O‘zbekiston eksportchilari Germaniya tajribasini o‘rganmoqda
O‘zbekistonning tashqi bozorlarga chiqishida mahsulot sifati bilan bir qatorda, uning xalqaro texnik talab va standartlarga muvofiqligi ham hal qiluvchi ahamiyat kasb etmoqda. Shu nuqtai nazardan, Germaniyaning texnik jihatdan tartibga solish sohasidagi ilg‘or tajribasini o‘rganish mahalliy ishlab chiqaruvchilar va eksportchilar uchun muhim imkoniyatlarni ochishi mumkin.
O‘zbekiston Texnik jihatdan tartibga solish agentligi hamda Germaniya iqtisodiyotining Sharqiy qo‘mitasi vakillari o‘rtasida o‘tkazilgan onlayn uchrashuvda ana shu masalalar muhokama qilindi.
Muloqot davomida standartlashtirish, texnik reglamentlar, muvofiqlikni baholash, bozor nazorati, mahsulotlar xavfsizligi va savdodagi texnik to‘siqlarni bartaraf etish masalalari yuzasidan fikr almashildi.
Bugungi global bozorda mahsulot ishlab chiqarishning o‘zi yetarli emas. Eksportchi korxona mahsulotining sifatini xalqaro standartlar asosida tasdiqlay olishi, texnik reglamentlarga javob berishi va xavfsizlik talablariga rioya qilishi kerak. Shu bois texnik jihatdan tartibga solish tizimining takomillashuvi O‘zbekiston eksportchilari uchun yangi bozorlarga chiqish imkoniyatini kengaytiruvchi muhim omillardan biri hisoblanadi.
Uchrashuvda milliy ishlab chiqaruvchilar va eksportchilarning xalqaro bozorlarga chiqish imkoniyatlarini kengaytirish, mahsulotlar raqobatbardoshligini oshirish hamda ilg‘or xorijiy tajribani O‘zbekiston amaliyotiga joriy etish masalalariga alohida e’tibor qaratildi.

Muzokaralar yakunida noyabr oyida Toshkent shahrida O‘zbekiston tadbirkorlari va eksportchilari uchun maxsus amaliy trening-seminar hamda davra suhbati o‘tkazish bo‘yicha kelishuvga erishildi. Unda Germaniyaning sohada katta amaliy tajribaga ega ekspertlari ishtirok etishi rejalashtirilmoqda.
Tadbir doirasida texnik jihatdan tartibga solish, standartlashtirish, muvofiqlikni baholashning modul tizimi, bozor nazorati va mahsulotlar xavfsizligi bo‘yicha dolzarb masalalar muhokama qilinadi.
Ayniqsa, muvofiqlikni baholashning modul tizimi bo‘yicha tajriba almashish eksportchilar uchun amaliy ahamiyatga ega. Chunki mahsulotning muayyan bozor talablariga mosligini hujjatlashtirish va tasdiqlash tashqi savdoda muhim bosqichlardan biridir.
Natijada mahalliy korxonalar texnik talablarni oldindan hisobga olgan holda mahsulot ishlab chiqarish, sertifikatlashtirish jarayonlariga tayyorgarlik ko‘rish va eksport bozorlaridagi texnik to‘siqlarni kamaytirish bo‘yicha qo‘shimcha bilimlarga ega bo‘ladi.
Germaniya tajribasini o‘rganishning iqtisodiy ahamiyati shundaki, xalqaro standartlarga mos mahsulot ishlab chiqarish eksport hajmini oshirish bilan birga, mahalliy ishlab chiqaruvchilarning raqobatbardoshligini ham kuchaytiradi.
Ayniqsa, Yevropa bozorlariga chiqishni maqsad qilgan korxonalar uchun texnik reglamentlar, sifat standartlari va mahsulot xavfsizligi talablarini chuqur bilish muhim. Shu ma’noda, Germaniya bilan hamkorlikni oddiy tajriba almashish emas, balki o‘zbek mahsulotlarining tashqi bozorlarga chiqish salohiyatini oshirishga qaratilgan amaliy mexanizm sifatida baholash mumkin.
Tomonlar kelgusida o‘zaro manfaatli hamkorlikni izchil davom ettirish, tajriba almashishni kengaytirish va texnik jihatdan tartibga solish sohasida qo‘shma tashabbuslarni amalga oshirishga tayyor ekanliklarini bildirdi.
Shahnoza Mamaturopova, O‘zA