mamlakat orqali mahsulot, xizmat va logistika loyihalarini mintaqaviy va xalqaro zanjirga ulash mumkin. Boshqacha aytganda, Gruziya bilan sheriklik qiymati ichki bozor emas, balki tashqi yo‘nalishlarga ulanish imkoniyati bilan bog‘liq.
Xullas, Janubiy Kavkazdagi do‘stona sherik davlat hisoblangan Gruziya biz uchun Qora dengizga chiqish, Yevropa bilan bog‘lanish, “O‘rta yo‘lak”da mustahkamlanish va yuqori qo‘shilgan qiymatli hamkorlikni rivojlantirish uchun ham muhim hududga aylanmoqda.
Dilshod Hakimov, O‘zA