O‘zbekiston delegatsiyasi Paraosiyo o‘yinlarida umumjamoa hisobida ikkinchi o‘ringa ko‘tarildi
Yaponiyaning Aichi va Nagoya shaharlarida davom etayotgan Paraosiyo o‘yinlarining bugungi kunida para sportchilarimiz medallar shodasini taqdim etishda davom etmoqda.
Para pauerlifting ayollar o‘rtasida 61 kilogrammgacha bo‘lgan vazn toifasida ishtirok etgan Muslima Nuriddinova musobaqa g‘olibiga aylandi.
Para suzish bahslarining ayollar o‘rtasida “SB13” klassida 100 metrga brass usulida suzish bahslarida O‘zbekiston vakillari muvaffaqiyatli ishtirok etdi. Mubinabonu Xalilova 1:19.60 daqiqa natija bilan oltin medalni qo‘lga kiritgan bo‘lsa, Muslima Odilova 1:30.11 daqiqada marraga yetib kelib, bronza medaliga sazovor bo‘ldi.
Erkaklar o‘rtasida para suzish bo‘yicha erkaklar o‘rtasida SM8 klassida 200 metrga kompleks suzish bahslarida Azizbek Bo‘ynazarov g‘oliblikni qo‘lga kiritib, shohsupaning eng yuqori pog‘onasidan joy oldi. “S12” klassida 100 metrga orqaga suzish bahslarida hamyurtimiz Dmitriy Xorlin 1:05.77 daqiqa natija bilan uchinchi o‘rinni egallab, bronza medaliga sazovor bo‘ldi.
Para taekvondo bahslarida ayollar o‘rtasidagi 57 kilogrammgacha bo‘lgan vazn toifasida bronza medali uchun kechgan o‘zbek derbisida Kamolaxon Rasulova 2:1 hisobida Karima Meliqo‘ziyevadan ustun keldi.

Shuningdek, erkaklar o‘rtasidagi 63 kilogrammgacha bo‘lgan vazn toifasida bellashgan Zuhriddin Tohirov hamda 70 kilogrammgacha bo‘lgan vaznda Javohir Aliqulov shohsupaning uchinchi pog‘onasidan joy oldi.
Mazkur medallarlan so‘ng O‘zbekiston delegatsiyasi hisobidagi medallar soni 15 ta oltin, 17 ta kumush va 16 ta bronza medalga yetdi.
Javohir Toshxo‘jayev, O‘zA