O‘zbekiston – Gruziya: fiskal islohotlar bo‘yicha hamkorlik rivojlanmoqda
O‘zbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va moliya vazirligi huzuridagi G‘aznachilik xizmati qo‘mitasi hamda Gruziyaning PMCG xalqaro konsalting kompaniyasi guruh rahbariyati o‘rtasida uchrashuv o‘tkazildi.
Unda tomonlar fiskal nomarkazlashtirish sohasida tadqiqot va tahlillarni amalga oshirish, shuningdek, mahalliy byudjetlarni isloh qilish strategiyasini ishlab chiqish masalalarini atroflicha muhokama qildi.
Qayd etilganidek, mahalliy ijro etuvchi hokimliklar hamda vakillik organlarining byudjetni boshqarishi muhim ahamiyatga ega. Shu sababli, unda mazkur sohasidagi vakolatlarini aniq belgilash, respublika va mahalliy byudjetlar o‘rtasida daromad va xarajatlarga oid mas’uliyatlarni aniq mezonlar asosida taqsimlash, tenglashtiruvchi, natijaga yo‘naltirilgan hamda shaffof qoidalarga asoslangan byudjetlararo munosabatlar tizimini joriy etish masalalari ham ko‘rib chiqildi.
Uchrashuvda byudjet transfertlari tizimi, ularning hududlar kesimida taqsimlanishi hamda transfertlar samaradorligini oshirish bo‘yicha yondashuvlar haqida ham so‘z bordi.
Vazirlik axborot xizmati ma’lum qilganidek, muloqot yakunida tomonlar davlat moliyasini boshqarish samaradorligini oshirish, byudjet jarayonlarini takomillashtirish hamda xalqaro ilg‘or tajribani keng joriy etish bo‘yicha hamkorlikni izchil davom ettirishga kelishib oldi.
N.Ziyodullayeva,
O‘zA